Ubaydullayeva Ra’no Ahatovna

     Ubaydullayeva Ra’no Ahatovna O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zosi, akademik, O‘zbekiston xotin – qizlari orasidagi birinchi iqtisod fanlari doktori, professor. U O‘zbekiston va Markaziy Osiyo respublikalaridagi inson resurslari, xususan xotin – qizlar mehnat resurslaridan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy uyg‘un muammolarning, shuningdek, O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar tashkilotchilaridan biridir. 1964-1974 yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot institutida avvaliga kichik, keyinchalik katta ilmiy xodim va bo‘lim mudiri sifatida ishlagan Ra’no Ubaydullayeva O‘zbekistondagi aholi sonining qayta tiklanishi va o‘sishi hamda mehnat resurslaridan foydalanish muammolari bilan shug‘ullangan.

Professor Ra’no Ahatovna O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi, Markaziy Osiyo, MDH va xorijiy mamlakatlarda aholishunoslik va ayollar mehnati masalalari bo‘yicha keng qamrovli ilmiy tadqiqotlarning tashkilotchisi va bevosita ijrochisi sifatida tan olingan. Uning bir qator ishlari chet tillarga tarjima qilingan va chop etilgan, u AQSh, Germaniya, MXR, Daniya, Angliya, Frantsiya, Hindiston, Malayziya, Italiya, Shvetsariya, Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro konferentsiya va simpoziumlarga taklif qilingan. R. A. Ubaydullayeva Markaziy Osiyodagi tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa jamiyati hamda Milliy geografiya jamiyati (AQSh) a’zoligiga saylangan.

Taniqli olimaning ilmiy faoliyatida oila rivojlanishi masalalari alohida ahamiyatga ega. U onalar va bolalarning sog‘lom bo‘lishi – millatning sog‘lomligi degan aqidaga amal qilgan holda oilani rejalashtirish, aholining demografik fe’l – atvorini uch – to‘rt farzandli oilaga yo‘naltirish g‘oyasini ilgari surgan. Bu mavzuda uning qator dolzarb maqolalari matbuot sahifalarida e’lon qilingan.
Professor Ra’no Ubaydullayevaning ko‘p yillik ilmiy faoliyatida xotin-qizlar mehnati va tender teng xuquqiylik masalalariga alohida e’tibor qaratilib kelingan.

1993 yilda Ra’no Ahatovna O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Ushbu mas’uliyatli lavozimda 1993 – 1997 yillar davomida ishlagan olima O‘zbekistonning ijtimoiy siyosatini amalda tatbiq qilish bilan birga ilmiy faoliyatini ham davom ettirdi.

1998-yilda professor Ra’no Ubaydullayevaning ilmiy va mehnat faoliyatida yangi bosqich boshlandi. U “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish ilmiy tadqiqot Markazining direktori qilib tayinlandi va mamlakatimiz uchun yangi ilmiy soha – jamoatchilik fikri sotsiologiyasi yo‘nalishida ish boshladi. Bu yillarda professor o‘zining shogirdlari va hamkasblari bilan birgalikda jahon tajribasi, milliy xususiyatlar va milliy mentalitetni hisobga olgan holda jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha yangi metodlarni ishlab chiqdi. Olima tomonidan mamlakatimiz va chet elda jamoatchilik fikrini o‘rganish va jamoatchilik fikri sotsiologiyasi bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy ishlar nashr qilindi.

Jamoatchilik fikri sotsiologiyasining O‘zbekistonda shakllangan navqiron maktabi nafaqat mamlakatimizda, balki MDH davlatlari va xorijda tan olingan. Professor Ra’no Ahatovna UNESCOning MOST Dasturi Muvofiqlashtirish Qo‘mitasiga, Ijtimoiy fanlar bo‘yicha Xalqaro Kengashga rais etib saylangan. U Rossiya Fanlar Akademiyasining “Sotsiologik tadqiqotlar” va boshqa xalqaro sotsiologik ilmiy jurnallar tahririyat kengashlarining a’zosi, shuningdek “Jamoatchilik fikri. Inson huquqlari” respublika ilmiy – gumanitar jurnali tahrir hay’atining a’zosi hamdir. Ra’no Ubaydullayeva O‘zbekiston FA qoshidagi “Jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari” respublika ilmiy seminari va jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining rahbari sifatida keng ko‘lamdagi jamoat ishlarini olib boradi.

Professor Ubaydullayeva Ra’no Ahatovna “Olima” ayollar uyushmasining vitseprezidenti bo‘lib, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti komissiyasi a’zosidir, Rossiya FAning “Sotsiologicheskie issledovaniya” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi sifatida ham jamoat ishlarini olib bormoqda. Taniqli olima, akademik Ra’no Ubaydullayeva 400 dan ortik ilmiy ishlarning muallifi, ularning ko‘pchiligi Moskva, Sankt – Peterburg, Kiyev, Minsk, Boku shaharlarida va AQSh, Italiya, Shvetsariya, Frantsiya, Germaniya kabi mamlakatlarda chop etilgan. U gazeta va jurnal sahifalarida keng ko‘lamli tashviqot ishlarini olib boradi, yangi ilmiy kadrlar – fan nomzodlari va doktorlarni tayyorlash bo‘yicha ko‘p qirrali faoliyat yuritadi.

Fanga qo‘shgan katta hissalari uchun Ra’no Ubaydullayeva “Mehnat shuhrati” ordeni, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 15 va 20 yilligi munosabati bilan ko‘krak nishonlariga sazovor bo‘lgan.  Ubaydullayeva Ra’no Ahatovna – baxtli oila sohibasi, ikki o‘g‘ilning mehribon onasi va besh nafar nabiraning sevimli buvijonisi. Turmush o‘rtoqlari Ubaydullayev Abdulla Muharramovich ham O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Akademigi, meditsina fanlari doktori, professor. O‘g‘illari Xayrulla – iqtisod fanlari nomzodi, Sa’dulla esa tibbiyot fanlari doktori.