Demografik jarayonlar prognozni ishlab chiqish bo‘yicha metodik qo‘llanma
Umumiy holat
Demografik jarayonlar prognozini ishlab chiqish bo‘yicha ushbu metodik qo‘llanma (bundan buyon matnda – Metodika) O‘zbekiston Respublikasi va uning hududlari aholisining soni, tarkibi va demografik jarayonlarning prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish bo‘yicha yagona yondashuvni belgilaydi. Ushbu metodika demografik prognozning kogort-komponent usuli orqali amalga oshiriladi. Kogort-komponent usuli nafaqat jami aholining kelgusidagi sonini, balki uning yoshi, jinsi hamda hududlar bo‘yicha taqsimlanishinini ham aniqlash imkonini beradi. Aholi sonining o‘zgarishi iqtisodiyotda talab va taklifning shakllanishini belgilab beradi hamda respublika va hududlarning kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Demografik prognozni ishlab chiqish
Demografik prognoz quyidagi umumiy qabul qilingan tamoyillar asosida ishlab chiqiladi:
- o‘tmish, hozirgi va istiqboldagi hisob-kitob va baholashda demografik rivojlanish xususiyatlarini hisobga olish;
- prognoz qilinayotgan hududning ijtimoiy-iqtisodiy holatini hisobga olish;
- rasmiy statistik va ijtimoiy tadqiqotlar natijalaridan foydalanish.
Demografik prognozni ishlab chiqish quyidagi bosqichlardan iborat:
- demografik prognoz ob’ektini aniqlash;
- demografik prognoz muddatini aniqlash (qisqa, o‘rta va uzoq muddatli);
- demografik prognozning tayanch davrini aniqlash;
- prognoz natijalarini tahlil qilish.
Ushbu usul asosida prognozni amalga oshirish uchun quyidagi statistik ma’lumotlar talab qilinadi:
- tayanch yildagi aholining soni, yosh (0, 1, 2, 3, 4, 5, … 100 yosh) va jinsiy (erkak, ayol) hamda hududiy (shahar, qishloq) tarkibi, bundan tashqari yosh guruhlari bo‘yicha (0-4, 5-9, 10-14 yoshlilar va boshqalar) ham bo‘lishi mumkin;
- tayanch yilda vafot etganlarning yoshi bo‘yicha tarkibi;
- tayanch yildagi har bir yosh bo‘yicha o‘lim darajasi;
- tayanch yilda O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelganlar soni, yosh, jinsiy va hududiy tarkibi;
- tayanch yilda O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketganlar soni, yosh, jinsiy va hududiy tarkibi;
- tayanch yilda tug‘ilganlarning onasining yoshi bo‘yicha tarkibi.
Aholi soni va tarkibi prognozini ishlab chiqish uchun hisob-kitoblar quyidagi ketma-ketlikda bajarilishi kerak:
- tayanch yildagi aholi soni va yosh tarkibi yordamida o‘lim jadvalini tuzish (bunda va bundan keyingi jadvallarda tayanch yildagi ma’lumotlarni aniqlash uchun ma’lum yilning boshi va oxiridagi ko‘rsatkichlarni qo‘shib, teng ikkiga bo‘lish orqali o‘rtacha yillik miqdorlarni hosil qilish mumkin. Ba’zi ko‘rsatkichlarni hisoblash uchun ana shu o‘rtacha yillik ma’lumotlar kerak bo‘ladi);
- reproduktiv yoshdagi ayollarning soni va yosh tarkibini aniqlash;
- prognoz yillarida tug‘iladigan aholi soni va tarkibini aniqlash;
- tayanch yildagi migratsiya koeffitsienti asosida prognoz qilingan yillardagi migratsiya saldosini aniqlash;
- yakuniy prognoz jadvalini tuzish.
- O‘lim jadvalini hisoblash o‘lim darajasini hisobga olgan holda kelgusi yilgacha yashab qoladigan aholi sonini aniqlash maqsadida tuziladi. O‘lim darajasi har bir yoshdagi jami o‘lganlar sonini o‘sha yoshdagi o‘rtacha yillik aholiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi (1-jadval, Ye ustun).
Hosil bo‘lgan raqamni 1 dan ayirib tashlash orqali yashab qolish koeffitsienti aniqlanadi (1-jadval, F ustun). Ushbu koeffitsientni har bir yosh intervalidagi aholi soniga ko‘paytirib, keyingi yilda 1 yoshga ulg‘ayadigan (yashab qoladigan, demografik prognozning ikkinchi nomi – yosh siljitish aynan mana shu jarayondan kelib chiqib nomlangan) aholi soni aniqlanadi.
Shunday qilib, yosh siljitish butun prognoz davri uchun amalga oshiriladi. Prognoz davridagi “0” yoshdagi aholi fertil (tug‘ish) yoshidagi ayollar soniga qarab belgilanadi. Prognoz davridagi reproduktiv yoshdagi ayollar sonini aniqlashda xuddi o‘lim jadvali kabi ayollar uchun ham alohida jadval tuziladi va har bir prognoz davri uchun 15-49 yosh intervalidagi ayollar ajratib olinadi (2-jadval). Reproduktiv yoshdagi ayollar soni prognoz davrida tug‘iladiganlar sonini aniqlaydi.
Prognoz davridagi tug‘ilganlar soni (0 yoshdagi aholi soni) tayanch yildagi har bir reproduktiv yoshdagi ayollarga nisbatan tug‘ilish koeffitsienti orqali hisoblanadi (3-jadval, ustun Ye). Ushbu koeffitsient tug‘ilganlar sonini (3-jadval, ustun D) ayollar soniga (3-jadval, ustun S) bo‘lish va 1000 ga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblanadi. Bundan tashqari, koeffitsient ma’lum yoshdagi har 1000 ayollar uchun o‘rtacha tug‘ilganlar sonini bildiradi.
Prognoz davridagi har bir yosh intervalidagi ayollar sonini tug‘ilishning yosh koeffitsientiga ko‘paytirish va shu tartibda 1000 ga bo‘lish orqali har bir yosh intervalidagi tug‘iladiganlar soni aniqlanadi. Barcha yosh guruhlarining yig‘indisi prognoz qilingan davrdagi tug‘iladiganlar sonini aniqlaydi. Ushbu raqamlar yuqorida ko‘rsatilgan o‘lim jadvalida prognoz qilingan yillarning tegishli bo‘sh kataklar (yacheykalar)iga (0 yosh intervaliga) kiritiladi. Mamlakatning doimiy aholisi soni prognozini ishlab chiqishda migratsiya jarayoni ham inobatga olinadi. Buning uchun migratsiya koeffitsienti hisoblab chiqiladi. Bunda migratsiya saldosi aniqlanadi, ya’ni mamlakat hududidan chiqib ketuvchilar va hududga kelganlar o‘rtasidagi farq aniqlanadi (4-jadval, ustun F). Agar hududga kirib kelganlar soni undan chiqib ketganlar sonidan ko‘p bo‘lsa – ijobiy saldo, agar kam bo‘lsa – salbiy hisoblanadi. Har bir yosh guruhidagi migratsiya saldosi ko‘rsatkichini tegishli yoshdagi aholi soniga bo‘lish orqali migratsiya koeffitsientini aniqlash mumkin (4-jadval, ustun G). Hosil bo‘lgan ko‘rsatkichni prognoz yillaridagi tegishli yosh intervalidagi aholi soniga ko‘paytirilsa, prognoz qilingan davrdagi har bir yosh intervalida kutiladigan migratsion saldo hosil bo‘ladi.
Prognoz davridagi har bir yosh intervalining umumiy saldosi yig‘indisi tegishli ravishda o‘sha yil uchun migratsiya saldosining umumiy miqdorini bildiradi. Yakuniy jadvalni hisoblash. Yosh siljitish usuli yordamida aholi prognozini ishlab chiqishning yakuniy bosqichida, agar prognoz yilida migratsiya saldosi ijobiy bo‘lsa, u prognoz yilidagi umumiy aholi soniga qo‘shiladi, agar saldo salbiy bo‘lsa, u prognoz yilining umumiy aholi sonidan ayriladi (5-jadval). 5-jadval asosida hisoblab chiqilgan aholining yakuniy miqdori prognoz qilingan davr aholisining jami soni hisoblanadi.
Xuddi shu usul yordamida erkaklar va ayollar sonini alohida, shuningdek, shahar va qishloq aholisi soni prognozini hisoblab chiqish mumkin. Ushbu metodika yordamida hududlarda demografik prognozlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.