Epidemiologik o‘tish nazariyasi

Epidemiologik o‘tish nazariyasi insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida kuzatilgan o‘limning miqdor ko‘rsatkichlari aholining yoshi va o‘lim sabablari omillari bilan bog‘liqdir. Mazkur konsepsiya amerikalik demograf va epidemiolog A.R.Omran tomonidan “Aholining tabiiy harakati nazariyasining epidemiologik xususiyati” maqolasida ilgari surilgan. A.R. Ormanning konsepsiyasi insonning kasallanishi va o‘limiga olib keladigan uning organizmiga endogen (ichki) va ekzogen (tashqi) ta’sir tahliliga asoslangan. Uning fikricha, ana shu endogen va ekzogen omillar o‘limning umumiy darajasini ham, u yoki bu aniq sababga ko‘ra o‘lim holatini ham belgilaydi. O‘limning endogen omillari inson organizmida odam tug‘il-ganidan o‘lguniga qadar sodir bo‘ladigan ichki jarayonlar ko‘p jihatdan biologik yoki genetik tabiatga ega va insonning butun organizmi yoki uning alohida a’zolarining tabiiy keksayishi bilan bevosita bog‘liq. Shuning uchun o‘limning endogen omillari haqida so‘z borganda insonning biologik organizm sifatida keksayib borishi nazarda tutiladi. O‘limning ekzogen omillari atrof-muhit omillari: ham tabiiy, ham ijtimoiy (ekologik vaziyat, ishlab chiqarishning xususiyati, mehnat va turmushning sanitariya va gigiena sharoitlari, shu jumladan u yoki bu mintaqadagi epidemiologik vaziyat, tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning holati va h.k.lar) omillar, shuningdek, aholining o‘zining sog‘lig‘i va umr ko‘rish davomiyligiga munosabatini qamrab oladi. O‘lim sabablarini ana shunday tavsiflash hozirgi vaqtda umume’tirof etilgan. Har qanday odam, yoshidan qat’i nazar, yuqoridagi ekzogen omillar ta’sirining ob’ektiga aylanishi mumkin. Ular insonning darhol o‘limiga sababchi bo‘lishi yoki bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq bunday omillarning organizmga ta’siri juda kam hollarda asoratsiz kechadi. Ekzogen omillar insonning yoshligidan o‘limiga olib kelmasa ham organizmning keksayish jarayonini tezlashtiradi va barvaqt o‘limga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun keyingi vaqtda aholi o‘limi ikkita emas, balki uch turga: endogen o‘lim, ekzogen o‘lim va kvaziekzogen o‘limga ajratila boshlandi. Bunda kvaziendogen o‘lim deganda to‘planib qolgan ekzogen ta’sir oqibatidagi o‘lim tushunilmoqda.