Aholini ro‘yxatga olish dasturi

Aholini ro‘yxatga olish dasturi – aholiga yo‘naltirilgan savollar ro‘yxatidir. Dastur savollariga javoblarning jamlan-masi aholini ro‘yxatga olish ko‘zda tutgan aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tashkil etadi. Odatda aholini ro‘yxatga olish dasturining savollari ushbu maqsad uchun maxsus tayyorlangan, aholidan olingan javoblarni hisoblab chiqish usuliga bog‘liq ravishda shakli turlicha blanklarda qayd etiladi. Bu blanklar ro‘yxatli (ya’ni, bir necha kishiga mo‘ljallangan) yoki shaxsiy (bir kishiga mo‘ljallangan) bo‘lishi mumkin. Aholini ro‘yxatga olish dasturi muayyan qoidalar bo‘yicha va ko‘pchiligi har qanday sotsiologik tadqiqotlarga odatiy bo‘lgan muayyan talablar hisobga olingan holda tuziladi. Dasturdagi savollarning bir qismi aholining ijtimoiy-iqtisodiy va demog-rafik xususiyatlari tarkibida ro‘y bergan o‘zgarishlarni aniqlash uchun avvalgi aholini ro‘yxatga olishda qayd etilganlarga mazmuni va tahriri bo‘yicha aniq mos bo‘lishi maqsadga muvofiq (lekin, shart emas). Shu bilan birga, aholiga oid xalqaro ma’lumotlar kabi ma’lumotlarni olish uchun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha xalqaro tavsiyalarni ham hisobga olish lozim. Xalqaro tavsiyalarga muvofiq, aholini ro‘yxatga olish dasturiga kiritilgan savollar respondentlar (ya’ni, so‘ralayotgan shaxslar) ularga to‘g‘ri javob bera olishlari hisobga olingan holda tuzilishi kerak. Boshqacha aytganda, savollar so‘ralayotganlarning aksariyat ko‘pchiligi uchun murakkab bo‘lmasligi va aholini ro‘yxatga olish tadbirini barbod qilmaslik uchun ularda qo‘rqinch uyg‘otmasligi lozim. Shu bilan bir qatorda savollar aholi savodxonligining umumiy darajasi, milliy xususiyatlar, shu jumladan, urf-odatlarni ham hisobga olgan bo‘lishi kerak.