O’zbekiston hududlarida ayollar o‘rtasida erta nikoh va erta homiladorlik sabablari, omillari va oqibatlari
Erta nikoh 18 yoshga to‘lmagan har qanday shaxsning rasmiy yoki norasmiy ittifoqi bo‘lib, inson va bola huquqlari buzilishidir. Erta nokohlarga barxam berish butun dunyoda Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-maqsadi doirasida gender tenglikka erishining asosiy maqsadi sifatida e’tirof etilgan. U Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, Aholi va taraqqiyot bo‘yicha xalqaro konferensiya va uning Harakat dasturiga kiritilgan. 2020 yilda Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasi 3-qo‘mitasida bolalar, erta va majburiy nikox bo‘yicha rezolyusiya konsensus yo‘li bilan qabul qilingan, unda bolalar, erta va majburiy nikox (turmush qurish) tugatish uchun asosiy sabablari va javob choralari ta’kidlangan. Erta nikohlarni ta’qiqlashga qaratilgan qonunlar qabul qilinishi va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, global miqyosda bunday amaliyot tabora qisqarishiga qaramay hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda. Jahonda 18 yoshga to‘lmagan har bir beshinchi qiz rasmiy yoki norasmiy nikohdan o‘tgan, 15 yoshgacha bo‘lganlar orasida bu ko‘rsatkich 5%. Rivojlanish darajasi past bo‘lgan davlatlarda bu ko‘rsatkich o‘ta yuqori bo‘lib 36%ni, xususan 15 yoshgacha bo‘lgan qizlar orasida esa 10%ni tashkil etmoqda[1].
O‘zbekistonda ham ushbu masalaga hukumat miqyosida e’tibor qaratilgan.
2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 5-maqsadi Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish doirasida 3-vazifa sifatida Erta nikohlar va zo‘rlab nikohlashni tugatish vazifasi belgilandi[2].
2019 yil 1 sentabrdan boshlab erkaklar va ayollar uchun yagona nikoh yoshi 18 yosh etib belgilandi, ungacha ayollar uchun nikoh yoshi 17 yosh, erkaklar uchun 18 yosh belgilangan edi. O‘zbekiston Respublikasining Oila Kodeksining 15-moddasiga binoan uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishimumkin. Bunday holatlar natijasida 2020 yilda respublika bo‘yicha fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish (FXDYo) bo‘limlari tomonidan 88 ta erta nikoh holatlari qayd etilgan. Erta nikohlar asosan qizlar o‘rtasida qayd etilgan. Erkaklar o‘rtasida 2016 yilda – 1 nafar, 2017 yilda – 4 nafar, 2018 yilda – 1 nafar, 2019 yilda 2 nafar erta nikoh holatlari qayd etilgan. 2020 yilda erkaklar o‘rtasida erta nikoh holati qayd etilmagan. Amaliyot aksariyat holatlarda erta nikoh yashirin tusga egaligini ko‘rsatmoqda. Erta tug‘ruqlar borasidagi staistik ma’lumotlar buni muayyan darajada izohlaydi. So‘nggi yillarda voyaga yetmagan qizlar, ayniqsa 13-14 yoshli qizlar orasida erta tug‘ruq holatlarining ko‘payib borishi kuzatilmoqda. Jumladan, 2019 yilda – 6 ta, 2020 yilda – 9 ta shunday holatlar kuzatilgan. 18 yoshga to‘lmagan qizlar orasida tug‘ruq holatlari 2019 yilda 1195 ta qayd etilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 959 tani tashkil etgan.
Respublikada erta nikoh va erta tug‘ruqlarga barham berishga qaratilgan qator chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga qaramay hanuzgacha bo‘nday holatlarning mavjudligi tadqiqotning dolzarbligini belgilab berdi. Ushbu axborotnomada “Maxalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti tomonidan YuNFPA moliyaviy ko‘magi ostida amalga oshirilgan tadqiqotning asosiy natijalari aks etgan. Tadqiqot davomida yoshlar, ularning ota-onalari, ushbu muammoning ijobiy hal bo‘lishiga ta’sir o‘tkaza oladigan soha vakillari, maxalla xodimlarining munosabatlari o‘rganildi. Tadqiqot natijalari asosida respublikada erta nikohlar va zo‘rlab nikohlashni oldini olish va tugatishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadqiqot metodologiyasi. Tadqiqotda erta turmushga chiqqan qizlar va ota-onalar orasida sotsiologik so‘rov o‘tkazish va ekspert baholash usullaridan foydalanildi. Tadqiqot 2021 yilning 13-18 sentabr kunlari respublikada ushbu holat eng ko‘p qayd etilayotgan Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida, Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida, Samarqand viloyatining Urgut tumani va Samarqand shahrida, Namangan viloyatining Namangan shahri va Kosonsoy tumanida, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri va Chiroqchi tumanida o‘tkazildi. Tadqiqotda erta turmushga chiqqan 200 nafar (har bir hududda 50 nafardan) o‘smir qizlar, farzandini erta turmushga bergan 200 nafar (har bir hududda 50 nafardan) ota-onalardan sotsiologik so‘rov o‘tkazildi, 60 nafar (har bir hududda 15 nafardan) ekspertlar fikri o‘rganildi.
Ma’lumotlarni to‘plash jarayonida YuNFPA tomonidan belgilangan barcha axloqiy me’yorlarga rioya etildi. Intervyuga jalb qilinganlarning shaxsiy xayotining daxlsizligi va ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash maqsadida intervyu o‘tkazishdan oldin ularni xabardorlik qilinganligi to‘g‘risida rozilik xatlari olingan.
Tadqiqot natijalari
Erta turmush qurgan o‘smir qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari.
200 respondentlardan uchdan ikki qismi, ya’ni 66,3 foizi – 17 yoshda, 29,3 foizi – 16 yoshda, 3,8 foizi 15 yoshda turmushga chiqqan. Tadqiqotda qatnashgan yosh kelinlarning 55,6 foizida – 1 nafar, 25 foizida – 2 nafar, 12,8 foizida 3 nafar farzandi bor. Birinchi farzandi tug‘ilganida respondentlarning 38,4 foizi – 18 yoshda, 35,9 foizi – 17 yoshda, 19,2 foizi – 18 yoshdan yuqori, 5,6 foizi esa 16 yoshda bo‘lgan
Erta nikohning asosiy tashabbuskorlari.
So‘rov natijasida erta nikohning asosiy tashabbuskori asosan kelin va kuyovning ota-onalari (50,3%) bo‘lishi aniqlandi (1-rasm). Shu bilan birga respondentlarning 35% nikohlarining tashabbuskorlari sifatida yoshlaring o‘zi (o‘zi yoki turmush o‘rtog‘i) bo‘lganini aytishgan. O‘smir qizlarning 52,9 foizi erta turmushga chiqishga qarshi bo‘lgan, 24,0 foizi o‘zi tanlab turmush qurgan, 18,8 foizida qarshilik yoki norozilik bo‘lmagan.Respondentlarning 60,8% “O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra turmush qurish yoshi 18 yosh ekanligini bilgan bo‘lsa, 39,2% nikohni necha yoshdan rasmiylashtirish mumkinligi to‘g‘risida aniq tushunchaga ega bo‘lmagan.
Erta turmush qurishning asosiy sabablari.
Erta nikohlar ko‘p hollarda ota-onalarning xohishi va talabi bilan tuzilayotganligiga oid fikrni 49,8 % respondent qo‘llab-quvvatlagan. Ularning 17,2% mazkur fikrga qarshi ovoz bergan. Respondentlarning 42,3% ota-onalar farzandlarini turli nojo‘ya ta’sirlardan himoya qilish maqsadida ularni erta turmushga beradilar degan fikrga to‘liq qo‘shilgan, 33,7% qisman qo‘shilgan va 16,3% bu fikrga qo‘shilmasligini birdirgan. Erta turmush qurgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari erta turmush qurishning asosiy sabablari ota-onaning maslahati yoki talabi (49,1%), qarindoshlarning maslahati yoki talabi (18,5%) ekanligini ko‘rsatdi (2-rasm). Lekin shu bilan birga har to‘rttadan bittasi (27,1%) erta turmshning asosiy sababi sifatida sevgi muhabbat va 28,6% yaxshi inson bilan turmush qurish imkoni, deb belgilagan. Respondentlarning 8,6% diniy qarashlarni ko‘rsatgan.
O‘smir qizlarning turmush qurgandan so‘ng hayotidagi o‘zgarishlar.
O‘smir qizlarning erta turmush qurgandan so‘ng hayotida qator salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan (3-rasm). So‘rovda qatnashgan respodentlarning 28,8 foizi o‘qishini davom ettirmagan. Shuningdek, o‘smir qizlar ruhiy qiyinchiliklarga duch kelgan (23,9%), salomatligi yomonlashgan (11,8%), yaqin do‘stlari bilan aloqalari uzilgan (10,1%). Respondentlarning faqatgina to‘rtdan bir qismi, ya’ni 23,9 % hayotida salbiy o‘zgarishlar kuzatilmaganini aytgan.
Ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari.
Tadqiqotda ishtirok etgan 200 nafar ota-onalarning 7,1 %da – 1 nafar, 31 %da – 2 nafar, 52,4 %da – 3 nafar farzandi bor. Birinchi farzandi tug‘ilganida 23,9 % ota-onalar – 18 yoshda, 23 % – 19 yoshda, 12,9 % 17 yoshda, 2,9 % 16 yoshda bo‘lgan. Tadqiqotda qatnashgan ota-onalarning — % kizlarini erta turmushga berish tarafdorlari (Ushbu abzaning asosiy xulosasini berib, keyin statistik ma’lumot bulan kuchaytirish kerak). 49,8% ota-onalar erta nikohlar aksariyat hollarda ota-onaning talabi bilan tuzulishini ta’kidlasalar, ularning 13,4 % mazkur fikrga qarshiligini bildirib o‘tdi. Tadqiqotda ishtirok etgan ota-onalarning 32,7%da birinchi o‘g‘il farzandi 19-20 yoshlarida va 55,3 % qiz farzandi 17 yoshda turmush qurgan. Ota-onalarning farzandini erta nikohga kirishiga undaydigan asosiy maqsadi farzandlarini tezroq oilali qilish istagidir (57,4%). Shuningdek, ota-onalarning 30,1 % farzandlari uchun kelajakda moddiy tomondan farovon hayot, 12,4 % diniy sabablar erta nikohga undashini ta’kidladilar. Ota-onalarning 56,1% o‘g‘il bola uchun oila qurish yoshi 18 yosh ekanligini bilsa, qiz bolalarning 18 yoshdan nikohni rasmiylashtirishi mumkinligini 70,7 % bilishi aniqlandi. Ota-onalarning 78,0% diniy marosim o‘tkazish uchun FHDYodan ma’lumotnoma talab qilinishini biladi, 19,6% bilmaydi. 2,4% ota-onalar nikoh marosimini o‘tkazish uchun birorta hujjat talab etilmaydi, deb hisoblaydi. “Voyaga yetmagan farzandingizga istalmagan homiladorlikni oldini olish yuzasidan ma’lumot berish lozim, deb hisoblaysizmi?” degan savolga respondentlarning 51,9% – albatta, 14,5% – shart emas, 27,0% tibbiyot xodimlari ma’lumot bergani ma’qul deb javob berdi.
Ekspertlar tomonidan bildirilgan fikrlar tahlili:
Tibbiyot sohasidagi mutaxassislar, maktabning ma’naviyat masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, FHDYo xodimlari, huquqshunos, mahallalarda xotin-qizlar va oilalar bilan ishlaydigan 60 nafar xodimlarni fikrlari o‘rganildi.
Ekspertlarning aksariyati (%) quyidagilarni erta turmush qurishning asosiy sabablari sifatida ta’kidlashdi:
- aholi o‘rtasida eskicha qarashlar mavjudligi, ya’ni qizlarni 16-17 yoshda turmushga uzatish kerak deb o‘ylashlik;
- tashqi migratsiyaning yuqoriligi, ko‘p ota-onalarning farzandlariga eng muhim bo‘ladigan o‘smirlik davrida yonida yo‘qligi;
- ota-onalar, bobo-buvilarning “bosimi” ostida qizlar oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishni, yaxshi kasb egasi bo‘lishni istashsa ham, ularni uy-ro‘zg‘or xizmatlarini qilishga, bola boqishga majbur qilishadi. Hattoki, iqtidorli qizlar ham ota-onalarining istaklarini amalga oshirish uchun maktabni tamomlab turmushga chiqishga majbur bo‘lishadi.
- aholining huquqiy va tibbiy madaniyati past darajadaligi.;
- mahalla – xalq ta’limi – sog‘liqni saqlash tizimlarining hamkorligi yetarli darajada emasligi (oldin haftaning har juma kunida o‘smir qizlar va ularning onalari bilan ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan edi. Barcha tashkilotlar sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, mahalla, ichki ishlar, prokuratura, FHDYo, psixologlar tomonidan muhokama qilinardi);
- maktablarning o‘quv dasturlariga reproduktiv salomatlik, jinsiy tarbiya va madaniyat yo‘nalishlari bo‘yicha darslar kiritilmagan;
- yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonlarining muhimligi haqidagi targ‘ibot va amaliy ishlar yetarli darajada emasligi bo‘yicha fikrlar bildirildi;
- onalar qizlarini yaxshiroq, boyroq joyga tushsin deb tez turmushga berish payida bo‘lishi va qizni o‘qitish, kasb o‘rgatishga e’tibor bermasligi;
- ayrim ota-onalarning “qizim el oldida gap-so‘z bo‘lib qolmasdan turmushga berib olay,” deb vaqtli uzatib yuborishi.
Olib borilgan tadqiqot natijasida quyidagi asosiy xulosalar shakllantirildi:
- Aksariyat hollarda erta nikohlarning asosiy tashabbuskori kelin va kuyovning ota-onalaridir (50,3%);
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra ayollar va erkaklar uchun belgilangan yosh to‘g‘risida hamma ma’lumotga ega emas. Erta turmush qurgan qizlarning 39,2% nikohni necha yoshdan rasmiylashtirish mumkinligi to‘g‘risida aniq tushunchaga ega emas. Ota-onalarning atigi 56,1 % o‘g‘il, 70,7% qiz bolalarning 18 yoshdan nikohni rasmiylashtirishi mumkinligini biladi;
- Erta turmush qurgan ayollarning aksariyati turmush qurgandan so‘ng turli salbiy oqibatlar va qiyinchiliklarga duch kelgan.
[1] https://www.unfpa.org/child-marriage#readmore-expand
[2] Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 21.02.2022й “2030 йилгача бўлган даврда барқарор ривожланиш соҳасидаги миллий мақсад ва вазифаларни амалга оширишни жадаллаштириш бўйича қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида” 83-сон қарори https://lex.uz/ru/docs/5870397