Demografik sig‘im
Demografik sig‘im hudud resurslari hisobidan aholining eng muhim kundalik ehtiyojlari qondirilgan taqdirda aholining shu hududda yashashi mumkin bo‘lgan eng ko‘p sonini anlatadi. Demografik sig‘imni o‘rganish, odatda, aholining optimal sonini yoki zichligini aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega. Bunda demografik sig‘imni aniqlash yo‘llari va usullari turlicha bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi hudud sig‘imini aniqlash uchun muallif tomonidan tanlangan quyidagi mezonlarga bog‘liq: energetik; biologik yoki oziq-ovqat; tabiiy-jug‘rofiy; iqtisodiy-jug‘rofiy. Biroq, hisob-kitoblarsiz ham aytish mumkinki, cho‘llarda aholining zichligi vohalardagiga qaraganda kam bo‘lishi tabiiy (hatto inson va tabiat monand birga mavjud bo‘lgan taqdirda ham). Shaharlarda yuqori antropogen bosim mavjud. Shuning uchun shaharlarning demografik sig‘imini aniqlash dolzarb hisoblanadi. Aytish joizki, shaharlarning demografik sig‘imini aniqlash ekotizim abiotik va biotik tarkibiy qismlarning mahsuldorligini taqqoslashga asoslangan. Bunda, bir tomondan, shahar aholisining xo‘jalik faolligi ko‘lami va iste’mol qilinadigan yoqilg‘i-energetika resurslarining tarkibi belgilanadi, ikkinchi tomondan esa turli shakldagi tabiiy va antropogen hamjamiyatlarga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan bosim aniqlanadi, ularning o‘simlik dunyosiga bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish-iqtisodiy va shaharsozlik sig‘imi hisobga olinadi. Demografik sig‘im hududning energiya sarfi, atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqarish, atmosfera kislorodini takror hosil qilish shart-sharoitlari bo‘yicha alohida sig‘imlarini aniqlash yo‘li bilan baholanadi va aholining yashashi mumkin bo‘lgan zichligi bilan ifodalanadi.