Demografik modellashtirish usullari
Demografik modellashtirish usullari aholining takror barpo bo‘lish jarayonlarini tahlil qilish va prognozlashda keng qo‘llaniladi. Ular aholining umumiy o‘zgarishini yoki uning rivojlanish tarkibiy qismlarining o‘zgarishini tavsiflab beradi. Demografiyada demografik jadvallar ko‘rinishidagi muqim aholi va barqaror aholi modellari, shuningdek, faraziy avlod uchun demografik jarayonlarning raqamli modellari, stoxastik (ehtimoliy) modellar va h.k.lar ham keng qo‘llaniladi. Demografik bilimlar rivojlanishining hozirgi davr bosqichi unda matematik modellashtirish usullari va uslubiyatining tez rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Jumladan, ijtimoiy boshqarish amaliyotida ushbu bilimlardan foydalanish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Ushbu usullarning barchasi ma’lum bir demografik hodisa-ning ommaviy ko‘rinishiga asoslanadi. Shuning uchun demografiya uslubiyatida demografik hodisalarning miqdoriy o‘lchovlariga nisbatining tahlil va o‘rganish usullari, statistik va matematik usullari muhim ahamiyat kasb etadi. Aholining yosh-jins tarkibini yaqqol namoyon etish uchun yosh-jins piramidasi qo‘llaniladi. Uni tuzish uchun vertikal o‘qda yosh, chapda – yoshlari bo‘yicha erkaklar, o‘ngda – ayollar yoshi bo‘yicha taqsimlanadi. O‘lchov birligi sifatida, odatda, besh yil qabul qilingan.