Pushtlilik

Pushtlilik shaxs yoki nikoh juftligining yangi avlodni dunyoga keltirishga fiziologik qobiliyati bilan bog‘liq. Pushtlilik tarixiy xususiyatga ega, u muayyan jamiyatda muayyan vaqtdagi ijtimoiy-iqtisodiy va sanitariya-gigiena shart-sharoitlari bilan bog‘liq. An’anaviy ravishda pushtlilik ayolning dunyoga keltira oladigan farzandlar soni bilan o‘lchanib, er va xotinning irsiy xususiyatlari va salomatligi, shuningdek, ulardagi biologik jihatlarning bir-biriga mos kelishi (biologik yoki irsiy moslashuv) bilan bog‘liq bo‘ladi. Nazariy jihatdan qaraganda, yakka homilali tug‘ilishlar soni juda katta, ya’ni 0-35 atrofida bo‘lishi mumkin. Biroq pusht-lilikning eng katta miqdoriga erishishga tabiiy (tug‘ishdan keyingi tozalanish) hamda keyinchalik paydo bo‘ladigan omillar (tug‘ishdagi asoratlar, abortlar tufayli sog‘liqni yo‘qotish) to‘sqinlik qiladi. Pushtlilikni aniq baholashning bevosita usullari mavjud emas. Ular bilvosita hisoblanadi. Bunda farzand ko‘rish ehtimoli er va xotinning umumiy salomatligi va homiladorlikni oldini oluvchi vositalardan foydalanmaslik hamda abort qilmaslik shartlari nazarda tutiladi. Nazariy jihatdan pushtlilikning chegarasi juda katta: bepushtlikdan butun reproduktiv davrda 35 tagacha bola ko‘rish mumkin. Ammo olib borilgan tadqiqotlar o‘rtacha pushtlik 13 tadan 17 ta-gacha bo‘lishi, biroq bunda farzand ko‘rishga tabiiy va sun’iy to‘siqlar bo‘lmasligi lozimligidan dalolat beradi. Ammo tabiiy tug‘ilishning biologik chegarasi erkaklar o‘rtasida o‘lim darajasining yuqoriligi va boshqa sabablarga ko‘ra, 12-15 ta tug‘ilish (bunga o‘lik tug‘ilgan go‘daklar va abortlar ham kiradi), deb hisoblanadi. Shu bilan birga pushtlilik 15 yoshdan 50 yoshgacha davom etadi. Pushtlilikning eng yuqori ko‘rsatkichlari 20-30 yosh oralig‘ida kuzatilib, so‘ng asta-sekin pasayib boradi. Bunda menapauza 45-50 yoshga to‘g‘ri keladi.