O‘zbekistonda aholining “quyidan” keksayishi jarayoni boshlandi

 

Yer yuzida ko‘pgina mamlakatlarni qamrab olgan jamiyatning qarishi o‘z ahamiyatiga ko‘ra, allaqachon milliy chegaralar doirasidan chiqib ketgan. Buning oqibatlari bilan bog‘liq turli xususiyatlar faqat demograflar, sotsiologlar, statistiklarnigina emas, balki siyosatshunoslar, shuningdek, mamlakat rahbarlari uchun jo‘shqin bahs va munozaralar mavzusiga aylangan. 1950-1965 yillarda tug‘ilishning yuqori davrida tug‘ilgan aholining bugungi kunda qariyalar safiga o‘tishi hisobidan mehnatga layoqatli yoshdan katta aholi soni yuqori sur’atda o‘smoqda. Jumladan, mazkur guruhdagi aholi soni 1991 yildagi 1 635,7 ming kishidan 2021 yilda 3 954,9 ming kishiga yoki 2,4 martaga, jami aholi tarkibidagi ulushi esa mos ravishda 7,7 foizdan 11,2 foizga ortdi. Aholining qarish jarayonini  yosh-jins piramidadan yaqqol tasavvur qilish mumkin.

 

1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi aholisining yosh-jins piramidasi 0-4, 5-9, 10-14, 15-19 yosh guruhidagi aholi soni yuqori bo‘lgan. 2000 yilgi yosh-jins piramidasida ko‘rinib turganidek, mazkur yilga kelib aholi tarkibida 0-4, 2010 yilgi yosh-jins piramidasida 5-9 va 10-14 yosh guruhidagi aholi soni kamaygan. Aksincha 15-19, 20-24 va 25-29 yosh guruhidagilar soni ortgan. 2020 yilgi yosh-jins piramidasida tug‘ilishlar sonining ortganligi bois 0-4 yosh, shuningdek 30-34, 35-39, 40-44 va 45-49 yosh guruhidagilar soni ortgan. Yosh-jins piramidalardan shunday xulosaga kelish mumkinki, aholining yosh tarkibidan “quyidan” keksalar soni va ulushi ortib bormoqda. Bu esa ma’lum bir muddatdan so‘ng aholi tarkibida keksalar ulushining yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.

Birlashgan millatlar tashkiloti demograflari tomonidan qarish jarayonini baholash maqsadida uch bosqichli mezon ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 65 va undan yuqori yoshdagi aholi ulushi 4,0 foizdan kam bo‘lsa – demografik yosh, 4,0-7,0 foiz bo‘lsa – keksayish bo‘sag‘asida, 7,0 foizdan oshsa hudud aholisi demografik keksa hisoblanadi. 2021 yil O‘zbekiston Respublikasi aholisining yosh tarkibida 65 va undan yuqori yoshdagilar salmog‘i 5,1 %ni tashkil etdi. Demak, mamlakatimiz xalqaro mezonlar bo‘yicha “demografik keksayish bo‘sag‘asida”gi mamlakatlar qatoriga kiradi.

Respublikamizda doimiy aholi soni 2021 yili o‘tgan yilga nisbatan 2,1 foizga ko‘paygan bo‘lsa, bu davrda 65 yosh va undan kattalar soni 6,3 foizga ortgan. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo (8,4%), Namangan (7,7%) va Samarqand (7,6%) viloyatlarida qayd etilgan. Hududlar aholisini qarish mezoniga muvofiq uchta guruhga ajratildi.

2010 yilda respublikaning 10 ta hududi aholisi – “demografik yosh”, qolgan 4 ta hudud (Buxoro, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahri) aholisi “demografik keksayish bo‘sag‘isida” bo‘lgan. 2015 yilga kelib 7 ta hudud aholisi – “demografik keksayish bo‘sag‘isida”, faqat Toshkent shahar aholisi “demografik keksa” hisoblangan. 2021 yilda demografik keksayish bo‘sag‘isida o‘tgan hududlar soni 11 taga yetgan. Tahlilar O‘zbekiston Respublikasida qarish jarayoni rivojlanayotgan hududlar soni  yil sayin ko‘payayotganligini ko‘rsatadi.

Aholi keksayishi jarayonining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari

Demografik qarish qaytarilmas jarayon bo‘lganligi bois mamlakat bugungi kundan boshlab bu jarayon haqida o‘ylashni, maxsus strategiya ishlab chiqishni, aholining bu qatlamiga alohida e’tibor qaratishni taqozo etadi. Aholi keksaygan sayin davlat budjetiga bosimning ortib borishi, pensiya ta’minoti tizimini moliyalashtirish va aholini ijtimoiy himoya qilishga bo‘lgan ehtiyojning keskinlashuvi iqtisodiyot uchun muhim muammoga aylanadi.

O'xshash ma'lumotlar