Yozgi maktab 2023

    Ma’lumki, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti oila institutini mustahkamlash bo‘yicha yozgi va qishki maktablar, ilmiy ma’ruzalar va munozaralar maydonchalarini tashkil etish vazifasi belgilab qo‘yilgan. Shu bois joriy yil 14-18 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, A.G.Vishnevskiy nomidagi Demografiya instituti bilan hamkorlikda O‘ZBEKISTONDA DEMOGRAFIK TAHLIL VA AHOLI PROGNOZLARINI TUZISh ASOSLARI” mavzusida navbatdagi uchinchi sayyor yozgi maktabi tashkil qilindi. Mazkur yozgi maktab Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Avenyu-park” mehmonxonasida, eng go‘zal tabiat qo‘ynida besh kun davomida o‘tkazildi.

    Maktabning asosiy vazifasi – oila institutini rivojlantirish, yosh olimlarni sohaga jalb etish, bilim va tajriba almashish,  institutning ekspert va yosh olimlar bazasini kengaytirish, tadbir mavzusi doirasida ishtirokchilarda zaruriy bilim, ko‘nikmalarni shakllantirish va malakalarni oshirishdan iborat. Yozgi maktabda 16 nafar tinglovchi ishtirok etdi, Sizlarga axborot uchun aytib o‘tmoqchiman ishtirokchilar fan doktori, PhD,  katta ilmiy xodim va doktarantlarni tashkil qildi.

    O‘shbu yozgi maktabning 16 nafar tinglovchilar tarkibida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Toshkent xalqaro Vestminster  universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti mas’ul xodimlari, olim, ekspert o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarni tashkil qildi.

   Yozgi maktabda Prognozlashtirish va hududiy tadqiqotlar instituti, A.G.Vishnevskiy nomidagi Demografiya instituti, “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti olimlari, amaliyotchi mutaxassislari (A.I.Pyankova, S.I.Ablikalikov, L.A.Rodionova) tomonidan demografik tahlil va aholi prognozlarini tuzish, prognoz qilish dasturlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar va amaliyot darslari o‘tildi.

    Ushbu yozgi maktabda tinglovchilar O‘zbekistonda demografik rivojlanish muammolari, Demografik tahlil usullari, Demografik prognozlashning vazifalari va usullari, Kogort-komponent usuliga kirish, Kogort-komponent usuli, Prognoz senariylarini ishlab chiqishga yondashuvlar, Vaqt seriyalari tahliliga kirish (“GRETL” dasturi), Prognoz senariylarini ishlab chiqish uchun “ARIMA” modelidan foydalanish, O‘zbekiston uchun “ARIMA” modelidan foydalangan holda, tug‘ilish, o‘lim va migratsiya uchun prognoz senariylarini yaratish, Kogort-komponent usulida demografik prognozlarni qurish (“SPECTRUM” dasturi, “Mortpak”) kabi mavzular bilan tanishdilar.

    O‘quv jarayoni zamonaviy usullar asosida yuksak ilmiy saviyada interfaol uslublarni qo‘llagan holda olib borildi. Yozgi maktabda ishtirok etgan 16 nafar tinglovchi olgan bilimlari amaliyotda samarali ishlatishga, prognozlarni aniqligi va ishonchliligiga ma’lumotlarni tahlil qilishga yordam berdi.

    Yozgi maktab yosh olimlar safini yanada kengaytirish imkoniyatini berganini hisobga olib tinglovchilarga quyidagi takliflar bildirildi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligining hududiy boshqarmalarini “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutida 2022-yil sentabr oyida ochilgan “Demografiya” ilmiy-o‘quv laboratoriyasida hamda har yili o‘tkaziladigan yozgi maktabda o‘qitib malakalarini oshirish tizimini joriy qilish.
  2. “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti hamda sohaga oid ilmiy tadqiqot institutlari, unversitetlar hamda tegishli tashkilotlar bilan memorandum imzolash va talabalarni o‘qitish, amaliyot o‘tash tizimini yo‘lga qo‘yish.
  3. Mamlakatimizda demografiya sohasini yanada rivojlantirish, demografik bilim darajasini oshirish maqsadida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Demografiya ensiklopediyasini yaratish.
  4. Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan yil oxiriga qadar yosh olimlar ishtirokida demografiya masalalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Yozgi maktab ishtirokchilarining mazkur konferensiyada ma’ruza bilan ishtirok etishini so‘rab qolamiz.

“Yozgi maktab” yakunida tinglovchilar sertifikat bilan taqdirlanishdi. Mazkur 5 kunlik tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalari yuqori saviyada amalga oshirildi.