O‘lim sabablari

O‘lim sabablari deganda, o‘limga olib kelgan yoki o‘lim sodir bo‘lishiga sabab bo‘lgan kasalliklar, patologik holatlar yoki jarohatlar, shuningdek, o‘lim bilan tugagan jarohatga sabab bo‘lgan baxtsiz hodisa tushuniladi. O‘lim sabablari to‘g‘risidagi ma’lumot manbai shifokor tomonidan qayd qilinadigan, o‘limga sabab bo‘lgan kasallik, baxtsiz hodisa, qotillik, o‘z joniga qasd qilish va boshqa tashqi ta’sir xususidagi tibbiy dalolatnoma hisoblanadi. O‘lim sabablari tegishli tibbiyot organi yoki shifokor tomonidan aniqlanadi. Bugungi kunda o‘lim sabablarining zamonaviy statistikasi o‘limning bitta, yetakchi yoki dastlabki sababini ajratib ko‘rsatadi. Avvallari o‘limning dastlabki sababi asosiy yoki bosh sabab, deb ko‘rsatilar edi. Jahonda qabul qilingan demografik va tibbiyot statistikasining hozirgi davrdagi qoidalariga muvofiq, o‘limning dastlabki sababi Kasalliklar, jarohatlar va o‘lim sabablarining xalqaro tasnifiga muvofiq o‘rnatiladi. Mazkur xalqaro tasnif tegishli vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi, tasdiq-lanadi va qayta ko‘rib chiqiladi. Kasalliklar, jarohatlar va o‘lim sabablarining birinchi xalqaro tasnifi fransuz statistigi va demografi J. Bertilonning taklifi asosida 1893 yilda Xalqaro statistika institituti tomonidan qabul qilingan edi. U 1900 yildan muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqilmoqda. Bugungi kunda butun dunyoda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1989 yilda qabul qilingan Kasalliklar, jarohatlar va o‘lim sabablarining o‘ninchi xalqaro tasnifi amal etadi.