Demografiya

Demografiya (qadimiy yunocha “δῆμος” – “xalq” va “γράφω” – “yozaman” so‘zlaridan) – aholi takror hosil qilinishining xususiyatlari, buning ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy sharoitlar, migratsiyaga bog‘liqligini, aholi soni, hududiy joylashishi va tarkibini, ularning o‘zgarishi va bu o‘zgarishlarning sabab-oqibatlarini o‘rganuvchi hamda ularni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiquvchi fandir. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida ham demografiya tushunchasiga xuddi shu nuqtai nazardan yondashilgan: “Demografiya – har yili turli sabablarga ko‘ra vafot etgan aholi o‘rnini yangidan dunyoga kelgan avlod hisobiga to‘ldirib borish qonuniyatlarini ijtimoiy-tarixiy sharoitlarga bog‘liq holda o‘rganadigan fan”. Birlashgan Millatlar tashkiloti mutaxassislari tomonidan tayyorlangan “Ko‘p tilli demografik lug‘at”da ham demografiya tushunchasi yuqoridagidek talqin etiladi: “Demografiya – insonlar aholisini, asosan ularning miqdori, tarkibi va rivojlanishini ilmiy o‘rganish bo‘lib, o‘zida aholining asosiy xususiyatlarini miqdor jihatidan mujassamlashtiradi”.