Real va shartli avlod usullari

Real va shartli avlod usullari orqali kishilarning yoshini va ularning umri davomida sodir bo‘layotgan ba’zi demografik hodisalarni bilish bizga aholining yosh tarkibi haqida tasavvurga ega bo‘lish, shuningdek, qaysi yoshlarda ba’zi hodisalar ro‘y berishini bilishga yordam beradi. Demografik tahlilda “avlod” tushunchasi muhim rol o‘ynaydi, chunki u ma’lum bir davrda tug‘ilgan (ko‘p hollarda taqvim yiliga teng) kishilar jamlanmasi xususiyatlarini ko‘rsatib beradi. Odatda, aniq avlodni tarkib toptiruvchi tengdoshlar jamlanmasi va faraziy avlod deb nomlanuvchi avlodni tarkib toptiruvchi turli yoshdagi zamondoshlar jamlanmasi farqlanadi. Avlodlar davomiyligi ota-onalar tug‘ilishi bilan ularning bolalari tug‘ilishi o‘rtasidagi vaqt oralig‘i bilan ifodalanadi. Insoniyat rivojlanishining turli tarixiy davrlarida avlodning umr ko‘rish davomiyligi doimo bir xil bo‘lmagan. Hozirgi davrda ma’lum bir shartlilik asosida u 32-35 yilga to‘g‘ri keladi, deb hisoblanadi.