Tug‘ilish iqtisodiyoti konsepsiyasi
Tug‘ilish iqtisodiyoti konsepsiyasi 1960-yillarning birinchi yarmida demograf olim G. Bekker tomonidan yaratgan. Bu konsepsiyaga ko‘ra, ijtimoiy taraqqiyot kechimining o‘zi reproduktiv mayl yangi me’yorlarining o‘rnatilishiga zamin yaratadi va shunday vaziyat yuzaga keladiki, undan ham jamiyat, ham alohida oila (shaxs) darajalarida inson kapitalining miqdori va sifati o‘rtasida ma’lum tanlov ro‘y beradi. Ushbu sharoitlarda reproduktiv moyillik va farzandlarga bo‘lgan ehtiyoj shakllanishining asosiy tarkibiy qismini ruhiy moyillik tashkil etib, 1-2 ta farzandga ega bo‘lish yetarli, deb hisoblanadi. Kam bolalik hozirgi davr jamiyati reproduktiv maylining me’yoriga aylanib bormoqda. Reproduktiv moyillik uzoq evolyusion davrda shakllanib kelgan reproduktiv mayl va farzandlarga bo‘lgan ehtiyoj me’yorlaridan farqli o‘laroq, shaxs, oila hayoti va faoliyati-ni joriy sharoitlarining kuchli ta’sirida bo‘lib, bu sharoitlar farzandlarga bo‘lgan ehtiyoj qondirilish darajasi uchun zamin yaratadi. Ayni vaqtda, turli ijtimoiy guruhlarga mansub shaxs, oilalarga hayotning joriy sharoitlarining ta’sir kuchi bir xil bo‘lmaydi, zero, bu sharoitlarga baho berish mezonlari turlicha va sub’ektiv tavsifga ega: bir xil ijtimoiy-iqtisodiy o‘lchamlar ba’zi oilalar tomonidan bolalarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun yetarli deb qabul qilinsa, boshqa oilalar ularni xohlagan miqdorda farzand ko‘rishlariga to‘siq, deb hisoblaydi.