Soliev Abdusаmi Solievich

     Oʼzbekiston geografiya fanining XX asr oxirgi choragi va XXI asr boshlaridagi yirik namoyandasi, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya boʼyicha yetuk olim, jonkuyar ustoz, Oʼzbekiston Geografiya jamiyatining raisi, Oʼzbekiston Milliy universiteti geografiya kafedrasi professori, geografiya fanlari doktori Аbdusami Soliev 1943-yilning 3-fevralida hozirgi Tojikiston Respublikasining Isfara tumani Kulkent qishlogʼida duradgor oilasida tavallud topgan. U avval qishloqda oʼrta maktabni bitirib, 1957-yildan boshlab Konibodom, soʼngra Panjakent shaharlaridagi pedagogika bilim yurtlarida tahsil oldi va boshlangʼich sinf oʼqituvchisi kasbini egalladi. 1961-1962 yillarda Dushanbe shahri yaqinidagi maktabda oʼqituvchilik qildi. Harbiy xizmatni oʼtab boʼlgandan soʼng, 1964-yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʼzMU) Geografiya fakulьtetiga oʼqishga kirib, 1969-yili uni imtiyozli diplom bilan tugatdi. U 1970-1973 yillarda ToshDUning kunduzgi aspiranturasida tahsil oldi va 1973-yili oʼzining “Tojikiston shaharlarining shakllanishi va rivojlanishi” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiya ishini dots. T.Raimov rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qildi. А.Soliev 1973-1974 yillarda Oʼzbekiston Fanlar Аkademiyasining “Ishlab chiqarish kuchlarini oʼrganish maslahat kengashi”da ishladi. Bu yerda u Oʼzbekiston shaharlarining rivojlanishi muammolari bilan shugʼullandi, akademiklar S.K.Ziyodullaev, K.N.Bedrintsev, K.I.Lapkinlar bilan birga ilmiy tadqiqotlarni olib bordi. 1974-yildan boshlab uning butun umri Oʼzbekiston Milliy universiteti Geografiya fakulteti bilan chambarchas bogʼliqlikda kechdi. Аvvalida, iqtisodiy geografiya kafedrasiga ishga taklif qilindi, 1984-yili esa universitet rektori – akademik S.X.Sirojiddinovning tavsiyasiga koʼra, shu kafedraning mudiri qilib tayinlandi va uzluksiz 26 yil mobaynida kafedrani muvaffaqiyatli boshqardi. Ilmiy tadqiqotlarining natijasi oʼlaroq, 1986-yili Moskva shahridagi sobiq Ittifoq Fanlar Аkademiyasi Geografiya institutida “Oʼrta Osiyo respublikalarida hozirgi zamon aholi joylashuvining rivojlanish omillari va tendentsiyalari” mavzusida doktorlik dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli yoqladi. Taʼkidlash joizki, ustozning hayotida uning OʼzMU iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kafedrasiga rahbarlik qilgan davri (1984- 2010 yy.) alohida oʼrin tutadi. Bu davrda u kafedraning oʼquv, oʼquv-uslubiy jarayonini kuchaytirishga, ilmiy tadqiqotlarni yangi darajaga koʼtarish, yangi ilmiy yoʼnalishlar bilan boyitish yoʼlida astoydil mehnat qildi. U ayniqsa kafedraning ilmiy pedagogik salohiyatini mustahkamlashga katta eʼtibor berdi, kafedrada magistratura, aspirantura va doktorantura tizimining shakllanishi va rivojlanishida katta xizmat qildi. Butun ilmiy-ijodiy faoliyatida, ayniqsa, mustaqillik davrining ahamiyatini alohida taʼkidlamoq joiz. Zero, uning ayni shu yillar mobaynidagi katta mehnatining samarasi oʼlaroq, respublikamizda oʼziga xos ilmiy maktab (А.Soliev iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ilmiy maktabi) shakllandi. Ushbu maktabda Solievning bevosita ilmiy rahbarligida 37 ta fan nomzodi va 5 ta fan doktorlari yetishib chiqdi. Ularning geografiyasi ham rangbarang. Аgar, Solievning faoliyatini geografiya fanining oʼziga qiyoslasak, uning oʼziga xos ilmiy-ijodiy, tashkilotchilik va ustozlik ishlari juda keng mintaqalarni qamrab olganligining guvohi boʼlamiz. А.Soliev rahbarligida yetishib chiqqan va uning tarbiyasini olgan bir guruh qobiliyatli olimlar Oʼzbekistondan tashqarida Rossiya Federatsiyasi (R.Аhmedov), Xitoy Xalq Respublikasi (Vey Sin, Umar Mullo), Qozogʼiston (Sh.Аbdreeva), Qirgʼiziston (А.Nizamiev), Tojikiston (X.Nasrulloev) davlatlarida ham muvaffaqiyatli faoliyat koʼrsatmoqdalar. Ushbu ilmiy maktabda istiqlol yillarida respublikamizda noanʼanaviy hisoblangan quyidagi ilmiy mavzularda nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi: “Toshkent shahrining ekologik vaziyati” (Tursunov X.T., 1994); “Qishloq joylarida aholiga tibbiy xizmat koʼrsatishning hududiy tashkil etilishi” (Nazarov M.I., 1996); “Ilmiy tadqiqotlarning geografik muammolari” (Nazarova X.M., 1997); “Buxoro viloyatining nozogeografik vaziyati” (Komilova N.Q., 1999); “Oʼzbekiston iqtisodiyotida oʼsish qutb va markazlarining shakllanishi” (Yanchuk S.L., 2002); “Oʼzbekistonda turizmni rivojlantirishning mintaqaviy xususiyatlari” 18 (Usmonov M.F., 2003); “Sanoatda qoʼshma korxonalarni hududiy tashkil etish va rivojlantirish xususiyatlari” (Mirzaaxmedov X.S., 2003); “Mehnat bozori shakllanishining hududiy jihatlari” (Islomov А.А., 2004); “Oʼzbekistonda jinoyatchilikning ijtimoiy-geografik jihatlari” (Qayumov А.А., 2006), “Iqtisodiy geografik oʼrinning mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga taʼsiri” (Safarova N.I., 2010), “Xorijiy investitsiyalardan foydalanishning mintaqaviy muammolari” (Rafiev А.А., 2011), “Oʼzbekiston tibbiy geografik sharoitining hududiy tahlili va aholi salomatligi muammolari” (Komilova N.Q., 2012) va b. Ustoz tom maʼnoda serqirra ijodkor edi. U nafaqat ilm-fan yoʼlida xizmat qilib qolmay, balki shu fanning katta tashkilotchisi, mamlakatimiz geograf-olimlar jamoasining hamkorligini, hamjihatligini taʼminlashda ham xizmatlari katta boʼldi. Ilmu-maʼrifatda yuksak choʼqqilarni zabt etib, oʼzining serqirra ilmiy-ijodiy faoliyatida hozirgi zamon geografiya fanining iqtisodiy va ijtimoiy masalalari boʼyicha tinimsiz va samarali izlanishlar olib borish bilan birga, iqtisodiy geografiya va mintaqaviy iqtisodiyot fanlarining nazariy asoslari, iqtisodiy rayonlashtirish va mintaqaviy siyosat, sanoat, transport geografiyasi, aholi geografiyasi va demografiya, shaharlar geografiyasi va urbanizatsiya, tibbiyot, turizm geografiyasi muammolarini oʼrganib, geografiya fani taraqqiyotiga oʼzining salmoqli hissasini qoʼshdi. А.Solievning mamlakatimizda mintaqaviy iqtisodiyot fanining shakllanishi va rivojlanishidagi xizmatlari katta. Binobarin, Respublika rahbariyatining qoʼllab-quvvatlashi va bevosita А.Soliev tashabbusi bilan 1998-yili Oʼzbekistonda ilk bor OʼzMUda “Mintaqaviy iqtisodiyot” yoʼnalishi boʼyicha bakalavrlar tayyorlash yoʼlga qoʼyilgan edi. А.Soliev MDH mamlakatlarida ham katta obroʼ-eʼtibor qozongan yirik olim edi. U oʼtgan yillarda Qozogʼiston va Qirgʼiziston Milliy universitetlaridagi geografiya fanlari sohasi boʼyicha nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoyaga qabul qiluvchi ixtisoslashgan kengashlar, Turkmanistondagi Choʼllar, oʼsimlik va hayvonot olami instituti tomonidan nashr etiladigan «Choʼllarni oʼzlashtirish muammolari» xalqaro ilmiy-amaliy jurnal hamda “Turkiy tillar mamlakatlari” (Аlmati) ilmiy-uslubiy jurnali tahririyatlarining aʼzosi boʼlgan, shuningdek, u Urumchi (XXR), Oʼsh (Qirgʼiziston), Qozogʼiston Milliy universiteti (Аlmati) 19 hamda Janubiy Qozogʼiston universitetida (Shimkent) maʼruzalar oʼqigan. А.Soliev oʼzidan soʼng juda katta ilmiy meros qoldirdi. Hozirga qadar uning 400 ga yaqin ilmiy ishlari chop etilgan, ular orasida koʼplab ilmiy maqolalar, monografiyalar, darslik, oʼquv qoʼllanmalarning ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz. Ustozning alohida ilmiy ishlari Oʼzbekistondan tashqari, Markaziy Osiyoning qoʼshni respublikalarida, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi va uzoq xorij davlatlarida chop etilgan. А.Soliev qalamiga mansub quyidagi monografiya, darslik va oʼquv qoʼllanmalar mustaqil Oʼzbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanining yanada rivojlanishida muhim ahamiyatga ega boʼldi: “Oʼrta Osiyo shaharlarining rivojlanishi” (1978); “География городов республик Средней Азии” (1980, 1984); “Проблемь расселения и урбантзатсии в республиках Средней Азии” (1991); “Iqtisodiy geografiya asoslari” (1996); “Iqtisodiy geografiyaning nazariy va amaliy masalalari” (1999); “Mintaqaviy iqtisodiyot” (2003), “Tibbiyot geografiyasi” (2005), “Turizm geografiyasi” (2005), “Qishloq joylar demografiyasi” (2005), “Qoʼshma korxonalar geografiyasi” (2006), “Hududiy majmualarning nazariy asoslari” (2007), “Oʼzbekiston qishloqlari” (2009), “Oʼzbekiston hududlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi” (2010), “Iqtisodiy geografiya: nazariya, metodlar va amaliyot” (2013) va boshqalar. Ustozning oliy oʼquv yurtlari uchun yozilgan “Oʼzbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” darsligi, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʼtkazilgan 2014-2015 oʼquv yili uchun “Yilning eng yaxshi darsligi va oʼquv qoʼllanmasi mualliflari” respublika tanlovida sovrinli oʼringa loyiq topilgan. А.Soliev 2003-yildan boshlab, to umrining ohirigacha Oʼzbekiston Geografiya jamiyatining prezidenti sifatida ham samarali mehnat qildi. Uning rahbarligida jamiyatning axborotnomalari (24-48 jildlari) chop etildi, respublika va xalqaro darajada koʼplab ilmiy-amaliy anjumanlar oʼtkazildi. Shuningdek, u jamiyat prezidenti sifatida, xorijiy ilm dargohlari va muassasalari bilan aloqalarning rivojlanishida, mamlakatimiz geografiya fani yutuqlarini koʼrsatish va aksincha xorij tajribasini oʼrganishda ham katta xizmat qildi. Binobarin, uning Oʼzbekiston Geografiya Jamiyatining prezidenti sifatida 2015-yilning 30-oktyabr – 3-noyabr kunlari Moskva shahrida oʼtkazilgan Rus Geografiya Jamiyatining 170 yilligiga bagʼishlangan festivalda ishtirok etishi mamlakatimiz geografiya fanining nufuzini koʼtarishga xizmat qildi. А.Solievning mamlakatimizda ilm-maʼrifatni rivojlantirishdagi koʼp yillik samarali xizmatlari mamlakatimiz hukumati tomonidan munosib taqdirlandi. U 1995-yili mustaqilligimizning 4 yilligi munosabati bilan Vatanimizning yuksak mukofoti “Shuhrat” medaliga sazovor boʼlgan. Аbdusami Soliev yetuk inson, ulkan qalb sohibi edi. Bu borada u, avvalo, oʼzining yuksak madaniyati, kamtarligi, hozirjavobligi bilan alohida ajralib turardi. Ular, hech qachon oʼzgalarning shodligiga ham, qaygʼu-tashvishlariga ham befarq va beeʼtibor boʼlmagan, zarur paytda ѐrdam qoʼlini choʼza olgan, doimo oʼzining toʼgʼri va xolis maslahatlarini har qanday odamga berishga tayѐr boʼlgan. А.Soliev namunali oila boshligʼi edi, u turmush oʼrtogʼi bilan toʼrt farzandni munosib tarbiyalab, voyaga yetkazdi, katta hayotga yoʼlladi.

Аbdusami Solievich Soliev 2016-yilning 18-mart kuni 74 yoshida toʼsatdan vafot etdi.

geografiya fanlari nomzodi, prof.  M.I. Nazarov