Demografik investitsiyalar

Jamiyatning aholi soni va tarkibining o‘zgarishi barobarida mavjud turmush darajasini saqlab turishga yo‘naltirilgan xarajatlari demografik investitsiyalar yoki demografik jamg‘armalar deb nomlanadi. Demografik investitsiyalar xarajatlarining asosiy moddalari quyidagilardan iborat: bolalarni ular voyaga yetgunicha saqlab turish; bolalarning umumiy maktab ta’limi va ularni kasbga tayyorlash; yangi ish o‘rinlarini yaratish; ijtimoiy investitsiyalar (sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot). Demografik investitsiyalarni iqtisodiy investitsiyalardan farqlash lozim. Iqtisodiy investitsiyalar yoki jamg‘armalar ishlab chiqarishni kengaytirish, uning texnikaviy darajasini oshirish mehnat unumdorligini oshirishga yo‘naltiriladi. Demografik investitsiyalarning ham, iqtisodiy investitsiyalarning ham manbai bo‘lib milliy daromad hisoblanadi.

Demografik investitsiyalarning miqdorini aniqlash masalasi demografik optimum umumiy muammosining tarkibiy qismi hisoblanadi, bu demografik investitsiyalarning optimal miqdorlarini aniqlash zarurati bilan bog‘liq. Bunda jamg‘armaning umumiy summasidan demografik investitsiyalarni ajratish zarurati paydo bo‘ladi. Demografik investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyojni aholining soni o‘sgan holatlarda ham, iqtisodiyotdagi turg‘unlik va texnik taraqqiyot mavjud bo‘lmagan sharoitda ham kuzatish mumkin. Agar iqtisodiyot rivojlanib, mehnat unumdorligi ortib borayotgan bo‘lsa-yu, lekin aholining soni va tarkibi sezilarli darajada o‘zgarmayotgan bo‘lsa, u holda bunday holatda deyrli barcha investitsiyalar iqtisodiy investitsiyalar hisoblanadi. Aholining soni ham, mehnat unumdorligi ham oshgan holatlarda bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lgan iqtisodiy va demografik investitsiyalarni bo‘lish eng katta qiyinchilikni tug‘diradi. Aholining soni va tarkibi aholining tabiiy takror barpo bo‘lishining mavjud tendensiyalari natijasida ham, shuningdek migratsiya ta’siri ostida ham o‘zgarishi mumkin. Mazkur holatda migrantlar uchun (agar bu qabul qiluvchi mamlakat bo‘lsa) ularni joylashtirish, shu jumladan shu jumladan sog‘liqni saqlash, ularning farzandlari uchun maktabgacha ta’lim muassasalari, ta’lim, uy-joy va hokazolar uchun mablag‘lar mablag‘lar zarur. Ushbu investitsiyalar yoki xarajatlar demografik xususiyatga ega bo‘ladi. Aholi umumiy sonining o‘zgarishi bilan bog‘liq investitsiyalar bilan solishtirganda aholi tarkibidagi katta o‘zgarishlar tufayli yuzaga kelgan demografik investitsiyalarni miqdoriy jihatdan ajratish juda qiyin. Bu shu bilan bog‘liqki, tarkibiy o‘zgarishlar bir lahzada emas, balki asta-sekin yuz berdi va shuning uchun sezilmaydi. Demografik investitsiyalar miqdori iqtisodiyotning rivojlanishida aks etadi. Bir tomondan, aholi sonining tez o‘sishi va, o‘z navbatida, demografik investitsiyalarning katta miqdori iqtisodiy o‘sishni, turmush darajasining oshishini susaytirishi mumkin. Ikkinchi tomondan, kam demografik jamg‘armalar, masalan, ta’lim va kasbga tayyorlash darajasining pasayishi, aholining, birinchi navbatda ishchi kuchining o‘limi va kasallanishining ortishi tufayli iqtisodiyotning rivojlanishi sur’atini pasaytirishi mumkin. Iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan mamlakatlarda aholi sonining o‘sishi ichki bozordagi talabning kengayishiga olib kelishi mumkin. Iqtisodiy rivojlanish darajasi va aholining daromadlari past bo‘lgan, lekin  aholisining soni yuqori sur’atlar bilan o‘sayotgan mamlakatlarda to‘lovga qobil talabning ortishini kutib bo‘lmaydi. Demografik investitsiyalar miqdorining o‘zgarishini iqtisodiy yosh piramidalari usuli asosida baholash mumkin. Mazkur usul yordamida aholining soni va yosh jihatdan tarkibi o‘zgarishi natijasida aholi ehtiyojlari hajmining o‘zgarishini aniqlash mumkin. Ushbu usul bo‘yicha hisob-kitoblar yakunlari muayyan muayyan ehtimollar tufayli shartli xususiyatga ega (masalan, doimiy iste’mol shkalasidan foydalanish), lekin ular yosh jihatdan tarkibning aholi xarajatlarining hajmiga, iste’mol darajasiga va, o‘z navbatida, ma’lum darajada demografik investitsiyalarga ta’sirini baholash imkonini beradi. Aholi soni va tarkibining o‘zgarishi natijasida demografik investitsiyalar miqdorining o‘zgarishini baholash iste’molning alohida yosh  uchun koeffitsientlari (shkalalari) hamda o‘rganilayotgan davrning boshi va oxiri holatiga ko‘ra aholining yosh jihatdan tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish asosida aholining mauyyan davrdagi iste’moli (yoki xarajatlari) indeksini hisoblashdan iborat.