Standartlashtirilgan koeffitsientlar
Standartlashtirilgan koeffitsientlar turli hududlardagi yoki ulardan biridagi aholining takror barpo bo‘lishini taqqoslama tahlil qilish uchun qo‘llaniladi. Masalan, ikki hududdagi o‘lim darajasi tahlil etilayotganda aholi yosh tarkibining bunga ta’sirini bartaraf etish zarurati tug‘iladi. Bu, umuman, mintaqadagi aholining yosh tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilgan holda standartlashtirilgan koffitsientlar orqali hisoblab chiqiladi. Standartlashtirishning ikki – bevosita va bilvosita uslublari mavjud. Ularning farqi quyidagilardan iborat: birinchi uslubda standart sifatida aholining muayyan yosh tarkibi olinadi. Bilvosita uslubda esa standart sifatida aholining muayyan yosh guruhlaridagi o‘lim koeffitsientlari olinadi. Birinchi uslub yosh tarkibidagi farqlanishlarni aniq ta’riflaydi, lekin uni qo‘llashdagi befoydalilik shundaki, agar taqqoslanayotgan hududlarda yosh guruhlari bo‘yicha o‘lim koeffitsientlari mavjud bo‘lsa, u holda standartlashtirishga o‘z-o‘zidan ehtiyoj qolmaydi. Ikkinchi uslubda birmuncha noaniqliklar mavjud bo‘lsa-da, u yosh guruhlari o‘limiga tegishli axborot mavjud emasligida qo‘llaniladi.