Tug‘ilishni tartibga solish
Tug‘ilishni tartibga solish demografik siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri. Yuqorida qayd qilinganidek, davlatlarning tug‘ilishni tartibga solishga qaratilgan siyosatida ikki xil yondashuv kuzatiladi. Birinchi yondashuvga moyil mamlakatlarda demografik o‘tish hali tugallanmagan va tug‘ilish darajasi nisbatan yuqori bo‘lib, ularni asosan aholi sonining o‘sish sur’atlarini kamaytirish va shu yo‘l bilan mamlakat iqtisodiyoti va resurslariga bo‘lgan demografik bosimni pasaytirish muammosi tashvishga soladi. Ushbu masalada eng faol siyosatni aholisining soni jihatidan dunyoda eng ko‘p hisoblangan Xitoy va Hindiston olib boradi. Bu mamlakatlar turli xil, jumladan, regressiv chora-tadbirlarni amalga oshirish yo‘li bilan aholi soni ortishi sur’atlarini iloji boricha pasaytirishga urinmoqda. Ikkinchi yondashuv tarafdorlari iqtisodiy jihatdan rivojlangan, biroq tug‘ilish larajasi hatto aholining oddiy takror hosil qilinishini ta’minlashga qodir bo‘lmagan mamlakatlardir. Biroq bu davlatlar ham tug‘ilishni tartibga solish siyosatini amalga oshirishda o‘zaro farq qiladi. Masalan, AQSh va Buyuk Britaniyada tug‘ilish darajasi aholining takror hosil etilishini ta’minlay olmayotganligiga qaramay, bu ularning ichki va tashqi manfaatlari hamda ehtiyojlari uchun yetarli, deb hisoblanadi. Mazkur davlatlarda farzandlar ko‘rish shaxsning va oilaning xususiy ishi, aholi sonining o‘sishi esa mamlakatga iqtisodiy, ijtimoiy yoki ekologik foyda keltirmaydi, degan fikr ustun turadi.