Uy xo‘jaligi
Uy xo‘jaligi – bu inson kapitalini takror tiklash va uni amalga oshirishning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy birligi, yakka yoki birgalikda yashovchi va birgalikda xo‘jalik yurituvchi bir necha shaxslar tomonidan ta’minlanadigan yaxlit hayot faoliyati vositasi hisoblanadi. Uy xo‘jaligi tarkibi bir – biridan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi:
bir kishilik, alohida uy–joy yoki uning bir bo‘lagida yashovchi, hayot uchun zarur barcha ehtiyojlarini mustaqil qondiruvchi va birgalikdagi turar joyga ega boshqa kishilar bilan umumiy xo‘jalik yuritish vositasi bo‘lmagan shakl;
ikki va undan ortiq kishilik, alohida turar – joyda birga yoki bo‘lak yashovchi, kundalik ehtiyojlarining umumiy faoliyatlarida to‘liq yoki qisman o‘z vositalarini birlashtirish yoki ajratish orqali qondiruvchilar.
Bu shaxslar nikoh orqali, qavm – qarindoshlik aloqalari bilan yoki qarindosh bo‘lmagan rishtalar bilan ham bog‘langan bo‘lishlari mumkin. Uy xo‘jaligi tarkibida uning a’zolariga begona bo‘lgan, biroq bir turar – joyda istiqomat qiladigan va yagona xo‘jalik yurituvchi shaxslar bo‘lishi ham mumkin (xo‘jalik homiyligida yashovchi qariyalar va boshqa shaxslar). Bino ijaraga olingan holatlarda binoning xo‘jayini, tashkil etilgan uy xo‘jaligining a’zosi hisoblanmaydi. Shu bilan birga uy xizmatchilari ham o‘z ish beruvchilarining uyida istiqomat qilishganida ham (mehnatlari uchun boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlanadilar) uy xo‘jaligining a’zosi hisoblanmaydilar.