Aholi
Aholi – Yer yuzida yoki uning muayyan hududi, qit’a, mamlakat, tuman, shaharda istiqomat qiluvchi odam (inson)lar majmui. Bundan aholining ikki asosiy: son (insonlar jamlanmasi ekanligi) hamda hududiy (aholining muayyan hududda yashashi) belgisi ayon bo‘ladi.
Aholi, mohiyatiga ko‘ra, o‘zaro farq qiluvchi uchta jihatga ega. Birinchisi, aholining biologik birlik ekanligidir. Ushbu jihatga ko‘ra, insonga biologik mavjudot sifatida ko‘payish, biologik jamlanma sifatida takror hosil bo‘lish xos. Ikkinchi jihatga muvofiq, aholi ijtimoiy-biologik kategoriyadir. Bu jihat bo‘yicha aholi ijtimoiy va biologik munosabatlarning o‘ziga xos davomchisi hisoblanadi. Nihoyat, uchinchi jihat aholi ijtimoiy hodisa bo‘lib, ijtimoiy aloqalar orqali birlashgan insonlar jamlanmasi sifatida yuzaga chiqadi.
Aholi ko‘plab xususiyat va vazifalarga ega. Ulardan eng asosiylari – ishlab chiqarish, iste’mol va ko‘payish vazifalari bo‘lib, ular turli tarixiy davrlar va jamiyatlarda turlicha o‘lchovga ega. Masalan, ishlab chiqarish vazifasi ijtimoiy mehnat samaradorligi ko‘rsatkichlari yordamida yuzaga chiqsa, iste’mol – aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarilishi sifatida, takror hosil bo‘lish esa reproduktiv yoshdagi ayol tomonidan dunyoga keltiril-gan bolalar soni sifatida yuzaga chiqadi.
Aholining boshqa xususiyatlari ham mavjud bo‘lib, ular jumlasiga ijtimoiy, migratsiya harakatchanligi kiradi. Mazkur vazifalar aholi faoliyatining turli jihatlarini tavsif-lab beradi. Aholining ko‘p qirrali ekanligini insonlarning turli jihatlardan o‘rganuvchi ko‘pgina fanlar ham tasdiqlab beradi. Masalan, demografiya, aholi geografiyasi, etnografiya, aholishunos-lik iqtisodiyoti, sotsiologiya, mehnat iqtisodiyoti, ijtimoiy psixologiya va h.k. kabi fanlar uchun aholining umumiy yoki uning ma’lum bir qismining tadqiqot ob’ekti bo‘lib yuzaga chiqadi.