Reproduktiv mayl

Reproduktiv mayl – shaxsning nikohda yoki nikohsiz har qanday navbatida farzand ko‘rish yoki ko‘rmaslik bilan bog‘liq amali, munosabati va ruhiy holati tizimidir. Bunday amal, munosabat va ruhiy holatga tashqi va ichki rag‘batlar ta’sir ko‘rsatadi. Reproduktiv maylning tashqi rag‘batlari – shaxs, oila va jamiyat uchun farzand ko‘rish va ota-onalikning qadriyati, shuningdek, reproduktiv qadriyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa ijtimoiy qadriyatlardir. Reproduktiv maylning ichki rag‘batlari – shaxs va oilaning farzandlar sonini belgilashga ehtiyojidir.

Reproduktiv mayl doirasida tarkibiy jihatdan quyidagilar ajratiladi:

  • bevosita farzand tug‘ilishiga qaratilgan mayl, ya’ni reproduk-tiv maylning o‘zi;
  • kontraseptiv mayl, ya’ni homila paydo bo‘lmasligiga qaratilgan harakatlar;
  • abort mayli, ya’ni xohlamagan farzand tug‘ilishining oldini olish maqsadidagi harakat.

Maylning uch ko‘rinishi muayyan vazifa va sabablar bilan tartibga solinadi. Reproduktiv maylning o‘zi yaxlit reproduktiv davr, ya’ni farzand ko‘rish haqidagi qaror qabul qilinishidan to bola tug‘ilgunga qadar davrni amalga oshirishga qaratiladi. Tashqi tomondan qaraganda, kontraseptiv va abort mayli har bir aniq reproduktiv davrni tartibga solish vositalari (homila paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, sun’iy abort yo‘li bilan homiladorlikni to‘xtatish) sifatida xizmat qiladi. Reproduktiv mayldagi zaruriy shart – pushtlilik bo‘lishi, ya’ni farzand ko‘rishga fiziologik qobiliyatlilikdir. Er-xotinning bepushtliligi sababli hamda oilada kerakli miqdorda farzandlar ko‘rishning iloji bo‘lmaganda bunday oilada yo ajralish yoki farzand-lar boqib olish hollari ro‘y beradi.