Boʼrievа Mаmlаkаt Rаhmonovnа
Toshkentda birinchi o‘zbek demograf olima – iqtisod fanlari nomzodi, dotsent M.R.Bo‘riyeva 1947-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Mamlakat Rahmonovna 1965-yilda o‘rta maktabni tamomlab, shu yili Toshkent Davlat universitetining Geografiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetni 1970-yilda tugatgach, ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) Geografiya fakultetida laborant lavozimida ish boshladi. Mamlakat Bo‘riyeva 1977-1979-yillarda ToshDU Geografiya fakultetining kunduzgi aspiranturasida o‘qidi. Aspiranturada professor M.Qoraxonov rahbarligida O‘zbekistonda tug‘ilish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni davom ettirdi. Ilmiy tadqiqotlarning samarasi o‘laroq, u 1983-yilda Moskva davlat universitetida “O‘zbekistonda tug‘ilish” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olimaning 1979-1998-yillardagi faoliyati O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Aholishunoslik ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi bilan bevosita bog‘liq bo‘ldi. Olima bu yerda 1987-yilgacha ilmiy xodim bo‘lib ishlagan bo‘lsa, 1987-1998-yillarda uning rahbari sifatida mamlakatimizda aholishunoslik, demografiya va aholi geografiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Shuningdek, 1998-1999-yillarda Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazining Demografiya bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Ustoz 1999-yildan keyingi ilmiy izlanishlarini O‘zbekiston Milliy universitetida pedagogik faoliyat bilan birgalikda olib bordilar. M.R.Bo‘riyeva 1999-2000-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakulteti iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kafedrasi dotsenti lavozimida ishladilar. O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya fakulteti tarkibida 2000 yilda ilk bor Respublikamizda Mamlakat Raxmanovna Bo‘riyeva tashabbusi bilan demografiya kafedrasi tashkil etildi. Dotsent M.R.Bo‘riyeva 2000-2007 yillarda O‘zMU demografiya kafedrasi mudiri sifatida samarali faoliyat olib bordi. Mamlakat Rahmonovna 40 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 100 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan, 3 ta monografiya, 2 ta ilmiy risola va 10 dan ortiq o‘quv qo‘llanmalarni nashr ettirgan. Olimaning chop etilgan ishlari orasida “O‘zbekistonda tug‘ilish” (1991), “O‘zbekistonda oila demografiyasi” (1997), “Aholi geografiyasi” (1999), “Dunyo aholisi” (2008, hammuallif) kabilarni keltirish joiz. Mamlakat Rahmonovna hamkasblariga, shogirdlariga, talabalariga nisbatan g‘amxo‘r, kamtarin ustoz bo‘lish bilan birga hayot yo‘llarida ham jonkuyar maslahatchi, murabbiy bo‘lgan. 2019-yil 14-may kuni Toshkentda birinchi o‘zbek demograf olima – iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Mamlakat Rahmonovna Bo‘riyeva 72 yoshida vafot etdi.