Demografiya sohasiga oid normativ-huquqiy asoslarni takomillashtirish
O‘zbekiston Respublikasining demografiya va aholishunoslik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik bazasi 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlardan iborat bo‘lib, ular ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini o‘z ichiga olgan. Xususan, ilk bora demografik ma’lumotlar har bir shaxsning axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, foydalanish va saqlash huquqlarining ob’ekti sifatida 2002-yil 12 dekabrda 439-II-son “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan bo‘lib, uning 6-moddasida demografik ma’lumotlar maxfiy ma’lumotga kirmasligi ta’kidlangan.
Oradan o‘n to‘qqiz yil o‘tib, 2021-yil 11 avgustdagi O‘RQ-707-son “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonun bilan “rasmiy statistika ma’lumotlari” tushunchasiga ta’rif berilib, unda statistika kuzatuvlari natijasida va (yoki) ma’muriy ma’lumotlar asosida tayyorlangan iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik xususiyatga hamda boshqa xususiyatga ega axborot sifatida ko‘rsatildi. Shuningdek, ushbu Qonunning 24-moddasida ro‘yxatga olish mamlakatni demografik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim xususiyatlari hamda yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi. Shu qatorda Hukumatning 2002-yil 24 dekabrdagi 448-son qarori bilan tashkil etilgan Demografiya va iste’mol bozorini o‘rganish markazining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari sifatida respublikada demografiya jarayonlari rivojlanishi omillari va tendensiyalarini tahlil etish, demografik o‘sishning mintaqaviy xususiyatlarini o‘rganish va shu asosda demografik o‘sish va demografik tarkib o‘zgarishi, mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash prognozlarini asoslash belgilanishi demografiyaning institutsional asoslari bo‘lib xizmat qildi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar demografiya sohasida ham tub o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. Demografiyaning huquqiy ta institutsional asoslari takomillashtirildi. Xususan, 2019-yil 5 fevraldagi PF–5655-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kontsepsiyasi qabul qilingan bo‘lib, unda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning asosiy vazifalaridan biri sifatida aholi tarkibidagi global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish belgilandi. So‘ngra, 2020-yil 16 martdagi O‘RQ-611-son “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinib, unda aholini ro‘yxatga olish tizimi, shu jumladan uni tashkil etish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar qonun darajasida tartibga solindi. Mazkur Qonunda “aholini ro‘yxatga olish” tushunchasiga berildi, shuningdek, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirishaholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Qolaversa, mazkur Qonun bilan aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtirilish lozimligi qayd etildi.
Aholi bandligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi O‘zbekiston Respublikasining demografik tahlili va demografik rivojlanish prognozlaridan kelib chiqqan holda kelgusi yil uchun shakllantirilishi 2020-yil 20 oktabrdagi O‘RQ-642-son “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘rsatilgan. Shu kabi, maktabgacha ta’lim sohasidagi pedagogning kasbiy standarti hududlarning madaniy, demografik va boshqa xususiyatlari inobatga olingan holda talablar bilan to‘ldirilish mumkinligi haqida 2019 yil 16 dekabrdagi O‘RQ-595-son “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilandi.
Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar demografiyaning institutsional asoslarini takomillashtirdi. Aholi demografisini o‘rganish va tadqiq qilishning davlat va nodavlat sektorlari yaratishiga xizmat qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22 fevraldagi PF–5667-son “Sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon bilan O‘zbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasini tashkil etildi va uning vazifalaridan biri sifatida O‘zbekistonda va xorijda demografik jarayonlarni o‘rganish va tahlil qilishga ko‘maklashish belgilandi. Shuningdek, 2018-yil 29 maydagi PQ–3752-son “Ijtimoiy-iqtisodiy sohada ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib kelgusida mehnat resurslari prognozli balanslarini, shuningdek, aholiga taqdim etiladigan ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan innovatsion chora-tadbirlar hamda mexanizmlarni ishlab chiqqan holda, demografik rivojlanishning o‘rta muddatli va uzoq muddatli prognozlarini shakllantirish belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 31 dekabrdagi PQ-4939-son qarori bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Mehnat bozori tadqiqotlari institutiga mehnat bozorining rivojlanish tendensiyalarini, uning kasbiy-malaka tuzilmasini, mehnat bozorining malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish sohasidagi vazifalarni bajarish uchun mehnat resurslarining prognoz balanslarini, demografik rivojlanishning o‘rta va uzoq muddatli prognozlarini tayyorlash funksiyasini bajarishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31 iyuldagi PQ-3165-son qarori bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 18 fevraldagi PF–5938-son Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2020-yil 18 fevraldagi PQ–4602-son qarori bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga demografik hodisalar va demografik rivojlanishni o‘rganish vazifalari belgilandi.
Demografiya sohasiga oid quyidagi yo‘nalishlarda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq:
- a) Aholini ro‘yxatga olish tizimining huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish. O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuniga aholini ro‘yxatga olish varag‘idagi ma’lumotlarni kiritish, qayta ishlash va yakuniy ma’lumotlarni joylashtirish imkoniyatini beruvchi “aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimi, shuningdek “o‘zini o‘zi ro‘yxatga olish” prinsipi asosida fuqaro o‘zini va oila a’zolarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish, aholini ro‘yxatga olish davrida davlatning ma’muriy-hududiy tuzilishiga o‘zgartirishlar kiritishga moratoriy (cheklov) joriy etishni nazarda tutuvchi normalarni kiritish.
- b) Ichki migratsiyani boshqarish va uni tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish:
birinchidan, ichki migratsiyani erkinlashtirish, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida harakatlanishining huquqiy va tashkiliy asoslari, doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi, bu borada vakolatli davlat organlarining huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi «Ichki migratsiya to‘g‘risida»gi Qonunini qabul qilish;
ikkinchidan, ichki migratsiyani oqilona qayta taqsimlash maqsadida aholi zich bo‘lmagan hududlarga ishchi kuchini joylashtirish uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi huquqiy asoslar yaratish:
- uzoq va keng maydonga ega hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari)da yangi shaharlar va shaharchalar barpo etish, shuningdek ular uchun zarur bo‘lgan muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari qurish. Bunda bo‘sh turgan yer uchastkalari, yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan turar joylar hududlarini, shuningdek foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlarni investorlarga soddalashtirilgan tartibda va qulay qiymatda sotish;
- yangi barpo etiladigan shahar va shaharchalarga aholini, shu jumladan mutaxassislarni jalb etish maqsadida soddalashtirilgan va qulay o‘rta va uzoq muddatli ipoteka kreditlash tizimini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun subsidiyalar ajratish, ichki migrantlar hisobidan ishchi kuchini jalb etganlik uchun soliq va boshqa imtiyozlar berish;
- uzoq hududlarda ustuvor kasblar ro‘yxatini shakllantirish hamda qishloq aholisini yangi sanoat ixtisosliklariga o‘qitish va qayta tayyorlash hamda mehnat kuchlarining uzoq hududlarga ixtiyoriy ravishda ko‘chishga olib keluvchi investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi investor-tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash.
- v) Tug‘ilishni nazorat qilish va reproduktiv salomatlikni asrash. Demografik tabiiy o‘sishni barqarorlashtirish, oilani rejalashtirish, salomatlik va hayot sifatini yaxshilash maqsadida oilani rejalashtirish[1] dasturini qabul qilish. Ushbu dastur doirasida erta va qarindoshlar o‘rtasida nikohning oldini olish, nikohlanuvchilarning barchasini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, rejalashtirilmagan homiladorlikning oldini olish, aholiga bepul himoyalanish vositalari tarqatish kabi nikohning uzoq, rejali va mustahkam bo‘lishini ta’minlovchi choralarni o‘z ichiga qamrab oladi.
Ma’lumot o‘rnida: 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy 3.7-vazifa “2030 yilgacha jinsiy va reproduktiv salomatlikni asrash bo‘yicha xizmatlardan, shu jumladan, oilani rejalashtirish va o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan qizlar uchun nikoh yoshini uzaytirish xizmatlaridan umumiy foydalanishni hamda milliy strategiya va dasturlarda reproduktiv salomatlikni asrash masalalarining hisobga olinishini ta’minlash”[2] hisoblanadi.
- Oila kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish. Bunda: nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar, jumladan, yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishning oldini olishga oid aniq normalarni kiritish; nikoh shartnomasini tuzish amaliyotini takomillashtirish; aliment majburiyatlari bilan bog‘liq normalarni qayta ko‘rib chiqish.
- Barvaqt o‘limning olini olish va salomatlikni asrash. Bu borada majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etishning huquqiy asoslari, mexanizmlari va bosqichlari, sug‘urta dasturlarini moliyalashtirish mablag‘larini shakllantirish manbalarini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasining “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi Qonunini ishlab chiqish.
- Pensiya ta’minoti, nafaqalar tayinlash, ijtimoiy yordam va ijtimoiy ta’minot tizimini jiddiy isloh qilish. Mamlakatimizda davlat ijtimoiy himoyasining yagona tizimini yaratish, shuningdek fuqarolarni nafaqalar bilan ta’minlashga oid munosabatlar tarqoq holda tartibga solayotgan qonunchilik hujjatlarini birlashtirish va tizimlashtirish maqsadida maqsadida Ijtimoiy himoya tizimining 2030 yilgacha strategiyasi hamda “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni ishlab chiqish.
- O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha mo‘ljallangan demografik barqarorlik konsepsiyasini ishlab chiqish. Dunyo mamlakatlarining aksariyatida demografiya sohasiga doir qonunlar va qonunosti hujjatlari bor. Masalan, aholisi 9,1 mln. kishini tashkil qiladigan qo‘shni Tojikistonda Prezidentning “Tojikiston Respublikasining davlat demografik Konsepsiyasini amalga oshirish dasturi to‘g‘risida”gi[3], aholisi 18,7 mln.kishini tashkil qiladigan Qozog‘istonda Prezidentning “Qozog‘iston Respublikasining davlat demografik Konsepsiyasi to‘g‘risida”gi qarori[4] qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi aholisining 35 mln.kishini tashkil qilishini inobatga olsak, mamlakat demografik rivojlanishini tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
[1] Оилани режалаштириш деганда оила қуриш, уни мустаҳкамлаш ва ривожлантириш, ўлимни, айниқса болалар орасидаги ўлимни қисқартириш, она ва бола саломатлигини муҳофаза қилиш бўйича илмий асосланган тадбирлар мажмуи тушунилади.
[2] Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2018 йил 20 октябрдаги “2030 йилгача бўлган даврда барқарор ривожланиш соҳасидаги миллий мақсад ва вазифаларни амалга ошириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги 841-сон қарорига 1-илова // Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 23.10.2018 й., 09/18/841/2081-сон
[3] http://pdf.knigi-x.ru
[4] http://adilet.zan.kz/rus/docs/P000001272_/links