Qayumov Abduhakim Abduxamidovich

     O‘zbekiston iqtisodiy geografiya fanining yetuk olimi, geografiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Geografiya jamiyati faxriy a’zosi Abduhakim Abduxamidovich Qayumov 1947-yil 23-iyun kuni Toshkent shahrida, xizmatchi oilasida tavallud topgan. A. Qayumov 1965-yilda Toshkent shahridagi 113-sonli o‘rta maktabning 11-sinfini a’lo baholar bilan bitirgandan so‘ng mehnat faoliyatini Toshkent kabel zavodida ishchi lavozimida boshladi. Bir yil ishlab chiqarishda mehnat qilganidan so‘ng, 1966-yilda A.A.Qayumov Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning Geografiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Talabalik yillarida A.A.Qayumov barcha fanlardan faqat “a’lo” baholarga o‘qigan va 1971-yilda oliy o‘quv yurtini imtiyozli diplom bilan tugatgan. Yosh mutaxassis A.A.Qayumov 1971-1973 yillarda ToshDU iqtisodiy geografiya kafedrasida stajer-tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritgan. A.A.Qayumov dastlabki ilmiy izlanishlari bilanoq kafedra professor-o‘qituvchilarining e’tiborini qozonib, 1973-yilda “Aholi iqtisodiyoti va demografiya” ixtisosligi bo‘yicha kunduzgi aspiranturaga o‘qishga kirdi. Aspiranturadagi tadqiqotlarini A.A.Qayumov O‘zbekistonda demografiya fanining asoschilaridan biri hisoblangan iqtisod fanlari doktori, professor Murtazo Qoraxonovich Qoraxonovning ilmiy rahbarligi ostida olib borgan. O‘sha paytdan boshlab Abduhakim Qayumov ilmiy-tadqiqot faoliyatining yetakchi yo‘nalishi demografiya, aholi va mehnat resurslari geografiyasi bilan bog‘liq bo‘ldi. A.A.Qayumov 1976-yili ohirida aspiranturani tugatgandan so‘ng, 1977-yildan boshlab O‘zbekiston SSR Mehnat bo‘yicha davlat qo‘mitasida katta iqtisodchi lavozimida ishlagan. 1978-yilda u ushbu qo‘mitada yetakchi iqtisodchi, 1980-yilda esa bosh iqtisodchi lavozimlarida faoliyat olib borgan. A.A.Qayumov davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yuritishi bilan birga, o‘zining ilmiy izlanishlarini davom ettirib keldi va 1979-yilda Irkutsk shahridagi akademik V.B.Sochava nomidagi Sibir va Uzoq Sharq geografiyasi institutida M.Q.Qoraxonovning ilmiy rahbarligida tayyorlangan “Qirg‘iziston shahar manzilgohlari demogeografik rivojlanishining muammolari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Natijada, unga sobiq Ittifoq Oliy Attestatsiya komissiyasining qarori bilan geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi berildi. Geografiya fanlari nomzodi Abduhakim Qayumov o‘zining ilmiy izlanishlarini yanada rivojlantirish, o‘z ilmiy-tadqiqot tajribasini yosh avlod vakillariga yetkazish kabi maqsadlarini ko‘zlab, 1981-yilda o‘ziga qadrdon bo‘lgan dargoh – Toshkent davlat universitetining Geografiya fakultetiga ishga o‘tdi. Olim universitetdagi ilmiy-pedagogik faoliyatini dastlab iqtisodiy geografiya kafedrasining katta o‘qituvchisi lavozimida boshlagan, 1986-yilda esa kafedra dotsenti lavozimiga tayinlandi. A.A.Qayumov 1988-yilda Geografiya fakultetida yangi tashkil etilgan sotsial geografiya va aholishunoslik kafedrasida davom ettirgan. Ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasida Abduhakim Qayumov o‘zining “O‘zbekistonda mehnat resurslari shakllanishi va rivojlanishining ijtimoiy geografik asoslari” mavzuida bajarilgan dissertatsiyasini 1994-yilda 11.00.02 – “Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya” ixtisosligi bo‘yicha geografiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etdi va uni Toshkent davlat universiteti xuzurida Bir martalik Ixtisoslashgan kengashda geografiya fanlari doktori, professor O.B.AtaMirzaevning ilmiy maslahatchiligida muvaffaqiyatli himoya qildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasining 1995-yil 25-yanvardagi qarori bilan A.A.Qayumovga geografiya fanlari doktori ilmiy darajasi berildi. Abduhakim Qayumov 2010-yilda Mintaqaviy iqtisodiyot kafedrasi bo‘yicha professor ilmiy unvonini olishga sazovor bo‘lgan. Professor A.Qayumov 1996-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti geografiya va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri lavozimiga tanlov asosida qabul qilinib, ushbu dargohda 2000 yilga qadar o‘z ilmiy-pedagogik 11 faoliyatini olib borgan. 2000-2002 yillar mobaynida esa olim Toshkent moliya institutining iqtisodiy geografiya va ekologiya kafedrasiga mudirlik qilgan. Olimning 2002-yildan boshlab to umrining ohirigacha ilmiy pedagogik faoliyati yana Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan bevosita bog‘liq bo‘lib keldi. U 2002-yilda Iqtisodiyot fakultetining mintaqashunoslik va tarmoq iqtisodiyoti kafedrasi mudiri lavozimiga tayinlandi. 2006-yilda ushbu kafedraning nomi mintaqaviy iqtisodiyot deb o‘zgartirildi va 2011-yilga qadar shu nomdagi kafedrani professor A.A.Qayumov boshqarib kelgan. Olim 2011-yildan nomi bir necha marta o‘zgargan mazkur kafedrada professor lavozimida ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettirgan. Professor Abduhakim Abduxamidovich Qayumov tomonidan 175 dan ortiq ilmiy ishlar, xususan, 10 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop ettirilgan. A.A.Qayumovning umumiy o‘rta ta’lim maktablari 9-sinfi uchun “Jahon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi” (hammalliflar – I.Safarov, M.Tillaboeva, V.Fedorko) hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun “Amaliy geografiya” (hammualliflar – A.Rafiqov, X.Vaxobov, Sh.Azimov) darsliklari bir necha marotaba qayta nashr etilgan. Professor A.A.Qayumov bir necha yillar davomida Respublika ta’lim markazi huzuridagi “Geografiya” fani yo‘nalishi bo‘yicha Respublika ilmiy-metodik kengashi raisi sifatida O‘zbekistonda geografiya ta’limini rivojlantirishga munosib xizmat qilgan. Olim maorif sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati evaziga 2015-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Professor A. Qayumovning ilmiy rahbarligida 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya hamda 08.00.12 – Mintaqaviy iqtisodiyot ixtisosliklari bo‘yicha 1 ta fan doktori (R.Qodirov, 2021), 6 ta fan nomzodi (I.Atadjanov, 2002, G.Utepova, 2002, R.Qodirov, 2005, O‘.Yakubov, 2006, X.Amonov, 2008, D.Yavmutov, 2011) hamda 5 ta falsafa doktori (A.Abdullaev, 2017, Sh.Jo‘raev, 2019, Z.Usmanov, 2020, A.Nizamov, 2021, J.Namozov, 2021) dissertatsiyalari himoya qilingan. Diqqatga sazovor jihati shundan iboratki, professor A.Qayumov ilmiy rahbarligida tayyorlangan ilmiy tadqiqot ishlari turli masalalar, jumladan, geodemografiya, mehnat resurslari geografiyasi, tashqi savdo geografiyasi, tabiatdan foydalanish geografiyasi va iqtisodiyotiga bag‘ishlangan va har xil hududlar misolida bajarilgan. A.A.Qayumov bir necha yillar mobaynida geografiya fanlari hamda iqtisodiyot fanlari bo‘yicha Ixtisoslashgan Kengashlar va ularning qoshidagi Ilmiy seminarlarning a’zosi sifatida samarali va faol ish olib borgan. Jumladan, 2005-2009 yillarda O‘zMU qoshidagi geografiya fanlari bo‘yicha Ixtisoslashgan Kengashi raisi bo‘lgan. Professor A.A.Qayumov O‘zMU Iqtisodiyot fakulteti talabalariga “O‘zbekiston milliy iqtisodiyoti”, “Demografiya”, “Iqtisodiy demografiya”, “Mintaqaviy iqtisodiyot”, “Iqtisodiy geografiya va ekologiya” fanlaridan ko‘p yillar davomida o‘zbek va rus tillarida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan. Ustoz tajriba almashish, o‘z ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanlarda ilmiy ma’ruza va tezislari bilan faol qatnashardi. Shu jumladan, A.A.Qayumov Koreya Respublikasida 2008 yilda bo‘lib o‘tgan “Maktablar uchun darsliklarni takomillashtirish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchisi bo‘lgan. 2010-yilda Mongoliyada Oltoy til oilasiga mansub xalqlar guruhiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Professor Abduhakim Qayumov namunali oila boshlig‘i bo‘lib, turmush o‘rtog‘i Ra’noxon opa bilan 4 ta farzandni voyaga yetkazgan. Respublikamiz iqtisodiy va ijtimoiy geografiya fanida o‘zining alohida o‘rniga ega bo‘lgan olim, O‘zbekiston Geografiya jamiyati faxriy a’zosi, geografiya fanlari doktori, professor Abduxakim Abduxamidovich Qayumov 2020-yil 3-avgust kuni 73 yoshida vafot etdi.[1]

[1] Профессор Абдуҳаким Қаюмов (1947-2020) Биобиблиографик маълумотнома / Тузувчи-муҳаррирлар: Федорко В.Н., Қурбонов Ш.Б. Масъул муҳаррир: Халмирзаев А.А. – Тошкент: Ishonchli hamkor, 2022. – 212 б.