Aholi soni

Aholi soni muayyan bir hududda yashovchi aholining umumiy miqdori hisoblanib, u eng keng tarqalgan umumiy miqdoriy demografik tavsiflardan biridir. Aholi soni tug‘ilish va o‘lim natijasida muntazam, muayyan bir hudud uchun esa aholi migratsiyasi natijasida o‘zgarib turadi. Shuning uchun demografik tahlilda aholi soniga vaqt funksiyasi sifatida qaraladi. U ma’lum bir vaqt aholini ro‘yxatdan o‘tkazish vaqti, yilning boshi, yilning oxiri yoki yil o‘rtasidagi holati bo‘yicha o‘lchanadi va baholanadi. Ushbu vaqt, ayniqca, katta mamlakatlar yoki hududlar uchun juda muhim. Chunki uncha katta bo‘lmagan mamlakatlar va hududlarda yil boshidagi va yil o‘rtasidagi aholi miqdoridagi farq 100 ming kishini tashkil qilsa, katta davlatlarda bu millionlab kishilarga teng bo‘lishi mumkin. Aholi soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar aholini ro‘yxatdan o‘tkazish natijasida, ro‘yxatdan o‘tkazish o‘rtasidagi davrda esa tug‘ilish, o‘lim, migratsiyani hisobga olish asosida olinadi. Ayrim mamlakatlar va hududlarning, jumladan, o‘tgan davrlar uchun aholisi soni turli manbalar: arxiv materiallari, tarixiy demografik va paleodemografik manbalar asosida aniqlanadi.