Oila

Oila – fiziologik-tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarni qondirishning nikoh asosida tartibga solinadigan tizimi bo‘lib, bir-biri bilan ijtimoiy-ruhiy jihatdan qarindosh-urug‘chilik munosabatlari asosida iqtisodiy jihatdan mulkiy munosabatlar uyg‘unligida birgalikda faoliyat yurituvchi kishilar birikuvidir. Oila — nikoh yoki tugʻishganlikka asoslangan kichik guruh. Uning aʼzolari roʻzgʻorining birligi, oʻzaro yordami va maʼnaviy masʼuliyati bilan bir-biriga boglangan. Oilaning eng muhim ijtimoiy vazifalari — inson zotini davom ettirishdan, bolalarni tarbiyalashdan, oila aʼzolarining turmush sharoitini va boʻsh vaqtini samarali uyushtirishdan iboratdir. Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa sanalsada, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy munosabatlar bilan belgilanadi va ular taʼsirida oʻzgarib boradi. Shunga muvofiq, har bir jamiyat oʻzgarib mos oila tipini, oilaviy munosabatlarni oʻrnatadi.

Oila jamiyat tarixida azaldan mavjud boʻlmagan. Ibtidoiy jamoa tuzumining birinchi bosqichida, kishilar toʻda-toʻda boʻlib yashayotgan davrda jinslar orasidagi munosabatlar muayyan tartib-qoidaga ega boʻlmay, toʻdadagi barcha erkaklar va ayollar bir-birlariga umumiy er-xotin hisoblangan. Tarixiy taraqqiyot jarayonida jinsiy munosabatlar asta-sekin muayyan tartibga solina boshlandi. Dastlab ota-ona bilan farzandlar, soʻngra aka-uka va opa-singillar orasidagi jinsiy munosabatlar taqiqlanib guruhli oila paydo boʻlgan. Lekin, bu oilalarda hali er-xotin nikohi barqaror alohida xoʻjalikka ega boʻlmagan. Bu davrda tabiiy omil oʻz vazifasini tugalladi, yaʼni jinsiy munosabatlar doirasidan qonqarin-doshlar istisno qilindi, jinsiy munosabatlar faqat bir erkak va bir ayol munosabatiga aylandi (yana qarang: Patriarxal oila, Poliandriya, Poligamiya, Poliginiya).

Ijtimoiy ishlab chiqarish — chorvachilik va dehqonchilikning rivojlanishi bilan erkaklar mehnatining qadri oshdi, mah-sulot ishlab chiqarishda ulushi ortdi, binobarin, ularning ijtimoiy mavqei ham tubdan oʻzgardi. Mavjud qoida tartiblar — farzandlarning onagagina tegishli boʻlishi, ona mulkiga merosxoʻr sanalishi erkaklarning yangi mavqeiga zid kelib qoldi. Natijada ota xuquqiga asoslangan patriarxal oila vujudga keldi. Shunday qilib, hozirgi individual oilaning oʻtmishdoshi — monogam oila vujudga kelgan (qarang: Monogamiya).

Oila xalqning, jamiyatning hayoti, turmushiga oid urf-odatlarni oʻzida sinovdan oʻtkazadi. Yaxshilarini oʻz bagʻrida asrab-avaylab kelajak avlodlarga yetkazadi. Oila oʻz farzandlarini tarbiyalab, ularga umuminsoniy qadriyatlarni singdirish bilan ularga boshlangʻich ijtimoiy yoʻnalish beradi. Oʻz farzandlarini katta oqimga — jamiyatga qoʻshish bilan esa Oila jamiyat yoʻnalishi, iqtisodiyoti, madaniyati va maʼrifatini ham belgilashga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shuning uchun ham sharqda oila qadim-qadimdan muqaddas qoʻrgʻon hisoblanib kelingan. Xususan, oʻzbek oilalarining serildizlik, serbutoqlik xususiyatlari hozir ham saqlanib turibdi. Oʻzbeklarda oilalarning muayyan turmush tarzi shakllanib hayotiy tajriba orttirib borishi, tejamli va sarishta roʻzgʻor tutishi, farzandlarni odobli, maʼnaviy yetuk boʻlib kamol topishida keksalar, ota-onaning roli katta. oʻzbek oilalari oʻzlarining mustahkamligi, saran-jom-sarishtaligi, bolajonligi, qarindosh-qondoshlik rishtalarini hurmat qilishi, mehr-oqibatli va boshqa qadriyatlari bilan ajralib turadi.