Insonning o‘zini saqlash mayli

Insonning o‘zini saqlash mayli – uning salomatligini saqlash va umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga yo‘naltirilgan shaxsiy harakatlari va intilishlari tizimidir. Demografiyaga bu tushuncha tadqiqotchilar tomonidan hozirgi sharoitda odamlarning mayli, ularning o‘z salomatliklari va umr ko‘rish davomiyliklariga munosa-bati kasalliklar va o‘limning oldini olishda tobora muhim rol o‘ynay boshlayotganligi munosabati bilan kiritilgan. Reproduktiv mayl kabi insonning o‘zini saqlash mayli kishilarning o‘zini idora qilishlariga qobiliyatini ifoda etadigan ijtimoiy mayl konsepsiyasiga asoslangan. Insonning o‘zini saqlash mayli o‘zagini shaxs tomonidan bunga ehtiyoj tashkil etadi. A. Maslou tomonidan ishlab chiqilgan besh guruhli ehtiyojlar ierarxiyasida xavfsizlik (o‘z yashashining xavf-xatarsiz bo‘lishi) ehtiyojlari boshlang‘ich (tug‘ma) ehtiyojlarga kiritilgan. Insonning o‘zini saqlash maylining eng muhim omillari sifatida quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • mutanosib, me’yordan ortiqcha bo‘lmagan ovqatlanish;
  • yetarli darajada jismoniy faollik;
  • ruhiy qattiq hayajon (stress)ni yenga olishga qodirlik;
  • zararli odatlar (giyohvandlik, kashandalik, ichkilikbozlik va h.k.lar) mavjud emasligi;
  • o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lish va boshqalar.