O‘zbekistonda fertil yoshidagi ayollarning reproduktiv xulq-atvoridagi o‘zgarishlar va tug‘ilishning o‘sish omillari
Joriy yilning avgust-sentyabr oylari O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan BMT Aholishunoslik jamg‘armasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 viloyat va Toshkent shahrida 4 125 nafar reproduktiv yoshdagi ayollar orasida oiladagi farzandlar sonini belgilovchi omillar, oilalarning ijtimoiy, iqtisodiy va demografik holatlarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi.
Sotsiologik tadqiqotda birlamchi ma’lumotlar to‘plash metodi sifatida so‘rov usulining intervyu shaklidan foydalanildi. Tadqiqotning reprezentativligini ta’minlashda axborot-statistika bazasini O‘zbekiston Statistika qo‘mitasining ma’lumotlari tashkil etdi.
Tadqiqotning asosiy maqsadi O‘zbekistonda aholi orasida kuzatilayotgan tug‘ilishning yuqori darajasi omillarini aniqlash va reproduktiv yoshdagi ayollarning reproduktiv jarayondagi rolini baholashdan iborat. Tadqiqot maqsadidan kelib chiqqan holda quyidagi vazifalar qo‘yildi:
tadqiqotni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha sotsiologik tadqiqot dasturi va metodologiyasi ishlab chiqildi;
tadqiqot dasturi, maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda 30 ta savol, jumladan, 16 ta yopiq, 7 ta yarim ochiq, 4 ta jadvalli, 3 ta ochiq savollardan iborat so‘rov varaqasi shakllantirildi;
Toshkent shahrida so‘rov varaqasini sinovdan o‘tkazish maqsadida 52 nafar xotin-qizlardan so‘rov o‘tkazildi va pilotaj tadqiqot natijalari asosida anketaga o‘zgarishlar kiritildi;
reprezentativlik tamoyili asosida mamlakatning barcha hududiy birliklarini qamrab olgan maqsadli guruh (shahar va qishloq joylarida istiqomat qiladigan 16-46 yoshdagi xotin-qizlar) tadqiqot obyekti sifatida tanlandi;
tanlanma to‘plam hajmi 4 125 nafar respondentni, jumladan, 1926 nafari shahar, 2 199 nafari qishloqda istiqomat qiladigan respondentlarni tashkil etib, 15 ta shahar, 33 ta tuman, 204 ta mahallani, 31 ta yosh kogortalari (1976 yildan 2006 yilgacha bo‘lgan davrda tug‘ilgan, ya’ni 16-46 yosh) ni qamrab oldi.
Tanlash reprezentativlik asosida ko‘p bosqichli tartibda o‘tkazilib, uning mezoni sifatida hudud, shahar/tumanlarda yashaydigan ayollar soni olindi.
Birinchi bosqichda hududiy birliklarda shahar/tumanlarni tanlash tasodifiy-ehtimoliy bo‘lmagan tanlash asosida hududning geografik, etnik, madaniy bo‘linishi bo‘yicha amalga oshirildi. Aholisi ko‘p bo‘lgan hududlardan 4 ta tuman/shahar, aholisi kam bo‘lgan hududlardan esa 3 ta tuman/shahar tanlab olindi.
Ikkinchi bosqichda mahallalarni tanlash shahar joylarida tasodifiy tanlash, qishloq joylarida esa yarim-tasodifiy tanlash orqali, ya’ni tuman markazidan olisda joylashgan mahallalar orasidan tasodifiy tanlash usuli yordamida amalga oshirildi. Uchinchi bosqichda uy xo‘jaliklarini tanlash tasodifiy tanlashning mexanik usuli (qadam orqali tanlash) orqali amalga oshirildi. Tanlangan har bir mahallada xonadonlarni tanlashda 3 raqami qadam sifatida olindi. To‘rtinchi bosqichda esa dastlab respondentlarni tanlash ko‘zda tutilgan yosh kogortalari asosida oiladagi reproduktiv yoshdagi xotin-qizni tasodifiy tanlash orqali, so‘ngra esa muayyan yosh kogortasini tanlashni maqsad qilib qo‘ygan tasodifiy bo‘lmagan tanlashdan foydalanildi. Bitta uy-xo‘jaligidan 1 nafar respondent tanlandi.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlarning aksariyati oiladagi farzandlar soni 3-4 nafar bo‘lishini ma’qul ko‘rishi hamda farzandlar soni borasida an’anaviy tafakkur tarzi (60,1 %i ko‘p bolali oilalarda tarbiyalangan) muhim ahamiyat kasb etishi aniqlandi.
“Oilada nechta farzand bo‘lgani ma’qul?” degan savolga respondentlarning bergan javoblari tahlil qilinganda, 29,5 foiz respondentlar 4 nafar, 22,1 foizi 3 nafar va 15,3 foizi 2 nafar farzandni ma’qul ko‘rishlari aniqlandi. Mazkur javoblarning umumlashmasi 66,9 foizni tashkil etdi. 20,6 foiz xotin-qizlar esa bu borada xudoning istagi muhim ekanligini e’tirof etishgan. Yana muhim bir jihat xotin-qizlarning har uchtadan biri (32,2 %) ko‘p farzandli bo‘lishni istashi ularning turmush tarzi va o‘zbek mentalitetiga xosligi bilan izohlanmoqda.
Quyidagi keltirigan jadvalda ham tadqiqotda ishtirok etgan ayollarning o‘zi tug‘ilib o‘sgan oilasida nechta farzand bo‘lganidan qat’iy nazar, bugungi kunda 2 tadan 3-4 tagacha farzandga ega bo‘lishni ma’qul ko‘rishlari, shuningdek, ular orasida 4 farzandli bo‘lishni istaydiganlar ulushi nisbatan ko‘pligi namoyon bo‘ldi. Jumladan, respondentlar bilan suhbat davomida har bir jinsdan bir juft farzandga ega bo‘lish istagi ota-onasidan keyin bolalarning bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashi holati bilan izohlandi. To‘rt nafar va undan ko‘p farzand ko‘rishni rejalashtirish holati farzand ko‘rgunga qadar har uchinchi xotin-qizlarga (28,5 %) xosligi keyingi yillarda ham O‘zbekistonda demografik o‘sish sur’ati yuqori darajada saqlanib qolishidan darak bermoqda. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, 4 ta farzandli bo‘lishni istaganlar 28,5 foiz, 3 ta farzandli bo‘lishni istaganlar 18,0 foiz va 2 ta farzandli bo‘lishni rejalashtirganlar 16,0 foizni tashkil etdi. Farzandlar sonini belgilash Xudoning irodasiga bog‘liq ekanligini qayd etgan 16 foiz holatlarda uchradi.
Natijalar tahliliga ko‘ra, tadqiqotda ishtirok etgan farzandli ayollarning yana farzand ko‘rishni rejalashtirish to‘g‘risidagi fikrlari deyarli teng bo‘ldi, ya’ni 38,6 foizi yana farzand ko‘rishni rejalashtirishgan, 38,8 foiz ayollar esa boshqa farzand ko‘rishni istashmaydi. Shuningdek, 9,3 foiz xotin-qizlar bu borada aniq fikr ayta olishmadi. 13,3 foiz respondentlar bu ularning istagiga bog‘liq emasligini bildirishdi.
Bir farzandli onalar kelajakda yana 1 nafar (18,0 %), 2 nafar (22,3 %), 3 nafar (19,5 %), ikki farzandlilar 1 nafar (23,3 %) va 2 nafar (22,4 %), 3 farzandlilar 1 nafar (20,9 %) farzand ko‘rishni rejalashtirgani 3 va 4 farzand ko‘rish tendensiyasi kelajakda ham saqlanib qolishini yana bir bor namoyon qilmoqda. Bu natijalar umumlashtirilganda, O‘zbekistonda 47,3 foiz ayollar 4 nafar farzandli bo‘lishni, 38,6 foizi 3 nafar farzandli bo‘lishni rejalashtirishgani aniqlandi. Mazkur ikki ko‘rsatkich yig‘indisi 81 foizni tashkil etdi. Ko‘p farzandli, ya’ni 4 va undan ortiq farzandli bo‘lishni istovchilarning umumiy ulushi esa o‘z navbatida 53,1 foizni tashkil etadi.
Ma’lumotlar millatlar kesimida tahlil qilinganida mamlakatda o‘zbeklar va unga qardosh bo‘lgan millat vakillari (qirg‘iz (50,0 %), tojik (43,8 %), turkman (33,3 %) oilada 3-4 ta farzand ko‘rishni rejalashtirgani, har ikkinchisining esa bu borada taqdirga ishongani Markaziy Osiyoda yashovchi aksariyat millatlarning tafakkur tarzi, qadriyatlari, turmush tarzi, diniy qarashlari (rus va arman millatidan tashqari) yakdilligi, shuningdek, O‘zbekistondagi aksariyat xalqlarning madaniyatidagi assimilyatsiya jarayoni dominant madaniyat (o‘zbek) tomoniga og‘ishi bilan izohlanadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlar birinchi farzandini asosan 20-24 yosh oralig‘ida dunyoga keltirishni ma’qul ko‘rishlari erta tug‘ilishlarni qo‘llab-quvatlamasliklarini anglatadi.
Bu yosh oralig‘idagi umumiy jamlanma 43,6 foizni tashkil etgan holda uning orasida eng katta ulush 20 yosh (13,6 %), keyin esa 21 yosh (9,2 %) va 22 yosh (9,1 %) hisobiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 27,1 foiz xotin-qizlar bu haqda o‘ylab ko‘rmaganliklarini, 13,2 foizi esa buni taqdir bilan bog‘lashlarini bildirishdi.
Tadqiqot natijalari mamlakatda so‘nggi farzandni dunyoga keltirishning eng maqbul yosh oraliqlari 26-30 yosh (17,7 %) va 31-35 yosh (17,1 %) ekanligini ko‘rsatdi. Mana shu 10 yosh (26-35 yosh) oralig‘ida so‘nggi farzandni ko‘rish to‘g‘risidagi fikrlarning umumiy ulushi deyarli 35 foizni (34,8 %) tashkil etdi. Shu bilan birga, deyarli 10 foiz respondentlar so‘nggi farzandni 36-40 yosh oralig‘ida ko‘rishni istashadi. 30,0 foiz xotin-qizlar bu to‘g‘risida hali o‘ylab ko‘rmaganliklari, 19,0 foizi bu holat ularning istaklariga bog‘liq emasligini (xudoning irodasi va erning istagi fikrlari yig‘indisi) qayd etishdi.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonlik xotin-qizlarning deyarli yarmi oilada farzandlar sonini rejalashtirmagani oilada farzandlar sonining ko‘p bo‘lishiga olib kelgan holda ayollar salomatligiga va umr davomiyligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida baholanishi mumkin.
Respondentlardan birinchi va so‘nggi farzandni necha yoshda ko‘rishni istashlari so‘ralganda, ularning bu haqda o‘ylab ko‘rmaganliklari (mos ravishda 27,1 va 30,0 %), ularning istaklariga bog‘liq emasligini (xudo necha yoshda bersa (13,2 %va 17,7 %) va erim istagan yoshda (0,4 % va 1,3 %)) bildirishdi.
O‘zbekistonda ko‘p farzandlilikning asosiy omili an’anaviy tafakkur tarzida shakllangan farzandlarning, ayniqsa, o‘g‘il farzandlarning ota-ona farovon keksaligining tayanchi, asosi sifatida ko‘rilishi bilan izohlash mumkin.
Respondentlardan ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy sababi so‘ralganida, ularning ota-onalarga keksalikda tayanch bo‘lishi holati asosiy omil sifatida aksariyat ayollar tomonidan aytib o‘tildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ayrim holatlarda oilada o‘g‘il farzand ko‘rish istagi farzandlar sonining ko‘p bo‘lishiga olib keluvchi asosiy omil hisoblanadi. Chunki azaldan Markaziy Osiyo, jumladan, o‘zbek xalqida o‘g‘il farzand nasl davomchisi va merosxo‘r sifatida gavdalanadi.
Qo‘shimcha omillar sifatida ko‘p farzandlilikning oila mustahkamligiga (32,2 %), farzandlar tarbiyasiga ijobiy ta’siri (19,7 %), qarindosh va atrofdagilar singari ko‘p farzandli bo‘lish istagi (12,3 %) diniy e’tiqod (9,0 %) hamda rejalashtirilmagan homiladorlik (4,3 %) holatlari namoyon bo‘ldi.
Qayd etish lozimki, javoblarda diniy omil ko‘p holatlarda farzandlar sonining ko‘p bo‘lishida qo‘shimcha omil sifatida baholangan bo‘lsada, har o‘ninchi (10,6 %) respondentning mazkur omilni asosiy omil sifatida ham baholagani jamiyatda diniy me’yor va qadriyatlarning o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishi mumkin.
Diniy omilni baholash maqsadida savolnomada qator savollar qo‘yilgan bo‘lib, uning javoblari natijasida ayollar o‘rtasida diniy e’tiqod ko‘p hollarda milliy qadriyat va an’anaviy tafakkur tarzi elementi sifatida namoyon bo‘lib, reproduktiv xulq-atvorini belgilab bermasligini ko‘rsatmoqda.
Xotin-qizlarning 85 foizi farzandli bo‘lishni rejalashtirishda diniy e’tiqodlarining ta’siri bo‘lmaganini e’tirof etishgani mamlakatda aksariyat ayollarning reproduktiv xulq-atvoriga diniy omil birlamchi ta’sirga ega emasligini, e’tiqod ularning tafakkur tarzida o‘z ifodasini topgan bo‘lsada, farzandlar sonini rejalashtirishdagi qarorlarida aksariyat holatlarda aks etmasligini namoyon qilmoqda.
Ayollarning o‘z reproduktiv xulq-atvorini o‘zi belgilashi, oilada nechta farzand ko‘rishni rejalashtirishi holati ularning ma’lumotlilik darajasi yuqori bo‘lishi barobarida o‘sgani mamlakatdagi xotin-qizlarning ta’lim (ma’lumotlilik) darajasi oiladagi farzandlar soni borasida ratsional qarorga kelishiga ta’sir ko‘rsatishini anglatadi.
Shunga ko‘ra, farzandlar soni o‘zining qaroriga bog‘liq emasligi holati boshlang‘ich va to‘liqsiz o‘rta ma’lumotli ayollarda eng yuqori ko‘rsatkichni namoyon qildi (37,2 %). O‘rta ma’lumotli xotin-qizlarda bu ko‘rsatkich 29,3 foizni, o‘rta maxsus ma’lumotlilarda 29,9 foiz va oliy ma’lumotli respondentlarda 26,5 foizni tashkil etdi.
Azaldan Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlarga ko‘p farzandlilik xususiyati xos bo‘lgan. Shunga ko‘ra oilalarda 7 va undan ko‘p farzand ko‘rish tabiiy holat sifatida ko‘p uchragan. Mazkur holat o‘zbek xalqining an’anaviy turmush tarzi va milliy mentalitetining o‘ziga xos jihati sanaladi. Tadqiqot natijalari asosida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda mamlakat ayollarining ma’lumotlilik darajasidan qat’iy nazar aksariyati oilada 3 va 4 farzand bo‘lishini istashgani, jamiyatda saqlanib kelayotgan an’anaviy tafakkur va turmush tarzi (ko‘p farzandlilik), zamon talabi hamda iqtisodiy omilning o‘zaro ta’siri va natijasi sifatida shakllangan eng maqbul holat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shunga ko‘ra, oiladagi farzandlar soni borasida oliy ma’lumotli ayollarning har ikkinchisi 3 va 4 farzand bo‘lishini ma’qul ko‘rishsa, bu borada o‘rta maxsus ma’lumotli, o‘rta ma’lumotli va boshlang‘ich/to‘liqsiz o‘rta ma’lumotli respondentlarning fikrlari 2-3 foiz farq bilan o‘xshash natijani ko‘rsatdi.
Jamiyatda 3 va 4 nafar farzand ko‘rishni istovchilar ulushi nisbatan ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsada, ikki farzand bitta oila uchun yetarli ekanini ma’qul ko‘ruvchilar ham borligi kelajakda ma’lumotlilik darajasi, ayollarning bandligi ta’sirida ularning ham miqdori o‘sishi borasida bashorat qilish mumkin.
Olingan natijalarga ko‘ra, har yettinchi respondent (15,3 %) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli degan fikrni bildirgan. Bunda ayollarning boshlang‘ich va to‘liqsiz o‘rta ma’lumotli ayollarga nisbatan ma’lumoti yuqori bo‘lgan ayollarning ulushi nisbatan ko‘pligi kuzatildi.
Tadqiqot davomida olingan natijalar so‘nggi olti yil davomida mamlakatning turli sohalaridagi o‘zgarishlar aholining turmush darajasi hamda kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini namoyon qildi.
Respondentlarning javoblarida ularning aksariyati (88,5 %) ertangi kunga ishonch bilan boqishi va kelajakda yaxshi natijalarga erishishiga ishonishadi. Shuningdek, 76,1 foizi mamlakatda diniy masalalarda harakatlar erkinligi ijobiy tomonga o‘zgarganini aytib o‘tishgan. Har ikkinchi ayol ularning ishga joylashish hamda ish faoliyati bilan band bo‘lish imkoniyatlari ortganini ta’kidlashgan. Respondentlarning yarmi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, jumladan, ko‘p farzandli oilalarga imtiyozlar va ko‘mak berish holati oshganini bildirishgan. Ayollar reproduktiv salomatligi va xulq-atvorini shakllantirish masalasida tegishli muassasalar tomonidan xotin-qizlar masalalariga bo‘lgan e’tibor ortganini har ikkinchi respondent e’tirof etgan, mos ravishda 48,9 va 57,0 foizni tashkil etdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, iqtisodiy holatidan qat’iy nazar har uchinchi respondent 4 ta farzand ko‘rishni istashi keyinchalik oilaning moddiy jihatdan ayrim qiyinchiliklarga uchrashiga olib kelmoqda.
Natijalarga ko‘ra, respondentlarning so‘nggi olti yil davomida moddiy ahvoli ma’lum darjada yaxshilangan ayollarning aksariyati 2-4 nafar farzand ko‘rishni o‘zlari uchun ma’qul ko‘rib, ular orasida 4 nafar farzandli bo‘lishni istaganlar nisbatan ko‘pligi kuzatildi. Shuningdek, moddiy ahvoli keskin yomonlashgan respondentlarning bu boradagi rejalari ham 2-4 nafar farzandni o‘z ichiga olsada, ularning salmoqli qismini 2 nafar farzand ko‘rishni istovchilar tashkil etadi.
Tahlillarga ko‘ra, respondentlarning oilada nechta farzand bo‘lishidan qat’iy nazar aksariyati oilaning moddiy holati so‘nggi yillarda yaxshilanayotganini e’tirof etgani o‘zbek xalqida oilada farzand omili moddiy barqarorlikni ta’minlashda kuchli motivatsiya ekanligidan darak beradi.
Bugungi kunda aksariyat 1 tadan 3 tagacha farzandlari bor oilalarda moddiy holat nisbatan barqarorligi, 4 nafar farzandga ega bo‘lgan ayollarning oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda ayrim qiyinchiliklar borligini O‘zbekiston uchun 2 va 3 nafar farzand ko‘rish oilalarning moddiy holati va demografik o‘sish nuqtai nazaridan maqbul holat ekanligini ko‘rsatmoqda.
XULOSA
O‘zbekistonda xotin-qizlarning aksariyati oiladagi farzandlar soni 3-4 nafar bo‘lishini ma’qul ko‘rishi, ular orasida 4 nafar farzandni dunyoga keltirishni rejalashtirganlar ulushi nisbatan ko‘pligi hamda farzandlar sonini rejalashtirishda ayollarning an’anaviy tafakkur tarzi (60,1 %i ko‘p bolali oilalarda tarbiyalangan) muhim ahamiyat kasb etishi aniqlandi. O‘zbekistonda har ikkinchi ayolning 2 tadan 4tagacha va undan ko‘p farzand ko‘rishni rejalashtirishi, qolganlarining esa bu borada o‘z taqdiriga va turmush o‘rtog‘ining xohishiga tayangan holda farzand ko‘rishni istashlarini aytganlari keyingi yillarda ham mamlakatda demografik o‘sish sur’ati barqaror saqlanib qolishidan darak beradi.
Jamiyatda 3 va 4 nafar farzand ko‘rishni istovchilar ulushi nisbatan ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsada, ikki farzand bitta oila uchun yetarli ekanini ma’qul ko‘ruvchilar ham borligi kelajakda ma’lumotlilik darajasi, ayollarning bandligi hamda iqtisodiy omil ta’sirida ularning ham miqdori o‘sishi borasida bashorat qilish mumkin. Ammo mazkur jarayon ayollar va ularning turmush o‘rtoqlari, oila a’zolari tafakkur tarzining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun uzoq yillarni talab etadi.
O‘zbekistonda xotin-qizlar birinchi farzandini asosan 20-24 yosh, so‘nggi farzandni esa 26-30 yosh (17,7 %) va 31-35 yosh (17,1 %) oraliqlarida dunyoga keltirishni ma’qul ko‘rishlari erta va kech tug‘ruqlarni qo‘llab-quvatlamasliklari, o‘z va farzandlari salomatligi haqida qayg‘urishlari ijobiy ko‘rsatkich sifatida baholandi.
O‘zbekistonlik xotin-qizlarning deyarli yarmi oilada farzandlar sonini rejalashtirmagani ko‘pfarzandlikka sabab bo‘luvchi, shuningdek, ayollar salomatligiga, umr davomiyligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida baholanishi mumkin. Ko‘pfarzandlilikning ayol salomatligiga salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida nafaqat ayollar bilan, balki oilalar bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda farzanlar sonini rejalashtirishning muhimligini tushuntirish maqsadga muvofiq.
O‘zbekistonda ko‘p farzandlilikning asosiy omili an’anaviy tafakkur tarzida shakllangan farzandlarning, ayniqsa, o‘g‘il farzandlarning ota-ona farovon keksaligining tayanchi, merosxo‘r va nasl davomchisi sifatida ko‘rilishi bilan ham izohlash mumkin.
Ko‘p farzandlilikning oila mustahkamligiga (32,2 %), farzandlar tarbiyasiga ijobiy ta’siri (19,7 %), qarindosh va atrofdagilar singari ko‘p farzandli bo‘lish istagi (12,3 %) diniy e’tiqod (9,0 %) hamda rejalashtirilmagan homiladorlik (4,3 %) holatlari qo‘shimcha sabablar sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida diniy e’tiqod ko‘p hollarda milliy qadriyat va an’anaviy tafakkur tarzi elementi sifatida namoyon bo‘lib, aksariyat hollarda reproduktiv xulq-atvorini belgilab bermasligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birgalikda har o‘ninchi (10,6 %) respondentning uni asosiy omil sifatida baholagani jamiyatda diniy me’yor va qadriyatlarning o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishi mumkin.
Mamlakat ayollarining ma’lumotlilik darajasidan qat’iy nazar aksariyati oilada 3 va 4 farzand bo‘lishini istashgani, saqlanib kelayotgan an’anaviy tafakkur va turmush tarzi (ko‘pfarzandlilik), iqtisodiy omilning o‘zaro ta’siri va natijasi sifatida jamiyatda shakllangan eng maqbul holat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Iqtisodiy holatidan qat’iy nazar va uni inobatga olmagan holda har uchinchi respondent 4 ta farzand ko‘rishni istashi keyinchalik oilaning moddiy jihatdan ayrim qiyinchiliklarga uchrashiga olib kelishi xotin qizlar o‘z reproduktiv xulq-atvorini rejalashtirganda iqtisodiy omilni inobatga olish zarurati borasida ijtimoiy reklama va roliklar orqali tushuntirish ishlari olib borish.
Bugungi kunda aksariyat 1 tadan 3 tagacha farzandlari bor oilalarda moddiy holat nisbatan barqarorligi, 4 nafar farzandga ega bo‘lgan ayollarning oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda ayrim qiyinchiliklar borligini O‘zbekiston uchun 2 va 3 nafar farzand ko‘rish oilalarning moddiy holati va demografik o‘sish nuqtai nazaridan maqbul holat ekanligini ko‘rsatmoqda.