O‘zbekiston tug‘ilish darajasi bo‘yicha “o‘rtachadan yuqori” mamlakatlar qatoridan joy egalladi
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2021 yil O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilganlar mutlaq sonining eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etilgan (1-rasm). 1-rasmdan ko‘rinib turganidek, 1991-2000 yillarda tug‘ilganlar mutlaq soni qisqargan, bundan keyingi yillarda esa ortgan. Mustaqillikning birinchi o‘n yilligida tug‘ilganlar sonining qisqarishi, bu davrda tug‘ilgan kam sonli aholining bugungi kunda yoshlar guruhida o‘tishi aholi tarkibida bu guruh sonining kamayishiga olib keldi.
1-rasm. O‘zbekistonda tug‘ilganlar mutlaq soni va tug‘ilish koeffitsienti dinamikasi
Mustaqillikning birinchi o‘n yilligida tug‘ilganlar sonining qisqarishi quyidagi omillar bilan izohlanadi:
- nikohga kirish yoshining uzayishi (erkaklarda 26,6 yosh, ayollarda 22,7 yosh);
- aholining tug‘ish o‘rtasidagi davriylikni cho‘zish hisobidan sog‘lom bolani dunyoga keltirish va tarbiyalashga yo‘naltirish, ayollarning qulay yosh – 20-30 yoshda bola tug‘ishini rag‘batlantirish;
- aholining kontrasepsiya vositalari, jumladan, bepul beriladigan vositalardan foydalanishini ancha kengaytirish. Istalmagan homiladorlikning oldini olish uchun kontrasepsiya vositalaridan foydalanishni keng targ‘ib qilish;
- oilalar moddiy farovonligining oshishi tufayli ayollarning o‘rta bola tug‘ish bo‘yicha reproduktiv qarashlarining o‘zgarishi;
- aholining tashqi mehnat migratsiyasi, ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy faolligining oshishi;
- tug‘ilishning kamayishiga butun jahonda davom etayotgan tendensiyalarning ta’siri.
Olib borilgan tahlillarga ko‘ra, 2005-2021 yillar mobaynida har 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan tug‘ilganlar soni 20,3 nafardan 25,9 nafarga ko‘paygan. Hududlar kesimida olib qaraganda tug‘ilish darajasi Surxondaryo (29,9‰), Jizzax (29,0‰) va Qashqadaryo (28,8‰) viloyatlarida yuqori bo‘lgan (1-jadval).
Xalqaro mezonlar bo‘yicha, tug‘ilishning umumiy koeffitsienti qiymati 16,0 ‰gacha bo‘lsa – tug‘ilish darajasi “past”, 16,0 – 24,9‰ – “o‘rtacha”, 25,0 – 29,9‰ – “o‘rtachadan yuqori”, 30,0 – 39,9 – “yuqori”, 40,0‰ va undan yuqori – “juda yuqori” hisoblanadi. Mazkur mezon bo‘yicha 2021 yilda O‘zbekiston tug‘ilish darajasi “o‘rtacha yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirdi. 2015 yilda respublikaning 10 ta hududida tug‘ilish darajasi “o‘rtacha”, 3 ta hududida (Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari) “o‘rtachadan yuqori” bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilda yana 6 ta hudud (Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari) “o‘rtachadan yuqori” hududlar qatoriga o‘tib, bu toifadagi hududlar soni 9 taga yetdi.
2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Baxmal (31,4‰), Zarbdor (30,4‰), Chiroqchi (33,3‰), Urgut (30,3‰), Bandixon (31,8‰), Bektemir (31,1‰) tumanlari va Temiz shahrida (30,5‰) tug‘ilish darajasi “yuqori” hududlar qatoridan joy olgan bo‘lsa, 2022 yil 1 yanvar holatiga bu toifadagi tuman (shahar)lar soni 24 taga yetdi. O‘zbekistonda tug‘ilganlar mutlaq sonining ortishi 20-29 yoshdagi ayollar ulushining yuqoriligi; tuzilayotgan nikohning yuqori darajasi, shuningdek fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish idoralarida ro‘yxatga olinmagan nikohlar sonining ortishi; qizlarda nikoh yoshining kichikligi; nikohning barqarorligi bilan izohlanadi. Birlashgan Millatlar tashkiloti tavsiyanomasi bo‘yicha, aholining me’yorida takror barpo bo‘lishi uchun tug‘ilishning umumiy koeffitsienti 20,0 promille, aholining o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 1,3 foiz bo‘lishi yetarli hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilish koeffitsienti 24,6 promilleni tashkil etib, chegaraviy qiymatdan 4,6 promillega ortiq. Respublikada bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 3,1 nafarni, shahar joylarida 2,9 nafarni, qishloq joylarida esa 3,4 nafarni tashkil etadi.
2-rasm. Tug‘ilishning yig‘indi koeffitsienti to‘g‘risida ma’lumot
(bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni)
O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilish darajasining yil sayin ortib borishi qulay demografik imkoniyatlarni ochishi bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda quyidagi yo‘nalishlarda inobatga olishni taqozo etadi:
- bolali oilalarni ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘liqni saqlash sohalariga davlat budjetidan xarajatlarni oshirish;
- demografik omil ta’sirida milliy va hududiy mehnat bozorlariga ishchi kuchining katta oqimi kelishi hisobidan taklifning unga bo‘lgan talab miqdoridan ortib ketishi kuzatilmoqda;
- demografik o‘sish hisobidan ayollarning bola parvarishi ta’tiliga chiqishlari munosabati bilan mehnat resurslari tarkibida iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi sonining ko‘payishi;
- tug‘ilishning ortishi hisobidan ta’lim tizimiga, ayniqsa maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tushadigan demografik bosimning ortishi;
- aholi tarkibida bolalar soni va ulushining ortishi hisobidan mehnatga layoqatli aholiga tushadigan demografik bosimning ortishi;
- mamlakatimizda yosh oilalar sonining ko‘payib borayotganligi uy-joy, ish bilan bandlik, uzoq muddat foydalaniladigan hayotiy zarur tovarlar sotib olish va h.k. ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.