Demografik dividend
Demografik dividend – bu aholi yosh tarkibining o‘zgarishi, birinchi navbatda mehnatga layoqatli yoshdagi aholining ulushi mehnatga layoqatsiz yoshdagi aholining ulushidan yuqori bo‘lgan vaziyat bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy o‘sish salohiyatidir. Maqbul iqtisodiy siyosat amalga oshirilib, katta hajmdagi va strategik ahamiyatli investitsiyalar inson kapitaliga, birinchi navbatda yoshlarga yo‘naltirilgan taqdirda ushbu salohiyat juda katta bo‘lishi mumkin. Demografik dividend – bu aholining yosh tarkibidagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida kelib chiqadigan iqtisodiy o‘sish potentsialidir, asosan mehnatga layoqatli aholining ulushi ish bilan band bo‘lmagan aholining ulushidan oshib ketganda. Boshqacha qilib aytganda, aynan iqtisodiy mehnat unumdorligining oshishi, ishchi kuchidagi odamlar soni qaramog‘idagi kishilar soniga nisbatan ko‘payganda sodir bo‘ladi. Demografik dividend aholining umumiy sonida ish bilan band bo‘lganlarning ulushi yuqori bo‘lgan taqdirda yuzaga keladi, chunki bu ko‘proq odamlar ishlab chiqarish va iqtisodiyotning o‘sishiga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega ekanligidan dalolat beradi. Demografik dividend deganda mamlakat aholisining yosh tarkibi o‘zgarishi natijasida iqtisodiy o‘sish tushuniladi. Yosh tarkibidagi o‘zgarish, odatda, tug‘ilish va o‘limning pasayishi tufayli yuzaga keladi.Iqtisodiy o‘sishning demografik imkoniyatlari keng ko‘lamli potentsial oqibatlar – aholining keyingi qarishi bilan bevosita bog‘liqdir. Keksa odamlar soni qanchalik tez o‘ssa, “demografik dividend” ning muqarrar qisqarishi shuncha tezlashadi. Bloom, David E va boshqa olimlarning qarashlariga ko‘ra “Yoshlar va kattalar o‘rtasidagi farq tufayli «demografik sovg‘a» (demographic gift) deb nomlangan iqtisodiy farovonlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlaydilar.
Ayrim ma’nbalarda demografik dividend deb tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlarining pasayishi sababli jadal iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirayotgan mamlakatdagi hodisalar tushiniladi. Masalan aksariyat mamlakatlarda bolalarning omon qolish darajasi yaxshilangan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligida, ayniqsa, kam rivojlangan mamlakatlarda tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, ushbu mamlakatlar kamdan-kam hollarda demografik dividenddan iqtisodiy foyda olishadi. Tug‘ilishning past ko‘rsatkichlarini o‘lim ko‘rsatkichlari bilan birgalikda boshdan kechirgan mamlakat iqtisodiy dividend oladi yoki undan kelib chiqadigan mehnatga yaroqli aholining mahsuldorligi oshadi. Tug‘ilishlar kamroq ro‘yxatga olinganligi sababli, qaramog‘idagi yoshlarning soni mehnatga yaroqli aholiga nisbatan kamayib boradi. Tug‘ilishning kamayishi hisobiga mehnatga layoqatli aholiga nisbatan voyaga yetmagan faol bo‘lmagan bolalar soni ham kamayib boradi. Bu dividend olishning ayni payti: mehnatga layoqatli yoshdagi aholining boshqa yosh guruhlariga nisbatan ortib borayotgan ulushi har bir mehnatga layoqatli kishining o‘z qaramog‘ida kamroq kishilarga ega bo‘lishi va shu sababli yuqori daromadga ega bo‘lishini anglatadi. Demografik dividend mamlakatning demografik o‘tish davri 20-30 yiliga to‘g‘ri keladi, bu vaqtda mehnatga layoqatli aholining qaramog‘idagi odamlar soniga nisbatan ulushi tez o‘sib boradi. Demografik dividend tushunchasi 1990 yillarning oxirida Sharqiy Osiyoda aholining yosh tarkibidagi o‘zgarishlar va tez iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlikni tavsiflash uchun kiritilgan.
Demografik jarayonlar – bu aholining vaqt va makonlarda rivojlanishini aks ettiradigan hodisalar bo‘lib, uning ko‘payishi, o‘limi, jinsi va yosh tarkibi hamda mehnat resurslarining miqdor jihatidan o‘zgarishlari bevosita jamiyatning hamda milliy iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi hodisa hisoblanadi. Ma’lumki, jamiyatdagi demografik voqealar umumiy va muayyan individual tasodifiy sabablar ta’siri ostida amal qiladi. Bu jarayondagi ayrim voqeliklar vujudga kelishi ba’zi sabablarga ko‘ra individual va noyobdir, lekin demografik jarayonda ular ketma-ketlik voqealardan iborat bo‘lib, ular muntazam ravishda o‘zgarib turadi. Dunyo tajribasidan kelib chiqib ta’kidlaydigan bo‘lsak, bugungi rivojlanish davrida dunyoning barcha davlatlari kabi O‘zbekiston ham demografik sohasida evolyusion jarayonlarni, ya’ni demografik o‘tishning muayyan bosqichlarini ko‘rishi muqarrardir. Ma’lumki, ularning birinchisi yuqori darajadagi tug‘ilish va o‘lim miqdori bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘p sonli katta oilalar va avlodlarning tez o‘zgarishi bilan ajralib turadi. Ikkinchi bosqichda ijtimoiy taraqqiyot va sog‘liqni saqlash sohasidagi muvaffaqiyatlar tufayli o‘lim darajasi keskin kamayishi, ammo tug‘ilishning yuqori darajasi saqlanib qolishi bilan ajralib turadi, bu aholi miqdorining keskin va nazoratsiz o‘sishiga olib keladi. O‘zbekiston dunyoning ko‘plab davlatlari singari o‘zining demografik rivojlanishida ikkinchi bosqichdan o‘tib, hozirgi davrda tarkibida yosh aholi o‘sib borishi tufayli va umumiy o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilish darajasidan yuqoriroq bo‘lgan uchinchi bosqichda amal qilmoqda. Jahon amaliyotida demografik rivojlanishning to‘rtinchi bosqich o‘lim ko‘rsatkichi tug‘ilishdan oshib ketishi bilan ifodalanishi va depopulyatsiya jarayoni kirib kelishi bilan xarakterlidir, ya’ni aholining tabiiy o‘sishi tarkibida tez sur’atlar bilan demografik qarishi tufayli aholining mutlaq kamayishiga olib kelishini belgilab beradi. Tabiiyki, zamonaviy sharoitlarda depopulyatsiya jarayoni davlatning demografik va ijtimoiy xavfsizligiga tahdid soluvchi va xavf tug‘diradi, chunki bu resursni manba jihatidan sezilarli darajada zaiflashtiradi va mehnat resurslari shakllanishida va aholining ish bilan bandlik darajasida boshqa mamlakatlarga qaram bo‘lib qolishiga sabab bo‘lib qoladi.
Aholining yosh tarkibidagi o‘zgarishlar tufayli O‘zbekistonni hozirgi kunda “o‘rta demografik dividend” deb tasniflanadigan toifaga kiritish mumkin. So‘nggi yillarda mehnatga layoqatli aholi ulushining ko‘payishi, faol bo‘lmagan aholi sonining mo‘tadillashuvi demografik dividend deb nomlanadigan iqtisodiy o‘sish uchun qulay demografik sharoitlarni yaratadi. Bu esa o‘z navbatida aholining real daromadlarining o‘sishiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va kambag‘allikni kamaytirishga yordam berishi mumkin. Natijada milliy daromadning katta qismi iste’mol, ishlab chiqarish va investitsiyalarga yo‘naltirilishi mumkin, bu esa o‘z navbatida rivojlanishga turtki bo‘ladi. Mamlakatda tug‘ilish darajasining ma’lum darajada pasayishi va o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining oshishi hisobga olinadigan bo‘lsa, qisqa vaqt ichida demografik imkoniyatlar tuynugi kengayadi.
Keyingi yillarda ham O‘zbekiston aholisining soni sezilarli darajada o‘zgarishi kutilmoqda. Hozirgi vaqtda tug‘ish yoshidagi (18–49 yosh) har bir ayolga taxminan 2,2 chaqaloq to‘g‘ri keladi, keyingi o‘n yillikda bu ko‘rsatkich 2,1 miqdorga tushib, keyinchalik yana pasayishi mumkin. Ushbu tendensiyaga asoslangan holda, hozirgi paytda 40 foizni tashkil etgan yosh bolalar ulushi 2050 yilgacha keskin darajada, taxminan 30 foizgacha tushishi mumkin. Aholining keksayish jarayoni o‘rtacha yoki undan yuqori daromadga ega bo‘lgan ko‘plab mamlakatlar uchun xarakterlidir, ammo yaqin kelajakda bu jarayonni ayrim daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan mamlakatlarda ham kuzatish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, aholi tarkibida keksalarning sonini ko‘payishi, mehnatga layoqatli aholining boshqa mamlakatlarga ish izlab ketishi, keksa odamlarga g‘amxo‘rlik qilishning qimmatga tushishi va ular uchun ijtimoiy ta’minot zarurligi iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi va jamiyat uchun ortiqcha yuk bo‘lib qolishi mumkin.
O‘zbekistonda 1950 – 2100 yillarda yosh guruhlari bo‘yicha umumiy aholi.
Aholi tarkibining bunday o‘zgarishi iqtisodiyot va jamiyat uchun keskin oqibatlarga olib keladi, chunki yoshlar sonida pasayish tendensiyasi XXI asrning ikkinchi yarmida mehnatga layoqatli odamlar sonining kamayishiga olib keladi, taxminan 15-20 yil o‘tgach, parvarishga muhtoj bo‘lgan mehnatga layoqatli bo‘lmagan aholi soni ko‘payishi kuzatiladi, chunki aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi oshishi natijasida hozirgi mehnatga layoqatli aholining aksariyat vakillari keksalar toifasiga o‘ta boshlaydi. O‘zbekistonda demografik dividend olish ehtimoli yuqori bo‘lsa-da, lekin bu borada ma’lum masalalarda kafolatlar mavjud emas. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi dividend olish uchun, bolalar va yoshlarning hozirgi va kelajakdagi imkoniyatlaridan keng ko‘lamda foydalanish hamda kelajakda soni ko‘payib borayotgan keksa kishilarga qay tarzda g‘amxo‘rlik qilish to‘g‘risida uzoq muddatli istiqbolli maqsadli harakatlar rejasini amalga oshirish lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyoti oldida mehnatga layoqatli aholini bandlik darajasini oshirish uchun prinsipial yangi, innovatsion talablariga muvofiq siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishning dolzarb muammolari turibdi. Mamlakatimizda istiqbolda yuqori darajadagi demografik bosimni mehnat bozoriga salbiy ta’sirini e’tiborga olgan holda iqtisodiy faol aholini ishga jalb qilish borasida davlat dasturlari va tadbirlarni amalga oshirish talab qilinadi. Yuqorida qayd etilganidek, respublika demografik o‘tishning uchinchi bosqichida, ya’ni yosh aholi tarkibiy tuzilishi hisobiga tug‘ilish darajasi va o‘lim ko‘rsatkichining pastligi bilan tavsiflanadi.
Hozirgi paytda aholimiz o‘rtacha yoshi 25,7 yoshni tashkil etadi (erkaklar — 25,2, ayollar — 26,3 yosh). O‘zbekistonning mehnat bozorini shakllantirishga ta’sir qiladigan yosh tarkibiy tuzilishining o‘ziga xos xususiyati 30 yoshgacha bo‘lgan aholining katta qismini tashkil etadi. Yaqin kelajakda respublikada “aholi keksayishi“, ya’ni pensiya yoshidagilarning miqdori 2050 yilga borib ikki baravariga oshishi prognoz qilinadigan hamda bosqichma-bosqich va uzoq muddatli boshqa demografik o‘zgarishlar kutilmoqda. “Aholining qarishi“ demografik jarayoni asosan hozirgi 30-35 yoshdagilarning pensiya yoshiga yetib borishi va ular o‘rniga kelganlar miqdori jihatidan nisbiy kamligi bilan ifodalanadi. Ya’ni, umr ko‘rish davomiyligining sezilarli o‘sishi hisobiga emas, balki tug‘ilish darajasi kamayganligi sababli, tug‘ilishning asta-sekin kamayib ketishi sharoitida aholi reproduktivligini, tug‘ilish darajasi va o‘lim darajasi va ularning nisbati, yoshi kattaroq davrda o‘lim darajasining pasayishi bilan bog‘liqdir. Yuqorida keltirilgan demografik tendensiyalar odatda aholi reproduktiv salohiyatiga mos keladi. 2000 yillarning boshlarida tug‘ilgan bolalarning avlodi 2023 — 2030 yillari mehnatga layoqatli yoshga kiradi va 1960 yillarning avlodi esa shu davrda “mehnatga layoqatli“ yoshni tark etadi. Bu salohiyatli pensionerlar sonining keskin o‘sishining asosiy sababi hisoblanadi. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda, bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, mehnatga layoqatli aholi sonining o‘sishi davom etadi (ulush 2020 yilda 10 foizgacha, 2030 yilda 13 foizdan, 2040 yilga kelib esa 15 foizdan ko‘p bo‘lishi mumkin). Bu o‘sish pensiya tizimi va sog‘liqni saqlash sohasiga demografik “bosim“ni sezilarli darajada oshirishi mumkin.