Aholining etnik tarkibi

Aholining etnik tarkibi kishilarning etnik (millatga oid) mansubligi belgisi bo‘yicha bo‘linishini ko‘rsatadi. Etnos – (xalq) tarixiy shakllanib kelgan muqim kishilik jamiyatidir. Etnoslar qator belgilar bilan xarakterlanib, ushbu belgilarning asosiylari tilning umumiyligi, hudud, madaniyat va turmush tarzining o‘ziga xosligi, kelib chiqishi, irqi, o‘zini-o‘zi anglashi, iqtisodiyoti, diniy tegishliligi hisoblanadi. Mazkur belgilarning ichida ayrimlari mavjud bo‘lmasligi ham mumkin. Ko‘pgina zamonaviy amerikalik etnoslar turlicha til guruhlari va turlicha irqlar vakillaridan iborat bo‘lgan, ularni tashkil etgan kishilar esa turlicha dinga mansubdir.

Etnoslarning shakllanish omillari to‘g‘risida umumiy bir fikr mavjud emas. Olimlarning turli guruhlari ayrim etnoslarning paydo bo‘lishida sotsial-iqtisodiy omillarning ustunligini qanday yoqlashsa, tabiy-biologik omillarning ustunligini ham shunday yoqlashadi. Xususan, shunday fikrlar mavjudki, turli etnoslar – bu mahalliy tabiiy o‘ziga xosliklar ta’siri ostida shakllanadigan alohida biologik populyatsiyalardir. Vaqt o‘tishi bilan bu populyatsiyalar yoshlik (rivojlanish), voyaga yetish (yetuklik) qarish (so‘lish) davrlaridan o‘tishadi va nihoyat yo‘q bo‘lishadi (vafot etishadi), ularning o‘rnida esa yangi eposlar paydo bo‘ladi. Bu yerda sotsial-iqtisodiy omillar tabiiy-biologik jarayonlarning o‘tishini o‘zgartirishi (tezlatishi yoki sekinlatishi) mumkin xolos. Boshqa nuqtai nazarga ko‘ra etnik jamoaning birinchi bosqichi qarindoshlik aloqalari, tilning (shevaning) umumiyligi, bo‘linishdagi hududiy birlik, moddiy va ma’naviy madaniyatning umumiy  elementlari asosida sinfiy jamiyatgacha vujudga kelgan qabilalar bo‘lgan. Sotsial-iqtisodiy rivojlanish (xo‘jalik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, o‘z-o‘zini anglashni rivojlantirish) amalga oshib borgan sari yaqin qarindosh bo‘lgan guruhlar yoki birga yashayotgan qabilalar xalqlarga aylanib boraverdilar. Hozirgi kunda ham Yerning turli qismidagi kamsonli tub etnoslarni ushbu atama bilan atashadi. Feodal parchalanishga ega bo‘lish davrida hududiy (siyosiy) va iqtisodiy birlik asosida xalqlar millatlarga aylanib bordi. Millatlarning shakllanishi, vaqt o‘tgan sari ular sonining oshishi, ular orasidagi farq (millatlar farqi)ning anglanishi «millat» atamasining paydo bo‘lishini belgilab berdi.

U yoki boshqa belgilarning mavjudligiga ko‘ra Yer yuzida etnoslar turli baholarga va umumiy miqdorga (2 mingtadan to 10 mingtagacha) ega. Aksariyat olimlar ta’kidlashadiki, hozirgi paytda dunyoda o‘z xarakteristikasi buyicha jiddiy farqlanadigan 4 mingga yaqin etnoslar yashashadi. Shuning uchun etnoslarning toifalanishi katta ahamiyatga ega. Demografik, etnografik, iqtisodiy-geografik tadqiqotlarda etnoslarning turli toifalaridan keng foydalaniladi, ularning ichidan muhimi soni va tili bo‘yicha toifalanishi hisoblanadi.