Aholining oddiy takror barpo bo‘lishi
Aholining oddiy takror barpo bo‘lishi – bu turda ota-onalari avlodini almashtirayotgan farzandlar avlodining mutlaq soni teng bo‘ladi. Bunday jamiyatda barqaror jins-yosh tarkibi shakllanadi. Shuning uchun uni “muqim tur”, deb ham ataladi. Aholining mazkur takror barpo bo‘lishi uchun tug‘ilish va o‘limning, shuningdek, aholi tabiiy o‘sishining past ko‘rsatkichlari xos bo‘ladi. Bunday holatda aholining umumiy soni ko‘paymaydi, ayrim noqulay vaziyatlar yuzaga kelsa, jamiyat aholining qisqargan takror barpo bo‘lishi turiga o‘tib ketishi ehtimoli katta. Ular uchun quyidagilar xos: ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori darajasi; oilalarda daromadning ortib borishi, farzandlar sonining kamayishi; urbanizatsiya darajasining yuqoriligi (75,0 %gacha); jamiyatda ayollar maqomi va rolining ortishi; jamiyatda yangi qadriyatlar shakllanishi; aholi tarkibida katta yoshdagi aholining ko‘payishi va boshqalar.