Tabiiy tug‘ilish
Tabiiy tug‘ilish tushunchasi ilmiy iste’molga ilk bor 1961 yilda fransuz demografi L. Anri tomonidan kiritilgan. Olim bu tushunchani tug‘ilishni nazorat qilish yo‘llaridan biri sifatida ishlatgan. Hozirgi vaqtda bu tushuncha oiladagi farzandlar soni va tug‘ilish davrlarini rejalashtiruvchi oilali jamiyatga xosdir. Shu bois, tug‘ilish holati va darajalarini tahlil qilish amaliyotida tabiiy tug‘ilish konsepsiyasi oila muhitida tug‘ilishni cheklash darajasining taxminiy baholanishida qo‘llaniladi. Bugungi kunda tabiiy tug‘ilish darajasini aniqlashdagi asosiy yondashuv – tug‘ilish darajasini kontraseptiv (homiladorlikning oldini oluvchi) vositalardan foydalanmaydigan, abort qilmaydigan, pushtlilikning pasayishiga sabab bo‘ladigan ommaviy kasalliklarga uchramaydigan, nikohsizlik va nikohga kech kirish udumlarini qabul qilmagan ma’lum aholining tug‘ilish darajalariga tenglashtirilishidir. Aslida bunday aholining tug‘ilish darajalari tug‘ilishning o‘ziga xos standarti sifatida qabul qilinib, undagi tabiiy tug‘ilish darajalarining aniq bir aholi guruhidagi tabiiy tug‘ilish darajalari bilan taqqoslanishi demografik koeffitsientlarni standart-lashtirish variantlaridan biri hisoblanadi. Tabiiy tug‘ilish modeli sifatida Shimoliy Amerikada yashovchi, kelib chiqishi yevropalik bo‘lgan kichik mazhab – gutteritlarning tug‘ilish modeli qo‘llaniladi. Diniy an’anaga ko‘ra, gutteritlar farzand tug‘ilishini nazorat qilishning hech bir turidan foydalanmaydi va erta yoshda nikohga kiradi. Amerikalik demograf E. Koul ushbu yondashuvni qo‘llab indekslar tartib raqamlari tizimini tuzgan va bu tizim yordamida har qanday aholi guruhidagi nikohlilik hamda tug‘ilishdagi o‘zgarishlarni gutteritlarga xos ko‘rsatkichlar bilan taqqoslash mumkin. Olingan natijalardan oila muhitida tug‘ilishni nazorat qilish hajmlarini o‘lchashda foydalaniladi. L. Anri tomonidan taqdim etilgan ikkinchi yondashuv – bu tug‘ilishni cheklamaydigan aholi guruhida bitta reproduktiv yoshdagi ayollarda tug‘ilishlar sonidir. Olimning hisob-kitoblariga ko‘ra, bitta reproduktiv yoshdagi ayollarda tabiiy tug‘ilishlar soni 12,44 tani tashkil qiladi. Tabiiy tug‘ilishning taxminiy eng kam darajasi demograf V.A. Borisov tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u 7,95 taga teng.