Dunyoda erta turmush va erta tug’ruq: sabablar, tendentsiyalar va bartaraf etish masalalari
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yigit-qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir. Balog‘at yoshiga yetmay turib, turmush qurgan va ona bo‘lgan ayollarning og‘ir xastaliklarga chalinish holatlari yuqori bo‘lib, bu eng avvalo, jamiyatning beparvoligi tufaylidir. Qizlarning to‘liq jinsiy a’zolarni shakllanishi va oila qurish uchun ruhiy tayyor bo‘lishligi 19-20 yoshga to‘g‘ri keladi, qizlarni 15-18 yoshgacha turmushga chiqishi, erta jinsiy hayot boshlashi ularning sog‘lig‘iga jiddiy zarar keltirishi bilan bir qatorda, homilani tug‘ma nuqson bilan tug‘ilishiga ham sabab bo‘ladi. Voyaga yetmagan onalardan tug‘ilgan bolalar o‘rtasida o‘lim holatlari 20-29 yoshdagi onalardan tug‘ilgan bolalarga nisbatan 50-90%ga ko‘proq uchraydi.
1-rasm. Xorij mamlakatlarda erta (child marriage) turmush qurish darajasi foizda
Har yili 12 million qiz 18 yoshga to‘lmasdan turib turmushga chiqadi, har daqiqada 23 qiz va uch soniyada bir qiz degani. Erta turmush qurish (child marriage) darajasi bo‘yicha Xindiston, Bangladesh, Nigeriya, Braziliya va Efiopiya kabi mamlakatlar 40-55% bilan peshqadamlik qilmoqda . Bu mamlakatlarda asosan qashoqlik sabab qizlarni erta uzatish xolati yuqori. Dunyo miqyosida 18 yoshga to‘lmasdan turib turmush qurgan o‘g‘il bollar 115 mlnni va bo‘ o‘rtacha 10-30%ni tashkil qilmoqda. O‘g‘il bolalar o‘rtasida bolalar nikohi tez-tez uchraydigan mamlakatlar geografik jihatdan xilma-xil bo‘lib, qizlar orasida eng ko‘p uchraydigan mamlakatlardan farq qiladi. Jumladan, butun dunyoda erta turmush qurish (child marriage) darajasi yuqori ko‘rsatkichi Afrika mamlakatiga to‘g‘ri kelmoqda, bu yerda yosh ayollarning 35% 18 yoshga qadar turmush qurgan, undan keyin Janubiy Osiyo mamlakatlarida, qariyb 30%ni tashkil qilmoqda. Lotin Amerika mamlakatlarida 24%, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada 17%, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida 12%ni tashkil qilmoqda.
Jadvaldan ko‘rishimiz mumkinki erta turmush qurish darajasi bo‘yicha eng ko‘p tarqalgan mamlakatlar qatoriga Niger, Markaziy Afrika Respublikasi, Bangladesh kirgan bo‘lsa, erta turmush qurish mutloq soni bo‘yicha eng ko‘p tarqalgan mamlakatlar qatoriga esa Hindiston, Bangladesh, Efiopiya va Braziliya kabi davlatlar kirmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Nigerda odatda qizlarning 76% 18 yoshgacha, 28% 15 yoshgacha turmushga chiqadi. Niger dunyoda bolalar nikohi darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichga ega va 18 yoshga to‘lmagan yoki turmushga chiqqan ayollarning mutlaq soni bo‘yicha 745 000 dunyoda 13 o‘rinda turadi. Niger mamlakati inson taraqqiyoti indeksida so‘nggi o‘rinni egallaydi, 3,2 milliondan ortiq odam oziq-ovqat tanqisligi sababli gumanitar yordamga muhtoj. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda G‘arbiy va Markaziy Afrikadagi ba’zi mamlakatlarga tarqalib ketgan zo‘ravonlik avj olgani sababli Nigerda vaziyat yomonlashmoqda. IShID va Al-Qoida bilan bog‘langan hukumat kuchlari va qurolli guruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini xavf ostiga qo‘ymoqda va minglab odamlarni uylarini tark etishga majbur qilmoqda. Bu maktabni tashlab ketish sonining ko‘payishiga, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik, shu jumladan, bolalar nikohiga olib kelmoqda. Hindiston, Bangladesh mamlakatlarda ham yuqoridagi holatlar kuzatilmoqda. MDH mamlakatlarni kuzatadigan bo‘lsak Rossiyada 2019 yilda nikohlarning aksariyati 25 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida qayd etilgan, 469 mingdan ziyod o‘g‘il bollar va 396 mingta qizlar turmush qurib ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq shunga qaramay 18 yoshgacha bo‘lgan turmush qurganlar soni 5,5 mingtani tashkil qilmoqda. Rossiyada erta turmush qurishning asosiy sabablaridan biri bo‘lib ommaviy jinsiy xulq-atvorning (jinsiy aloqaga bo‘lgan moyilikning keskin ortishi) o‘zgarishi bilan xarakterlanadi.
2-rasm. 2019 yilda Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan nikohlar soni, yosh kesimida
Markaziy Osiyo mamlakatlarni kuzatadigan 15 yoshdan oldin turmush qurganlar darajasi bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q, biroq 18 yoshdan oldin turmush qurganlar darajasi bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan. Jumladan, UNICEF 2017 yil statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 18 yoshdan oldin turmush qurganlar darajasi 7%, Qozoqistonda 7-11%, Turkmanistonda 6%, Tojikistonda 12% va Qirg‘izistonda 13% ni tashkil qilmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 13 foiz qirg‘iz qizlari 18 yoshgacha, jumladan, 0,5 foizi 15 yoshga ham to‘lmasdan turmushga chiqadi. Voyaga yetmaganlarning turmushi ko‘pincha zo‘ravonlik bilan amalga oshiriladi: qarorni ota-ona qabul qiladi, ba’zi hollarda esa qizni oilasidan shunchaki o‘g‘irlab ketishadi. Jamoat tashkilotlarining ma’lumotlariga ko‘ra, erta nikohdan o‘tgan qizlar ta’lim va kasbga ega bo‘lish, o‘zini shakllantirish hamda mustaqil pul ishlab topish kabi imkoniyatlardan mahrum bo‘ladi. Erta nikohlar ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi, shunday ekan, ular ajrashib ketadigan bo‘lsa, ayol aliment yoki mol-mulkning o‘ziga tegishli qismini talab qila olmaydi.
2012 yil 25 mayda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan 65-sessiyasi va unda ko‘rib chiqilgan dolzarb mavzu – “O‘smir yoshdagi homiladorlik va ularning salbiy oqibatlari” bu boradagi fikrlarimizning yorqin ifodasidir. Unda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 15-17 yoshdagi 16 million nafar o‘smir qiz va 1 millionga yaqin 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarning tug‘ishi, shuningdek, yiliga 3 million nafar 15-19 yoshdagi qizlar xatardan holi bo‘lmagan abort qildirayotganligi bilan o‘z hayotlarini xavf ostida qoldirmoqda.
Yevropa psixologlar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, erta turmush qurgan yoshlarning deyarli barchasida uzoq muddatli ruhiy siqilish holati kuzatilar ekan. Shuningdek, erta turmushga chiqish oqibatida ayollarda yuzdan ziyod kasalliklar yuzaga kelishi mumkin ekan. Qolaversa, mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘n sakkiz yoshgacha farzand ko‘rgan ayollarning chaqaloqlari orasida esa o‘lim holati 20 yoshdan keyin ona bo‘lgan ayollardagiga nisbatan sezilarli darajada ko‘p uchraydi.
So‘nggi chorak asr davomida, ayniqsa, qizlar orasida nikohning o‘rtacha yoshi pasayib ketdi. Vaholanki, 2011 yildan boshlab, mamlakatda nikohning minimal yoshi rasmiy ravishda 17 dan 18 gacha oshirilgan edi. Xotin-qizlar va oila qo‘mitasining bu boradagi targ‘ibotlari va urinishlariga qaramay, mamlakatda erta turmush qurish amaliyoti keng tarqalgan. Erta turmushga chiqish qizlarning bilim olishini, harakatchanligi va avtonomligini cheklab qo‘yadi. Ular zarur hollarda eri va oilasi ra’yiga qarshi bora olmaydi. Bundan tashqari, voyaga yetmagan xotin va umr yo‘ldoshiining yoshi o‘rtasidagi sezilarli (katta) farq, juvonning xavfsiz jinsiy aloqa va oilani rejalashtirish masalalarini muhokama qilishdagi mavqeini zaiflashtiradi.
Bugungi kunda erta turmush qurish va o‘smir yoshdagi homiladorlik muammosi ko‘pchilikni bezovta qilmoqda. Chunki erta tug‘ruq ayolda o‘lim xavfini oshiradi, shuningdek, ona va bolaning salomatligi bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘ladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasidagi homiladorlikning eng past ko‘rsatkichlari (2017 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra) 15-19 yoshdagi har 1000 nafar qizga Shimoliy Koreyada – 0 (to‘liq ma’lumotlar yo‘qligi sababli), Koreya Respublikasida – 1, Xitoy va Shveysariyada – 3, Daniya va Singapurda – 4, Belgiya, Fransiya, Italiya, Lyuksemburg, Shvesiya, Norvegiya va Kiprda esa 5 tadan to‘g‘ri kelar ekan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Afrika davlatlariga to‘g‘ri kelib, birinchi uchtalik Nigeriya (187), Mali (169), Chadga (161) tegishli. Ushbu manbada O‘zbekistondagi holat ham qayd etilgan: 15-19 yoshdagi har 1000 nafar qizga 24 ta erta tug‘ruq to‘g‘ri keladi.
statista.com ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda o‘smirlar o‘rtasidagi homiladorlik darajasi Bangladesh 15-19 yoshdagi har ming ayolga nisbatan eng ko‘p tug‘ilish ko‘rsatkichiga ega bo‘lib, har ming nafar o‘spirin ayolga taxminan 82,96 tug‘ilish to‘g‘ri keladi. O‘sha yili o‘smirlar o‘rtasidagi homiladorlik darajasi Janubiy Koreyada eng past ko‘rsatkichga ega bo‘lib, 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har ming ayolga 1,38 tug‘ilish qayd etilgan (3-rasm).
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti statistikasida ta’kidlanishicha, rivojlanayotgan davlatlarda har yili 15-19 yoshdagi taxminan 21 million qiz ona bo‘ladi. Shundan 2,5 million kishini 16 yoshdan kichik qizlar tashkil qiladi. «Homiladorlik va tug‘ruq vaqtidagi qiyinchiliklar dunyo bo‘yicha 15-19 yoshli qizlarning o‘limiga ham sabab bo‘lib kelmoqda. Bundan tashqari, 10-19 yoshli ona bo‘ladigan qizlarning ko‘pchiligining hayoti 20-24 yoshlilar bilan solishtirganda xavf ostida bo‘ladi», deyiladi JSST ma’lumotida.
2020 yilda ayrim dunyo mamlakatlarida o‘smir yoshdagi homiladorlik darajasi, mamlakatlar yoki mintaqalar bo‘yicha (1000 ayolga).
Erta turmush qurish sabablari xar bir mamlakatning geografik joylashuvi, madaniyati, urf-odati, dini va axolining bilim va qashoqlik darajasi kabi omillarning xilma-xiligidan kelib chiqib yondashiladi. Jumladan, Hindistonda erta turmush qurish sabablari sifatida:
- zararli an’anaviy urf-odatlar: patriarxal ijtimoiy me’yorlarga ko‘ra, turmush qurgan ayollar va qizlar erlarining oilasiga mansub bo‘lib, ayollar odatda iqtisodiy yuk sifatida qaraladi. qizlar moslashuvchan, itoatkor, mehnatsevar va iste’dodli xotin bo‘lishlari talab qilinadi. hindistonda bolalar nikohini tugatishda to‘siq bo‘ladigan asosiy omil bu zararli diniy normalarning mavjudligidir;
- qizlarning shahvoniyligini nazorat qilish: qiz bola turmushga chiqqunga qadar uning pokligi otasining izzat-ikromi belgisi hisoblanadi. bu otalarini o‘z qizlarini erta turmushga o‘zatishga undaydi. balog‘at yoshida turmush qurish uchun ijtimoiy bosim ba’zi bir kastlar ichida juda yuqori bo‘lib, o‘z qizlarining kelajagini “ta’minlash” uchun tug‘ilishidan oldin turmushga uzatish va’dasini berishadi. balog‘at yoshiga yetganida esa erining uyiga yuboriladi;
- kambag‘allik: erta nikoh kambag‘al oilalar orasida keng tarqalgan bo‘lib, ko‘plab ota-onalar o‘zlarining modiy ahvolini yaxshilash maqsadida qizlarini erta turmushga berishadi. buning boisi hindiston urf-odatlarga ko‘ra qiz uzatilayotganda yigit tarafga mahr beriladi;
- ta’lim darajasining pastligi: ma’lumoti bo‘lmagan ayollar 10 yoki undan ortiq yillik ma’lumotga ega bo‘lgan ayollarga qaraganda olti baravar ko‘p turmush quradilar. ko‘pgina oilalar qizlarini (boshqalarning boyligi) deb qarashadi. bu shuni anglatadiki, qizning qobiliyatlari uning turmush qurgan oilasi uchun qaratilgan bo‘lib, o‘g‘il bolalarga qaraganda qizlarni o‘qitish eng past ustuvor hisoblanadi. bundan tashqari, ish joylari va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarining yetishmasligini hisobga olgan holda, ta’limning ahamiyati past, ayniqsa qishloq joylarida, masofaviy va sifatsiz ta’lim qizlarning o‘rta maktabdan tashqari ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladi;
- uy mehnati: qizlar ko‘pincha balog‘atga yetishish davrida bolalarga qarash va uy ishlarini bajara olish ko‘nikmasi shakllangan paytda turmushga beriladi. yosh kelinlarning mehnati qishloq joylarda asosiy o‘rinni egallaydi.
Xorij mamlakatlarni kuzatganimizda erta homiladorlik sabablari sifatida quydagilar keltiriladi:
- jinsiy va reproduktiv salomatlik va gender huquqlar to‘g‘risida ma’lumot yetishmasligi, shuningdek mamlakatda jinsiy va reproduktiv salomatlikni asrash bo‘yicha xizmatlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi;
- jamiyatda yoshlar o‘rtasida o‘qishga kira olmaslik xolatlarning ko‘pligi, maktab va kollejlarga bormaslik, tashlab ketish ehtimoli ko‘pligi, ta’lim xarajatlarning qimmatliligi, yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi yuqoriligi, bekorchilik va boshqalar;
- Ota-onalar tamonidan erta uzatishga majbur qilish, qizlar qaror qabul qilishda cheklangan kuchga ega ekanligi, uy mehnatiga katta urg‘u berilishi, qizlar ko‘pincha balog‘atga yetishish davrida bolalarga qarash va uy ishlarini bajara olish ko‘nikmasi shakllangan paytda turmushga beriladi, yosh kelinlarning mehnati qishloq joylarda asosiy o‘rinni egallaydi, yoshlarga moslashtirilgan xizmatlardan yetarli darajada foydalanish imkoniyati yo‘qligi;
- jamiyatda yoshlar o‘rtasida alkogol va narkotik maxsulotlarning keng tarqalganligi buning boisi o‘smirlik davrida o‘spirinlar tez-tez do‘stlari bilan ijtimoiy uchrashuvlarda yoki ziyofatlarda ichkilik ichishi va giyohvand moddalar bilan tajriba o‘tkazishi mumkin. Spirtli ichimliklarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish, shuningdek, giyohvand moddalarni iste’mol qilish tajribasi istalmagan yoki kutilmagan homiladorlikka olib kelishi mumkin. Ushbu moddalar o‘spirinlarning mantiqiy fikrlash qobiliyatiga va umumiy fikrlash jarayonlariga chuqur ta’sir qiladi va shu bilan ularning himoyalanmagan va xavfli jinsiy faoliyati bilan shug‘ullanish ehtimolini oshiradi;
- mamlakat xududlarida qashoqlikning keng avj olishi, o‘smirlarning ma’naviy ehtiyoji qondirilmaslig darajasi yuqoriligi, o‘smirlar o‘rtasidagi homiladorlik ko‘pincha ijtimoiy-iqtisodiy holati past oilalardan, ko‘pincha qashshoqlikdan aziyat chekadigan va bolasini tarbiyalash uchun barcha zarur resurslarga ega bo‘lmagan oilalardan kelib chiqadi;
FOYDALANILGAN MANBALAR RUYXATI
- UNICEF global databases, 2020, based on DHS, MICS and other national surveys, 2013-2019.
- https://www.girlsnotbrides.org/about-child-marriage/
- https://www.globalcitizen.org/en/content/5-countries-with-highest-child-marriage/
- UNICEF global databases, 2019, based on DHS, MICS and other national surveys, 2007-2017.
- https://data.unicef.org/topic/child-protection/child-marriage/
- https://www.girlsnotbrides.org/where-does-it-happen/atlas/
- https://www.girlsnotbrides.org/where-does-it-happen/atlas/niger
- https://www.statista.com/statistics/1034194/russia-number-of-marriages-by-age-and-gender
- https://www.girlsnotbrides.org/child-marriage/uzbekistan/
- https://www.girlsnotbrides.org/child-marriage/kazakhstan/
- https://www.girlsnotbrides.org/child-marriage/turkmenistan/
- https://www.girlsnotbrides.org/child-marriage/tajikistan/
- https://www.girlsnotbrides.org/child-marriage/kyrgyzstan/
- https://data.worldbank.org/indicator/SP.ADO.TFRT?locations=HK&view=map
- https://www.who.int/news-room/fact-sheets/detail/adolescent-pregnancy
- https://www.statista.com/statistics/631112/asia-pacific-adolescent-fertility-rate-in-asia-pacific/
- http://www.tandfonline.com/doi/full/10.1080/02673843.2012.655912#tabModule
- http://www.unicef.org/malaysia/Teenage_Pregnancies_-_Overview.pdf