Demografik vaziyat monitoringini amalga oshirish algoritmi

 

Demografik vaziyat monitoringini amalga oshirish algoritmi quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

Birinchi bosqich monitoring vazifasini qo‘yish, monitoringning zarur texnik vositalari va ularga nisbatan qo‘yiladigan talablarni aniqlashdan iborat. Mazkur bosqichda demografik indikatorlar tizimi va ularning chegaraviy qiymatlari tanlanadi. Masalan, biror hududning demografik vaziyatini tahlil qilishda hudud iqtisodiyoti tadqiqot obyekti bo‘ladi. Tadqiqot vazifalari dolzarb ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, tendensiyalarni tahlil qilish, indikatorlar dinamikasi va tahdidlarning yuzaga kelishini prognoz qilish, shuningdek demografik vaziyatni yaxshilash yuzasidan ilmiy takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Ikkinchi bosqich – dolzarb ma’lumotlarni izlashdan iborat. Boshlang‘ich axborot manbalariga nisbatan ishonchlilik va to‘g‘rilik talabi qo‘yiladi hamda ular rasmiy bo‘lishi kerak. Oshkora ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ushbu ko‘rsatkichni manfaatdor boshqaruv organlaridan so‘rash yoki tizimdan chiqarib tashlash lozim.

Uchinchi bosqichda dastlabki ma’lumotlar demografik indikatorlarga aylantiriladi, qayta ishlanishi keyinchalik yangi bilimlarning identifikatsiyalanishiga olib keladigan uch o‘lchamli ma’lumotlar shakllantiriladi. Bunday massivlardagi birinchi indeks – subyektning raqami, ikkinchisi – ko‘rsatkich raqami, uchinchisi esa – vaqt. Ayni paytda Davlat statistika qo‘mitasi bir qator demografik indikatorlar bo‘yicha ma’lumotlar jamoatchilikka taqdim etib kelmoqda. Ularni diskretizatsiyalash davri bir yilga teng. Asosiy tizimdan tashqari, o‘z vaqtida tezkor prognoz qilish uchun bir oylik sanoq davriga ega bo‘lgan qisqa muddatli indikatorlar tizimini ishga tushirish mumkin.

To‘rtinchi bosqichda axborotni keyingi tahlil va prognoz qilish uchun uni o‘zgartirish amalga oshiriladi. Boshlang‘ich ko‘rsatkichlar turli o‘lchamga ega bo‘lganligi bois ularni birgalikda tahlil qilish uchun qator hollarda ularni funksional o‘zgarishni (me’yorlashni) amalga oshirish zarur. O‘zgartirilganidan keyin indikatorlar o‘z o‘lchamini yo‘qotadi, bunda o‘z dinamikasidagi tendensiyalarni saqlab qoladi va bir xil chegaralarda o‘zgaradi. Bu esa ularni bir o‘qlarda, masalan, gulbarg shaklidagi diagrammalardan foydalangan holda tahlil qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, ushbu bosqichda “xavf zonalari”ni – indikatorni uning chegaraviy qiymatdan uzoqda joylashganligi darajasiga qarab pozitsiyalash sohasini aniqlash mumkin.
Demografik vaziyatni monitoring qilishning eng muhim jihatlaridan biri bu demografik ma’lumotlarni vizuallashtirish hisoblanadi.

Beshinchi bosqichda dastlabki ma’lumotlarni jamlash amalga oshiriladi. Ko‘rsatkichlarni umumlashgan indikatorlarga (indekslarga) jamlangandan so‘ng demografik vaziyatni tavsiflovchi har bir ko‘rsatkichlar blogi uchun tegishli me’yorlangan indikatorlarning o‘lchangan yig‘indisi sifatida yig‘ma indikatorlar hisoblab chiqiladi. Vaznlarni tayinlashda integral indeksdagi ko‘rsatkichda indikatorlarning mustaqillik darajasini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlikni, chegaraviy qiymatdan uzoqda joylashganlik darajasi va hokazolarni hisobga olish lozim.

Oltinchi bosqich prognoz qilish muammosini hal etishdan iborat. Prognoz qilish subyekt ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbollarini baholash, tendensiyalar va potensial tahdidlarni aniqlash imkonini beradi. Prognoz, birinchi navbatda, noaniq vaziyatda qaror qabul qilish zarurati bilan bog‘liq. Prognoz qilish deyilganda an’anaviy tarzda axborotni, mavjud kuzatuvlarni ekstropolyatsiya qilishning qanaydir oqilona jarayoni, noaniq kelajak haqida asoslangan taxminni tuzish jarayoni tushuniladi.
Prognozlashtirish usulini tanlashning asosiy talabi – bu maqbul tezkorlik va amalga oshirishning soddaligi bilan uyg‘unlikda uning ishonchliligidir. Demografik vaziyatni prognoz qilishga oid ilmiy adabiyotlarda ko‘p sonli usullar taklif etilgan. Ko‘pincha prognoz qilish usulini tanlash uni qo‘llashning maqsadga muvofiqligi bilan emas, balki tadqiqotchining ixtiyoridagi mavjud ma’lumotlar bilan belgilanadi.
Yakunlovchi yettinchi bosqich oldingi bosqichlar natijasida identifikatsiyalangan qonuniyatlarni tahlil qilish masalasini hal etishdan iborat.