Ajralish

Ajralish yoki nikohdan ajratish – er va xotinning hayot vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organlari tomoni-dan yoki qonunchilikda ko‘zda tutilgan alohida holatlarda sud qarori bo‘yicha nikohning bekor qilinishidir. Nikoh er-xotindan biri yoki har ikkalasining arizasiga muvofiq nikohdan ajratish yo‘li bilan, shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan er yoki xotinning vasiysi bergan arizaga muvofiq tugatilishi mumkin. Agar sud er va xotinning bundan buyon birga yashash va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi. Voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnoma-larini qayd etish organlarida ajratiladi.

Er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish to‘g‘risida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo bo‘lgan taqdirda er-xotin yoki ulardan biri nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.

Agar er-xotindan biri:

  • sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
  • sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
  • sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi.

Agar bolalar haqida, er-xotinning birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er-(xotin)ga ta’minot berish uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjud bo‘lsa, ular nikohdan sud tartibida ajratiladi.

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organida nikohdan ajratilganlik ro‘yxatga olingan kundan boshlab tugatiladi.