Tanlama tadqiqotlar

Tanlama tadqiqotlardan hayotning deyarli barcha sohalariga doir ma’lumotlarni to‘plashda foydalaniladi. Ushbu tadqiqotlar aholining muayyan guruhiga tegishli ma’lumot olishga imkon yaratadi. Tanlama tadqiqotlar aholi ro‘yxatlarini tayyorlash va o‘tkazilishida alohida o‘rin tutadi. Buning uchun umumiy aholi ro‘yxati dasturi bo‘yicha o‘tkaziladigan kichik ro‘yxatlar tuziladi. Bu tadqiqotlarda mamlakatning barcha aholisi emas, balki uning bir qismigina qatnashadi. Kichik ro‘yxat so‘nggi aholi ro‘yxati o‘tkazil-ganidan keyingi davrda aholi tarkibida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beradi. Tanlama tadqiqotlar ikki: retrospektiv (o‘tmish) va perspektiv (istiqbolli) usulda olib boriladi. Agar respondentlarga ularning o‘tmishida bo‘lib o‘tgan voqealar xususida savollar berilsa, bunday ma’lumot to‘plash usuli retrospektiv tadqiqoti, deb ataladi. Shu bilan birga muayyan aholi guruhi orasida butun umri yoki uning bir qismi davomida bo‘layotgan hodisalarni ular ro‘y berishi bilanoq qayd etib borish ham mumkin. Bunday ma’lumot yig‘ish usuli perspektiv (istiqbolli), deb nomlanadi va u shaxslarning istiqbol prognozlariga qaratilgan bo‘ladi.