Salomatlik

Salomatlik – umuman, inson organizmining hamda uning barcha organlarining o‘z funksiyalarini bajarishga to‘la qodir bo‘lgan holati, kasallikning mavjud emasligidir. Ushbu tushunchada salomatlikning uchta: jismoniy, ruhiy va ijtimoiy tarkibiy xususiyatlari qamrab olingan. Jismoniy salomatlik – organizm barcha organlari va tizimlari me’yorida amal etib turgan tabiiy holatdir. Ruhiy salomatlik deganda, fikrlash darajasi va sifati, diqqat va xotiraning hamda irodaning rivojlanganligi, hissiy barqarorlik darajasi tushuniladi. Ijtimoiy salomatlik inson ijtimoiy hayoti asosini tashkil etadigan axloq tamoyillari asosida belgilanadi, ya’ni bu insonning muayyan jamiyatdagi hayot faoliyatidir. Mazkur xislatlar, eng avvalo, insonning mehnatga munosabati axloqqa va turmush tarziga zid xulq va odatlarga faol qarshi turishi nazarda tutiladi.