Nikoh

Nikoh – ikki jins vakillarining o‘zaro roziligi asosida tuzilgan ittifoq, oilani vujudga keltirishning asosiy, u faqat axloq me’yorlari bilangina emas, balki maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Ijtimoiy munosabat sifatida nikoh turli jamiyat va tuzum-larda turlicha ko‘rinishda bo‘lgan. Jinsiy munosabatlarning dast-labki ijtimoiy tartibga solingan shakli ibtidoiy jamoa tuzumi-ning guruh nikohidir. Guruh nikohi qabilalar o‘rtasida tuzilgan, ko‘rinishidan dislokal, ya’ni er va xotin birga yashamagan, yagona maishiy xo‘jalik jamoasiga mansub bo‘lmagan. Keyinchalik dislokal nikoh avval bitta avlodga tegishli shaxslar, keyinchalik esa bir juft shaxslar orasida tuzilgan, ya’ni nikoh juftligiga aylangan. Bunda er va xotin birga yashagan, keyinchalik esa er xotinining qabilasiga (matrilokal nikoh), so‘ng xotin erining qabilasiga (patrilokal nikoh) o‘tgan. Nikohning bu turlarida er va xotin o‘rtasidagi mulk alohida bo‘lgan, guruh nikohidagi ayrim belgilar saqlangan. O‘troq turmush tarzi shakllanishi bilan erkak kishining xo‘jalikdagi mavqei oshib, natijada nikoh juftligi mustahkamlangan, bu monogam nikohning boshlanishiga asos solgan. Monogam nikoh deganda, bir erkakning bitta ayol bilan jinsiy va xo‘jalik-maishiy ittifoqi tushuniladi, bu esa “monogam nikoh” tushunchasini “oila” va “uy xo‘jaligi” tushunchalariga yaqinlashtiradi. Monogam nikohning qabila tuzumi parchalangandan so‘ng nikoh monolokal turga, ya’ni er va xotin bitta oilaga va bitta xo‘jalikka mansub bo‘lgan holga o‘tgan. Ko‘pchilik hududlarda asta-sekin patrilokal nikoh, ya’ni xotin va farzandlarning butunlay erning hukmronligi ostida bo‘lishi qaror topgan. Ijtimoiy rivojlanish jarayonida nikohning asosiy shakli monogamiya bo‘lgan. Shu bilan birga, ba’zi xalqlarda monogamiya bilan bir qatorda nikohning poligamiya (ko‘p xotinlik, ko‘p erlik) turi ham uchrab turadi.