Jinslarning ikkilamchi nisbati

Jinslarning ikkilamchi nisbati – tirik tug‘ilganlar orasida o‘g‘il bolalar sonining qizlarga nisbatidir. U asosiy biologik o‘zgarmas ko‘rsatkich hisoblanadi va taxminan 100 ta qizlarga nisbatan o‘g‘il bolalarning 105-106 ta tug‘ilishiga teng yoki boshqacha aytganda, har 1000 ta yangi tug‘ilgan go‘dakka doimo taxminan 512 ta o‘g‘il bola va 488 ta qiz bola to‘g‘ri keladi. Jinslarning ikkilamchi nisbatda doimiy kattalik bo‘lishiga qaramay bir qator omillar ta’siri bilan o‘zgarib turadi. Xususan, nikohsiz bolalar o‘rtasidagiga nisbatan nikohdagilar orasida o‘g‘il bolalar soni ko‘proq bo‘ladi. Tug‘ilganlar orasidagi o‘g‘il bolalar hissasi onalar yoshining ulg‘ayishi va tug‘ilish tartib raqamining o‘sishi bilan kamayib boradi. Masalan, 20 yoshgacha bo‘lgan onalarda har 100 ta qizaloqqa 130 ta o‘g‘il bola to‘g‘ri keladi, 38-42 yoshdagi onalarda esa u atigi 90 tani tashkil qiladi, xolos.