“Ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishdagi zamonaviy tendensiyalar: metodologiya va vositalar” mavzusidagi Yozgi maktab-2022
Ma’lumki, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti oila institutini mustahkamlash bo‘yicha yozgi va qishki maktablar, ilmiy ma’ruzalar va munozaralar maydonchalarini tashkil etish vazifasi belgilab qo‘yilgan. Shu bois joriy yil 01-05 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (YuNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda USAIDning huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda “Ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishdagi zamonaviy tendensiyalar: metodologiya va vositalar” mavzusida navbatdagi to‘rtinchi sayyor yozgi maktabni tashkil qildi. Mazkur yozgi maktab Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Avenyu-park” mehmonxonasida, eng go‘zal tabiat ko‘ynida besh kun davomida o‘tkazildi.
Maktabning asosiy vazifasi – oila institutini rivojlantirish, yosh olimlarni sohaga jalb etish, bilim va tajriba almashish, institutning ekspert va yosh olimlar bazasini kengaytirish, tadbir mavzusi doirasida ishtirokchilarda zaruriy bilim, ko‘nikmalarni shakllantirish va malakalarni oshirishdan iborat. Yozgi maktabda 20 nafar tinglovchi ishtirok etdi, Sizlarga axborot uchun aytib o‘tmoqchiman ishtirokchilarning qariyb 50 foizini ilmiy darajali tinglovchilar tashkil qildi. O‘shbu yozgi maktabning 20 nafar tinglovchilar tarkibida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy-tadqiqot markazlarning ilmiy xodimlari, mustaqil izlanuvchi va doktorantlarlar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Makroiqtisodiyot va prognozlashtirish instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Xalqaro vestminster universiteti, Yuridik universiteti, Qishloq ho‘jaligini irrigatsiya va mexanizatsiya universiteti, Samarqand davlat universiteti, Chirchiq pedagogika instituti, AMITI universiteti, Davlat boshqaruvi akademiyaning Samarqand filiallarini mas’ul xodimlari, olim va ekspert o‘qituvchilarni tashkil qildi. Yozgi maktabda Aholishunoslik jamg‘armasining xalqaro ekspertlari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, Davlat statistika qo‘mitasi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti olimlari, amaliyotchi mutaxassislari tomonidan ilmiy tadqiqotlarni olib borish, demografiya va gender masalalari bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar va mahorat darslari o‘tildi.
Ushbu yozgi maktabda tinglovchilar O‘zbekiston Respublikasida demografik rivojlanish tendensiyalari, O‘zbekistonda ilk bor yaratilgan Demografiya milliy portali taqdimoti, aholi va rivojlanish masalalari, demografik barqarorlik tushunchasi, O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha demografik barqororlik konsepsiyasi, demografik siyosatning gender jihatlari, jins bo‘yicha ajratilgan ma’lumotlarni to‘plash, global gender indekslarining umumiy ko‘rinishi va ularning ahamiyati, O‘zbekistonda gender ko‘rsatkichlarini rivojlantirish: yutuq va muammolar, uy xo‘jaliklarining tanlama kuzatuvini tashkil etish va o‘tkazish, avlodlar va gender tadqiqoti multiindikator klaster kuzatuvlarini o‘tkazish, geoaxborot tizimi va texnologiyalari asosida aholi kartalarini tuzish, ma’lumotlar bazasini yaratish, dasturlarida elektron raqamli kartalarni tuzish, demografik jarayonlarni vizuallashtirish, sotsiologik tadqiqotlarda o‘lchash muammolari va ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil usullari kabi mavzular bilan tanishdilar.
O‘quv jarayoni zamonaviy usullari asosida yuksak ilmiy saviyada interfaol uslublarni (loyiha texnologiyasi, aqliy hujum, keys va b.) qo‘llagan holda olib borildi. Yozgi maktabda ishtirok etgan 20 nafar tinglovchi olgan bilimlari ilmiy muammoni to‘g‘ri tadqiq etishga, ilmiy tadqiqotlarni to‘g‘ri o‘lchash, ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish va ma’lumotlarni vizuallashtirishga yordam berdi.