“Aqllarning chiqib ketishi” muammosi va uni hal qilish yo‘llari

     Aholi migratsiyasining yuqori yoki past intensivligi nafaqat demografik vaziyatni o‘zgartiradi, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ko‘plab asosiy parametrlariga ham faol ta’sir ko‘rsatadi. Muayyan hududda yuzaga kelgan vaziyatga qarab, migratsiya bandlik va ishsizlik, transportning ko‘pligi, iste’mol bozori parametrlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashi yoki murakkablashtirishi, shuningdek kriminogen vaziyatning ko‘rinishini o‘zgartirishi, ijtimoiy keskinlik, shu jumladan, millatlararo va diniy ziddiyatlarning jadalligini kamaytirishi yoki oshirishi mumkin. Bundan tashqari, immigratsiya va emigratsiya jarayonlari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgani holda nafaqat migratsiya saldosining tabiati va hajmini belgilaydi, balki uning demografik tahdidlarini kuchaytirgani yoki yumshatgani holda aholi tabiiy harakatining natijalarini ham to‘ldiradi. Aholining hududiy harakati tarkibida xufyona iqtisodiyotning qo‘llab-quvvatlanishi, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va hokazolar natijasida davlatga zarar yetkazayotgan noqonuniy muhojirlar alohida xavf tug‘diradi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, jamiyatning strategik maqsadlari va vazifalariga mos kelmaydigan (va, tabiiyki, mavjud nomutanosibliklar va muammolarni kuchaytiradigan) ichki va tashqi migratsiya oqimlari nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish samaradorligini keskin pasaytiradi, balki milliy xavfsizlik manfaatlariga bevosita zid kelishi mumkin.

Shuningdek, migratsiya quyidagi xavf-xatar va tahdidlarni keltirib chiqaradi:

  • “aqllarning chiqib ketishi” mamlakatning ilmiy va texnik salohiyatiga xavf soladi;
  • mehnatga layoqatli yoshdagi aholining emigratsiyasi iqtisodiy xavfsizlikka, shu jumladan, mehnat bozoriga demografik ta’sirni kuchaytiradi;
  • ichki mintaqaviy va mintaqalararo migratsiya, mintaqalarning iqtisodiy va mehnat salohiyatiga zarar keltiradi;
  • muhojirlarning muayyan hudud doirasida haddan ziyod to‘planishi moslashish, ishsizlik, mehnatga haq to‘lash, tub aholi va muhojirlar marginalizatsiyasi muammolarini keskinlashtiradi;
  • soliq to‘lashdan qochish va xorij valyutasini sotib olib, keyin uni vataniga o‘tkazish hisobidan moliyaviy, shu jumladan, valyuta mablag‘larining chiqib ketishi mamlakatning tashqi iqtisodiy va moliyaviy ahvoliga tahdid soladi;
  • noqonuniy faoliyatga jalb qilingan nolegal muhojirlar iqtisodiyotning kriminallashuvi xavfini soladi, bozor raqobati uchun sharoitlarning tenglashtirilishiga to‘sqinlik qilgani holda mehnat bozorini izdan chiqaradi;
  • nolegal migrantlar (ular oilalari) sonining o‘sishi qabul qiluvchi mamlakatning ijtimoiy infratuzilmasi (sog‘liqni saqlash, ta’lim va h.k.)ga bosimni sezilarli darajada oshiradi, bu tub aholining salbiy munosabatini kuchaytirib, mahalliy budjetlarga yuklamani oshiradi. Rejali iqtisodiyot sharoitida bu hol mablag‘larni qayta taqsimlash zaruratini keltirib chiqaradi, bozor iqtisodiyoti sharoitida esa narxlar va tariflarni oshiradi;
  • xalqaro migratsiya natijasida transchegaraviy tahdidlar – terrorizm, ekstremizmning tarqalish xavfi kuchayadi, ya’ni bunda tashqi mehnat migrantlari terroristik va ekstremistik guruhlar safini to‘ldiruvchi ijtimoiy baza bo‘ladi;
  • migrantlar sonining ko‘payishi kontrabanda, eng avvalo, narkotik va boshqa man etilgan tovarlarning fuqarolar orasida aylanishiga olib keladi. Uyushgan jinoyatchilikning yo‘nalishlari orasida asosiy o‘rinnni odam savdosi, ayollar va bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasi, migrantlarning noqonuniy olib kirilishi va shu kabilar egallaydi;
  • xalqaro migratsiya kasalliklar, ayniqsa yuqumli kasalliklar (OIV, OITS, COVID-19)ning tarqalish xavfini oshiradi.

     O‘zbekistondagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolarni hisobga olgan holda, migratsiyani tartibga solish muammolariga ko‘proq e’tibor qaratish lozim, chunki yuqorida sanab o‘tilgan tendensiyalarning saqlab qolinishi iqtisodiyotning mustaqil va barqaror rivojlanish asoslarining yo‘qotilishi bilan barobar. Oliy ma’lumotli mutaxassislar emigratsiyasi (aqllar chiqib ketishi)ni to‘xtatish demografiya sohasidagi iqtisodiy xavfsizlikka tahdidlarni kamaytirish yo‘llaridan biri hisoblanadi. Oliy ma’lumotlilar emigratsiyasini Keniya misolida ko‘radigan bo‘lsak, mamlakatni 170 dan ortiq yuqori malakali shifokorlar tark etgan bo‘lib, ularning 44 foizi Buyuk Britaniyaga, 56 foizi esa AQShga ishga joylashgan. Keniyada har bir shifokorni tayyorlash uchun o‘rtacha 65 997 (boshlang‘ich ta’limga $ 10 963, o‘rta ta’limga $ 6 865, oliy ta’limga $ 48 169) AQSh dollari sarflanadi. Mamlakatdan jami 170 nafar shifokorning xorijga ishga ketishi 11 219 490 AQSh dollari miqdorida yo‘qotish bo‘layotganini anglatadi. Shuningdek, mamlakatdan shifokorlar ketishining ijtimoiy zararlari, mamlakatda turli kasalliklarning, ayniqsa 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasalligi va ularning bevaqt o‘limining ortishi achinarli holatdir. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, respublikada doimiy yashash uchun xorijga ko‘chib ketayotganlar tarkibida oliy ma’lumotlilar ulushi 16,1 foizni tashkil etadi. 2010-2019 yillar davomida  respublikada doimiy yashash uchun xorijga ko‘chib ketayotganlar soni – 55,5 foizga, oliy ma’lumotlilar emigratsiyasi – 64,1 foizga kamaygan. Ammo Keniya mamlakatida 170 nafar shifokorning xorijga ishga ketishi 11 219 490 AQSh dollari miqdorida iqtisodiy yo‘qotishga olib kelgan bo‘lsa, O‘zbekistonda 2019 yilda 1778 nafar oliy ma’lumotli mutaxassislarning boshqa mamlakatlarga doimiy ko‘chib ketishi Keniyaga qaraganda 10 barobar ko‘p yo‘qotishga olib kelgan, deb xulosa qilish mumkin. Xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar tarkibida ayollar ulushi ustunlik qilmoqda.  Xususan, 2010 yilda ayollar ulushi 53,8 foizni, 2050 yilda – 61,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu davrda erkaklar ulushi mos ravishda 46,2 va 38,6 foizga teng bo‘lgan. Bizningcha, yuqori malakali mutaxassislarning chiqib ketishini to‘xtatish maqsadida mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini rag‘batlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotgan tadbiq etish zarur (jadval).

Jadval

Yuqori malakali mutaxassislarning chiqib ketishini to‘xtatish maqsadida mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini rag‘batlantirish dasturlari

Yuqori malakali mutaxassislarni davlat tomonidan samarali tartibga solishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar

Xorijiy mamlakatlarning muvaffaqiyatli tajribasi asosida amaliy tavsiyalar

Aholi turmush darajasidan qoniqmaslik

 

O‘zbekistonga chet el kapitali oqimini to‘plash, soliq rejimini yengillashtirish, kichik va o‘rta biznesni kreditlash, xorijiy sheriklar bilan qo‘shma korxonalar qurish, bu tovar va xizmatlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlaydi, kapitalning qaytarilishiga, xorijiy texnologiyalarning joriy etilishiga, ilmiy-innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

Iqtisodiy erkinlik darajasidan qoniqmaslik

 

Davlat tomonidan kafolatlangan huquqiy rejimni ta’minlash, majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, byurokratiyani kamaytirish va amalga oshiriladigan operatsiyalarning shaffofligini ta’minlash uchun axborot texnologiyalarini joriy yetish, bu O‘zbekistonning kichik va o‘rta biznesni tashkil etish uchun yetarli bo‘lmagan jozibadorligiga barham beradi.

Egallagan kasbidagi daromad darajasidan qoniqmaslik

 

– O‘zbekiston iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish uchun ilm-fan va ta’lim sohasidagi, shuningdek ustuvor kasblarning yuqori malakali mutaxassislari ish haqini mintaqa bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori darajagacha oshirish, bu mazkur sohalar mutaxassislarining ketishini kamaytirish va kelajakda ularning taqchilligini qisman qoplash imkonini beradi;

–  yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, infratuzilma va kasbiy muhitni rivojlantirishga investitsiyalar kiritish, soliq siyosatiga tuzatishlar kiritish, bu malaka darajasi va egallab turgan lavozimning nomuvofiqligini kamaytirish va “aqllarni yo‘qotish” muammosini qisman bartaraf etish imkonini beradi.

Ijodiy va kasbiy qobiliyatlarni amalga oshirishning murakkabligi

 

Xalqaro professional hamjamiyat bilan aloqalarning mustahkamlanishini ta’minlash, multimilliy loyihalarni yaratish, bu professional muhitdagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi hamda tajriba va bilimning faol almashinuvini ta’minlaydi.

Siyosiy vaziyatdan qoniqmaslik

 

Fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash va jamlash, fuqarolarning xavfsizligini, huquq va erkinliklarining himoya qilinishini ta’minlash, siyosiy tizimni demokratlashtirish, bu mamlakatdagi siyosiy vaziyatdan qoniqmaslik tufayli yuqori malakali mutaxassislar va mehnatga layoqatli yosh aholining chiqib ketishini kamaytiradi.

    “Aqllarning chiqib ketishi” muammosining hal qilinishi mahalliy ilmiy-texnik va ishlab chiqarish salohiyatining rivojlanish darajasini saqlab qolish imkonini beradigan aniq chora-tadbirlarni talab qiladi. Buning uchun quyidagi choralarni ko‘rish zarur:

  • yuqori malakali mutaxassislar manfaatlarini himoya qilish uchun ularning emigratsiyasi sohasidagi huquqiy va qonunchilik bazasini takomillashtirish;
  • chet eldan qaytib kelayotgan mutaxassislarning moslashishini soddalashtirish dasturlarini yaratish: eng istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlari va eng iste’dodli fan arboblarini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalarni shakllantirish, moddiy imtiyozlar va ilmiy preferensiyalar;
  • intellektual sifatni hisobga olgan holda mehnat bozorini yosh mutaxassislar uchun ish o‘rinlari bilan ta’minlash;
  • olimlarni davlat dasturlari va imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni uy-joy bilan ta’minlash, shuningdek, yashash sharoitlarini yaxshilash uchun ularga subsidiyalar berish;
  • mamlakat ilmiy-texnik salohiyatining hajm parametrlarini oshirish, olimlarning ishlashi uchun infratuzilma va maxsus bazalar yaratish va h.k.
O'xshash ma'lumotlar