Ayollar mehnat migratsiyasining asosiy oqimlari va zamonaviy yo’nalishlari

     Xalqaro mehnat migratsiyasining zamonaviy xususiyatlaridan biri bu uning-feminizatsiyalashuvidir. Og‘ir jismoniy mehnat talab qilmaydigan sohalarning, xususan xizmat ko’rsatish tarmoqlarining rivojlanishi va bandlik tarkibining transformatsiyalashuvi kabi jahon iqtisodiyotidagi tarkibiy o’zgarishlar, xususan xizmat ko’rsatish sohalarining rivojlanishi global mehnat migratsiyasining muhim bir qismiga aylangan ayollar mehnat migratsiyasining shakllanishiga va rivojlanishiga turtki berdi. Bandlik tarkibidagi bunday transformatsiyalashuv bilan bir qatorda rivojlangan mamlakatlarda tug‘ilishning kamayishi va kishilarning o’rtacha umr ko’rish davomiyligini ortishi qariyalar sonining ko’payishiga va ularni parvarishlovchilarga, mazkur mamlakat aholisining moddiy farovonligini yaxshilanishi va ayollarning jamiyat hayotidagi ishtirokining faollashuvi esa, uy xizmatchilariga bo’lgan talabning ortishiga olib keldi. Ayollar mehnat migratsiyasining rivojlanishiga bir qancha omillar ta’sir ko’rsatmoqda. Tahlillarning ko’rsatishicha, Rossiyadan Qirg‘izistonga yo’naltirilgan mehnat migratsiyasining 40%ini, Tojikiston va O’zbekistonda esa, 20%ga yaqini ayollar mehnat migratsiyasi tashkil etadi[1].

Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, ayolllar mehnat migratsiyasining sabablari mamlakatlar kesimida farqlanadi. Masalan, tojikistonlik va qirg‘izistonlik ayol mehnat migrantlari uchun daromad topish, oila qurish va shahsiy hayotini yo’lga qo’yish kabi omillar, boshqirdistonlik ayol migrantlar uchun esa, farzandlariga ta’lim va tarbiya berish, uy-joy qilish, qarzlarda qutilish, yaqin kishilarini davolatish uchun daromad topish kabi holatlar ularning boshqa mamlakatga borib ishlari uchun turtki bermoqda[2]. Empirik tadqiqotlarning natijasiga ko’ra, respondentlarning 84%i ayollar mehnat migratsiyasi ularning hayoti va karerasi uchun ijobiy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlasa, respondentlarning 62,4 %i esa, mazkur jarayon resipient mamlakat va hudularga ijobiy ahamiyat kasb etishini ta’kidlaganlar[3]. 2021 yil holatiga ko’ra, dunyo bo’ylab migrantlar soni 281 million kishini, ularning 48%ini ya’ni, 135 milionini ayol migrantlar tashkil qiladi.

Manba: Key global migration figures, 2019-2022.IOM UN migration 2022, October 13

Dunyo bo’ylab aynan mehnat migrantlari esa, 169 million kishini tashkil qilgan bo’lib, ularning 41,5%ini, ya’ni 70,1 millionini ayollar tashkil qilgan[4]. Jami migrantlar tarkibida ayollarning ulushini mintaqalar kesimida tahlil qilar ekanmiz, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan tashqari barcha mintaqalarda mazkur ko’rsatkichning o’sganini guvohi bo’lamiz.Xususan, 1990-2020 yillar orasida Shimoliy Amerika mintaqasida 51,1%dan 51,8%gacha, Afrika mintaqasida 46,7%dan 47,1%gacha, Janubiy Osiyo mintaqasida 47,8%dan 49%gacha, Lotin Amerikasi mintaqasida 48,8%dan 49,5%gacha,  Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida o’sish,44,1%dan 46,8%gacha o’sish, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida esa 48,6%dan 41,8%ga qisqarish kuzatilgan.

Ayol mehnat migrantlarni bevosita mintaqalar bo’yicha joylashuvga e’tibor berar ekanmiz, 31%i Shimoliy Amerika va 38%i Yevropa mintaqasida joylashgan.

Mamlakatlarning rivojlanganlik darajasi ayol migrantlar ulushiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi.Xususan, ayol migrantlarlarning ulushi quyi daromadli mamlakatlarda  49,6%dan 49,8%gacha ortgan bo’lsa, o’rta daromadli mamlakatlarda 48,3%dan 45,6%ga hamda o’rta daromadlidan yuqori bo’lgan mamlakatlarda 48,7%dan 42,8%gacha qisqargan. Ayol mehnat migrantlarining 69,7%i yuqori daromadli, 19,2%i o’rtachadan yuqori daromadli, 8,3%i o’rtachadan quyi daromadli hamda 2,8 %i quyi daromadli mamlakatlarda faoliyat ko’rsatadilar. 1990-2019 yillar davomida jami migrantlar tarkibida ayollarning ulushi 75 ta mamlakatda kamida 1%ga, 22 ta mamlakatda esa, kamida 5%ga o’sgan.O’z o’rnida ularning ulushi 67 ta mamlakatda kamida 1%ga, 8 ta mamlakatda esa, kamida 10%ga qisqargan[5]. Ayol migrantlarning 8,3 %ini 15-24 yoshdagilar, 86,3%ini 25-54 yoshdagilar hamda 5,4%ini 65 yoshdan kattalar tashkil qiladi.

Xususan, Shimoliy, Janubiy va G‘arbiy Osiyoda ularning eng katta qismi, ya’ni 15-24 yoshdagilarning 25%i, 25-64 yoshdagilarning 30%i va 65 yoshdan kattalarning  23%i faoliyat ko’rsatadi.Ularning eng kam qismi esa, tabiiyki Shimoliy Afrika (0,4%), Janubiy Osiyo (2%) va Lotin Amerikasi (2,5%) mintaqalarida joylashganlar. Ayol migrantlar jami ishchilarning 5%ini tashkil qilib, ularning 18%i yuqori daromadli, 2,3%i o’rtachadan yuqori daromadli, 1,5%i o’rtachadan quyi daromadli hamda 1,4 %i quyi daromadli mamlakatlarda faoliyat ko’rsatadilar[6].

Dunyo bo’ylab 15 yoshdan katta bo’lgan jami aholining 3,8%ini mana shu yoshdagi ayol migrantlar hamda jami ishchilarning 5%ini ayol migrantlar tashkil qiladi.Ayol migrantlar jami ayol  mehnat resurslarining 63,5%ini tashkil qiladi.Xususan, mazkur ko’rsatkich yuqori daromadli mamlakatlarda 67,8%ni, o’rtachadan yuqori daromadli mamlakatlarda 64,8%i, o’rtachadan quyi daromadli  mamlakatlarda 43,1%ni hamda quyi daromadli mamlakatlarda 48,7 %ni tashkil qiladi.

Ayol migrantlar asosan, uy xizmatlari,  qishloq xo’jaligi sohasi, mehmonxona biznesi, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi ijtimoiy sohalarda faoliyat ko’rsatadilar. Masalan, ular Yevropada asosan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalarda faoliyat ko’rsatadilar.Xususan, Ispaniya va Gresiyada mexmonxona biznesida, Buyuk Britaniyada tibbiyot sohasida, Italiyada ta’lim sohasidagi ayol migrantlarning ulushi yuqori. Yevrostat ma’lumotlariga ko’ra, Yevropadagi 25-54 yoshdagi oliy ma’lumotli migrant ayollarning 30%dan ortig‘i yuqori malakaga ega bo’lib, ular fan, texnologiya,matematika va tibbiyot kabi STEMM sohalar bo’yicha mutaxassis hisoblanadilar[7].Bunday ayol migrantlar orasida bilimlar iqtisodiyotiga asoslangan tajriba va ko’nikmalarning mavjudligi ularning zamonaviy va yirik kompaniyalardagi bo’sh ish o’rinlariga bo’lgan intilishlarini oshiradi. Oliy ta’limga ega bo’lgan mehnat qilish yoshidagi ayol migrantlar mintaqalarda taqsimlanishiga e’tibor qaratsak, yuqori daromadli mamlakatlarda ularning ta’lim darajasi yuqoriroq ekanligiga guvoh bo’lamiz[8]

Ammo shu o’rinda, ayol mehnat migrantlari orasida  xorij mamlakatlarida  o’rta va yuqori malakani  talab qiluvchi sohalarda faoliyat ko’rsatayotganlar bilan bir qatorda  norasmiy ravishdagi uy xizmatchisi, enaga, qariyalar parvarishlovchi past malaka talab qiluvchi ishlarda ish beruvchiga butunlay qaram bo’lib qolib ishlayotganilari ham ko’pchilikni tashkil etadi.

Dunyodagi 196 million mehnat migrantlarining 8-9%ini migrant uy xizmatchilari tashkil etgan. Bu ko’rsatkichni ayol migrantlar orasida ko’rsak, dunyodagi jami 70 million ayol migrantlarining  12,%ga yaqini ya’ni 8,45 millionini ayol migrant uy xizmatchilariga to’g‘ri keladi. Dunyo bo’ylab 67,2 million uy xizmatchilarining 17,2%ini ya’ni 11,5 millionini migrant uy xizmatchilari tashkil qiladi. Bu esa dunyo bo’ylab shaxsiy va uy xizmatlari uchun migrantlarga bo’lgan talabning yuqori ekanligini ko’rsatadi. Dunyo bo’ylab o’y xizmatchilarining 80%i yuqori daromadli mamlakatlarda joylashgan bo’lib, ular mazkur mamlakatlardagi jami migrantlarning 66%ini tashkil qiladi. Arab mamlakatlari, Shimoliy Amerika va Yevropa mintaqalarida jami migrant uy xizmatchilarining 52%i joylashgan. Mazkur mintaqalarda demografik jihatdan qarish jarayonlarining yuqori sur’atlarda o’sishi, parvarishga muhtoj kishilarning shaxsiy va uy xizmatlariga bo’lgan extiyojning ortishiga olib kelmoqda. Xususan, dunyo bo’ylab uy xizmatchilarining 81%ini ayollar tashkil qilsa, migrant uy xizmatchilarining 73%ini ayollar tashkil qiladi. Dunyo mintaqalari bo’ylab jami migrantlar tarkibida ayol migrant uy xizmatchilarining ulushi bo’yicha eng yuqori ko’rsatkich Arab mintaqasi (60,8%) hamda eng quyi ko’rsatkich Sharqiy Yevropa mintaqasi (0,8%)ga to’g‘ri keladi[9].

Arab mamlakatlari mintaqasida jami uy xizmatchilarining 82%ini ayol migrantlar tashkil qiladi. Bu holat esa, uy xizmatchilari va ayollar migratsiyasi o’rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalaydi, natijada ishga yollanayotgan 10 ta ayoldan 6 tasini uy xizmatchilari tashkil qiladi. Janubi Sharqiy Osiyo va Sharqiy Osiyo mintaqasi birga bir paytning o’zida ayol migrant uy xizmatchilarini eng ko’p yuboruvchi mintaqa hisoblanadi.Xususan, mintaqadan ayol migrant uy xizmatchisi sifatida Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalariga hamda yangi industrial mamlakatlarida faoliyat ko’rsatadilar. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, dunyo bo’ylab 11,5 million migrant uy xizmatchilari bo’lib, ularning aksariyatini ayollar tashkil etadi[10].O’rta Sharq mintaqasi Afrika va Osiyo mintaqasi kabi quyi daromadli mamlakatlardan kelgan ayol migrantlarni eng ko’p jalb qiluvchi mintaqa hisoblanadi[11]. Mazkur ayol migrantlarning aksariyati past malaka va quyi ta’lim darajasiga ega bo’lishlari hamda ishlash uchun boradigan joylaridan bexabar ekanliklari ish beruvchilar uchun ularga kam ish haqi to’lash, belgilangan ish soatidan ortiqcha ishlatish, jismoniy kuch ishlatish va tahqirlash kabi ekspluatatsiyaning turli  shakllaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi[12].Mahalliy ishchilar bilan solishtirilganda ayol migrant uy xizmatchisi  uchun yetarli xavfsiz ishlash sharoitlarining yaratilmasligi, ularga nisbatan jismoniy va jinsiy zo’ravonlik o’tkazilishi, ularning xuquqlarining poymol qilinish mazkur ayol migrantlarning jismoniy va ruhiy jihatdan jarohatlanishlariga yoki bir umr kasallanib qolishlariga olib kelmoqda [13].

Xususan, Yaqin Sharqqa katta miqdordagi ayol uy xizmatchilarini yetkazib beruvchi mamlakatlardan biri bu -Efiopiya hisoblanadi.O’tkazilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, birgina Sadiya Arabistonida ishlab qaytgan efopiyaliklik ayol migrantlarning aksariyati mazkur safarlarini xatarli bo’lganini, oziq-ovqat va ichimlik suvi tanqisligi va tahqirlanish muammolaridan aziyat chekkan ekanliklarini bildiganlar[14]. Livandagi jami migrantlarning 76%ini va uy xizmatchisi migrantlarining 99%ini ayol migrantlar tashkil etadi. Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan 2021 yilda 344 nafar og‘ir sharoitlarda mehnat qilayotgan ayollarga yordam berilgan, ularning 85 nafari Liviyaga ketayotganliklarini ham bilmaganliklarini, ularni Turkiya, Fors Ko’rafazi, Yevropa, AQSh yoki Kanada kabi mamlakatlarda ishga joylashtirishga va’da berilganligi ma’lum qilganlar[15].

Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotlariga ko’ra, majburiy mexnatdan  aziyat chekayotganlarning 16,5 millionini ayollar tashkil etadi. Livandagi uy xizmatchilariga nisbatan nafaqat majburiy mehnat balki qullik,odam savdosi,shaxsiy xujjatlarni yashirib qo’yish, irqiy kamsitish va qiynoqlar kabi tazyiqlar o’tkazilish ko’p uchraydi. Ayniqsa pandemiya sharoitida mamlakatdagi ayol migrant uy xizmatchilarining norasmiy migrant statusini tanlashga majbur bo’lishlari ularga nisbatan  belgilangan minimal ish haqi miqdoridan kam bo’lgan ish haqi to’lash yoki umuman ish haqi to’lamaslik hamda  ish soatidan ortiqcha ishlatish kabi holatlarning ko’payishiga sabab bo’ldi.Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 1,2 ming ishchilar o’rtasida o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, ayol xizmatchilarining 22,5%i ish beruvchilar kunduz kunlari ularni ustilaridan qulflab ketishlari ma’lum bo’lgan.Ba’zi manbalarda ta’kidlanishicha, Livanda migrant  uy xizmatchilari tomonidan dunyoga keltirilgan 15 ming nafar ta’lim olish va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lmagan bolalar mavjud[16].

Ayol migrantlarning o’z vatanlariga pul o’tkazmalari katta xajmni tashkil qilmasada, ularning o’tkazmalarining asosiy qismi sog‘liq, ta’lim, oila va jamiyat taraqqiyoti uchun sarflanadi.Masalan,  nepallik  asosan uy xizmatchisi bo’lgan ayol migrantlarning pul o’tkazmalari mamlakatga yuborilgan  jami migrantlarning o’tkazmalarining 50%ini yoki YaIMning 23%ini tashkil qiladi[17].

Shu o’rinda ayol mehnat migrantlarining tajriba, bilim, ijtimoiy, siyosiy va madaniy normalar kabi ijtimoiy o’tkazmalari pul o’tkazmalaridan ko’ra ko’proq ahamiyat kasb etishiga ham etibor berish lozim.Chunki ayollarning xorijda ega bo’lgan  bilimlari,g‘oyalari, tajriba va texnologiyalar  bo’yicha ko’nikmalari ularning oilalari va jamiyatdagi mavqe’ilarini ortishiga va mazkur muhit ishtirokchilarining dunyo qarashlarida ijobiy o’zgarishlarga sabab bo’lishini ham unutmaslik kerak. Ayollar erkak migrantlarga nisbatan kamroq ish haqi olsalarda, ammo erkaklarga nisbatan daromadalarining katta qismini yuboradilar,shuningdek, ularning transfer to’lovlari ham yuqoriroq. Migrantlarning pul o’kazmalarining 25,8%i ayollar ulushiga to’g‘ri keladi.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, aksariyat o’rtadan quyi bo’lgan hamda quyi daromadli mamlakatlarda ayol migrantlar mehnat bozoridagi dikriminatsiya, ishdagi ekspluatatsiya va zo’ravonlik, sog‘liqni saqlash va ta’limdan foydalanishdagi to’siqlar, sudlovdagi adolatsizliklar kabi muammolarga duch kech kelishda davom etmoqdalar. Odam savdosi qurbonlari ichida hali ham ayollarning ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Xususan,  odam savdosi qurbonlarining 65%ini ayollar, ya’ni 46%ini kattalar va 19%ini qizlar tashkil qiladi[18].Katta yoshdagi qurbon ayollarning asosiy qismi Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo mintaqalarida foliyat ko’rsatsa, qiz bolalarning qurbon bo’lishi ko’proq Osiyo mintaqasida uchraydi. Yuqoridagi holatlar ayollar mehnat migratsiyasi muammosini kun tartibining dolzarb  masalasi sifatida  qolishini va mazkur jarayon bilan bog‘liq muammolarni oldini olishda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bora namoyon etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Варшавер, Рочева, 2015;Рочева 2020.
  2. Пескова, Абреу Бастос, 2014
  3. Пескова, Абреу Бастос, 2014
  4. Key global migration figures, 2019-2022.IOM UN migration 2022, October 13
  5. Eliana Rubiano, Matulrvichkatethlee Beegle, December 19, 2018 // Women and migration: Exploring the data (worldbank.org)
  6. ILO Global Estimates on International Migrant Workers Labour Migration Branch Conditions of Work and Equality Department Department of Statistics Results and Methodology.2018.P.12,13.
  7. Daniela Bolzani,Francesca Crivellaro,Rosa Grimaldi. Highly skilled, yet invisible. The potential of migrant women with a STEMM background in Italy between intersectional barriers and resources// https://onlinelibrary.wiley.com/doi/full/10.1111/gwao.12719
  8. Who are the women on the move? A portrait of female migrant workers//Who are the women on the move? A portrait of female migrant workers – ILOSTAT
  9. Gallotti, M. Migrant Domestic Workers across the World: Global and Regional Estimates; International Labour Organization: Geneva, Switzerland, 2015; pp. 2,3.
  10. Gallotti, M. Migrant Domestic Workers across the World: Global and Regional Estimates; International Labour Organization: Geneva, Switzerland, 2015; pp. 1–8. [Google Scholar]
  11. Dessiye, M.; Emirie, G. Living and working as a domestic worker in the Middle East: The experience of migrant returnees in Girana town, North Wollo, Ethiopia. Afr. Black Diaspora Int. J. 2018, 11, 69–86.
  12. Fernandez, B. Ethiopian Migrant Domestic Workers: Migrant Agency and Social Change, Mobility & Politics; Palgrave Macmillan: Cham, Switzerland, 2020.
  13. Sultana, H.; Fatima, A. Factors influencing migration of female workers: A case of Bangladesh. IZA J. Dev. Migr. 2017, 7, 1–17.
  14. Zewdu, G.A. Ethiopian female domestic labour migration to the Middle East: Patterns, trends, and drivers. Afr. Black Diaspora Int. J. 2018, 11, 6–19.
  15. Kodoth, P. In the Shadow of the State: The Recruitment and Migration of South Indian Women as Domestic Workers to the Middle East; International Labour Organisation: Geneva, Switzerland, 2020.
  16. Schewel, K. Aspiring for Change: Ethiopian Women’s Labor Migration to the Middle East. Soc. Forces 2022, 100, 1619–1641.
  17. Bisong, A. Regulating Recruitment and Protection of African Migrant Workers in the Gulf and the Middle East. The European Centre for Development Policy Management (ECDPM). 2021. Available online: https://ecdpm.org/wp-content/uploads/Regional-Solutions-Regulating-Recruitment-Protection-African-Migrant-Workers-Gulf-Middle-East-ECDPM-Discussion-Paper-292-2020.pdf(accessed on 12 January 2022)
  18. Kodoth, P. In the Shadow of the State: The Recruitment and Migration of South Indian Women as Domestic Workers to the Middle East; International Labour Organisation: Geneva, Switzerland, 2020.; Bisong, A. Regulating Recruitment and Protection of African Migrant Workers in the Gulf and the Middle East. The European Centre for Development Policy Management (ECDPM). 2021. Available online: https://ecdpm.org/wp-content/uploads/Regional-Solutions-Regulating-Recruitment-Protection-African-Migrant-Workers-Gulf-Middle-East-ECDPM-Discussion-Paper-292-2020.pdf(accessed on 12 January 2022).
  19. Hargreaves, S.; Rustage, K.; Nellums, L.B.; McAlpine, A.; Pocock, N.; Devakumar, D.; Aldridge, R.W.; Abubakar, I.; Kristensen, K.L.; Himmels, J.W.; et al. Occupational health outcomes among international migrant workers: A systematic review and meta-analysis. Lancet Glob. Health 2019, 7.
  20. Genderen patterns of women and girls’migration along the Eastern corridor. IOM.December 2020.P.20.
  21. Zeina Mehzer, Gabriella Nassif, Claire Wilson. Women Migrant Domestic Workers in Lebanon: A Gender Perspective.2021.P.3
  22. Rola Yasminea, Batoul Sukkarb.Restrained motherhood: the Lebanese state in times of changing demographics and moral values //https://www.ncbi.nlm.nih.gov/pmc/articles/PMC7888101/
  23. UN Women. (2013). “Contributions of migrant domestic workers to sustainable development.”
  24. World migration report 2022.P.264

O'xshash ma'lumotlar