Demografik siyosatni o‘tkazish uslublari

Demografik siyosatni o‘tkazish uslublari. Davlatning demografik siyosatini o‘tkazishda ma’muriy-huquqiy iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik uslublardan foydalaniladi. Ma’muriy-huquqiy uslubda aholining takror hosil bo‘lishini tartibga solishga qonunlar va me’yoriy-huquqiy hujjatlar, davlat organlari va ijtimoiy institutlar orqali ta’sir ko‘rsatiladi. Oila-nikoh munosabatlari, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender siyosatiga doir qonun hujjatlari, hukumat dasturlari va boshqalar shular jumlasidandir. Iqtisodiy uslub tug‘ilish darajasini oshirishni rag‘batlantirish, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga qarartilgan shart-sharoitlarni yaxshilashni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi tadbirlarni qamrab oladi. Davlatning demografik siyosatini amalga oshirishning ijtimoiy-psixologik uslubi aholini “demografik tarbiyalash”, deb ham ataladi. U fuqarolarning oilaga, oila tarkibiga, sog‘lom turmush tarziga munosabatini shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Ayniq-sa, ota-onalarning “demografik savodxonligi”ga katta e’tibor beriladi. Demografik tarbiyaning yana bir muhim yo‘nalishi aholining demografik mayliga ta’sir ko‘rsatishdir. Demografik tarbiyalash, asosan, ijtimoiy institutlar, ta’lim va targ‘ibot muassasalari, ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi.