Aholi migratsiyasi
Aholi migratsiyasi (lotincha “migratio” – “ko‘chish”) – odamlarning bir mintaqa (mamlakat, shahar, qishloq)dan boshqasiga, qator hollarda katta guruh holida va uzoq masofaga ko‘chishidir. Demografiyada aholi migratsiyasiga aholining mexanik harakati sifatida qaraladi. Aholi migratsiyasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maishiy sabablarga ko‘ra bo‘lishi mumkin. Migratsiya yo‘nalishi bo‘yicha esa ichki va tashqi migratsiya farqlanadi. Ichki migratsiya – aholining bir mamlakat ichidagi harakatidir. Bunda qishloq (qishloq – shahar), shahar (shahar – qishloq), qishloq-lararo (qishloq – qishloq), shaharlararo (shahar – shahar) migratsiyasi nazarda tutiladi. Tashqi migratsiya – aholining mamlakat davlat chegarasining kesib o‘tishidir. Tashqi migratsiya xalqaro migratsiya, deb ham ataladi. Bunda qit’alararo va qit’alar ichidagi migratsiya farqlanadi. Xalqaro migratsiyaga immigratsiya va emigratsiya tushunchalari xosdir. Immigratsiya – aholining boshqa mamlakatga doimiy yoki vaqtinchalik (Birlashgan Millatlar tashkiloti qoidalariga binoan 1 yildan uzoq muddatga) ko‘chib kelishidir. Emigratsiya esa aholi-ning o‘z mamlakatini doimiy yoki vaqtinchalik tark etishidir.