Nogironlik

Nogironlik (lotincha invalidus – kuchsiz, quvvatsiz) – kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan jarohatlar yoki nuqsonlar oqibatida hayot faoliyatining cheklanishiga olib keluvchi va uning ijtimoiy himoyaga muhtojligini keltirib chiqaruvchi organizm funksiyalarining barqaror bajarilishining izdan chiqishi oqibatidagi inson salomatligining buzilishidir.

Insoniyat o‘z tarixida har doim jismoniy, ham ruhiy jihatdan imkoniyatlari cheklangan odamlar bilan to‘qnash kelgan. Rivojlanishning turli davrlarida ularga munosabat ham turlicha bo‘lib borgan. Nogiron insonlarning tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, nogironlik tushunchasi birinchi bor xarbiy insonlarga nisbatan qo‘lanilgan ya’ni, urush va harbiy harakatlar paytida yaralangan, jarohat olgan, kasallik orttirgan harbiylar va sobiq jangchilar «nogiron» (invalid) deb atalgan.

Nogironlik tushunchasining umum qabul qilingan ta’rifi mavjud emas, yillar davomida «nogironlik ta’rifini» takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Birinchilardan bo‘lib sotsiologiyaning klassik namoyondasi vakili E. Dyurkgeym nogironlik jarayoni bilan bog‘liq masalalarni o‘zining ijtimoiy munosabatlarning institutsional va standartlashtirilgan shakllari (ijtimoiy norma va yo‘qotish, ijtimoiy institutlar, ijtimoiy nazorat mexanizmlari) nazariyasida ilgari surgan. Aynan, Dyurkgeym birinchi bo‘lib jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan to‘qnash kelganda “imkoniyati cheklangan shaxs”, “notipik odam” degan atamalarni ishlatgan.

Nogironlik bu invalidlik – kasallik, shikastlanish, mayib-majruxlik, baxtsiz hodisalar tufayli butunlay yoki ma’lum muddat mehnat qobiliyatini yo‘qotgan shaxs tushuniladi. Jismoniy yoki aqliy nuqsonlari borligi sababli ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj shaxs nogiron hisoblanadi. Nogironlik – bu insonning muayyan faoliyat bilan shug‘ullanishi yoki atrofidagi dunyo bilan (ijtimoiy yoki moddiy) samarali muloqotini qiyinlashtiradigan har qanday holat tushuniladi. Bu so‘z lotincha invalidus so‘zidan olingan bo‘lib, aynan «kuchsiz, kuchli emas» degan ma’no anglatadi, ya’ni, in — «emas» + validus — «kuchli», boshqacha aytganda, bu – jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy jihatdan kamchiligi bo‘lgan inson faoliyatida mavjud to‘siq yoki cheklovlarni bildiradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida nogironlikka “jamiyatda boshqalar bilan teng ravishda to‘liq va samarali ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan omillar: jismoniy, aqliy, intellektual yoki hissiy buzilishlar va har xil to‘siqlar natijasida qiyinchilikka duch kelgan shaxs” sifatida ta’rif berilgan.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ikkita asosiy tushunchani farqlaydi: «Buzulish» – aqliy, fiziologik yoki tana tuzilishi funktsiyasining har qanday yo‘qolishi yoki g‘ayritabiiy ishlashi, masalan, falaj yoki ko‘rlik. «Nogironlik» esa faoliyatni shu tarzda yoki inson uchun normal deb hisoblangan doirada amalga oshirish qobiliyatining har qanday cheklovi yoki yo‘qligi (buzilish bilan bog‘liq). 2020 yil 15 oktabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi yangi Qonunda “nogironligi bo‘lgan shaxs — ijtimoiy yordam va himoyaga, jamiyat va davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hayotida boshqalar bilan birga teng to‘liq va samarali ishtirok etish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga muhtoj barqaror jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxs” deya ta’rif beriladi.

Zamonaviy sotsiologik adabiyotlarda “nogironlik” tushunchasini ta’riflash, nogironlik muammosini o‘rganish va tahlil qilishda turli xil ilmiy-nazariy yondashuvlar mavjud. Nogironlik muammosiga ilmiy-nazariy yondashuvda nogironlik modellari alohida o‘rin tutadi. Nogironlik modelllari nogironlikning mohiyatini, individ va jamiyatning o‘zaro bir-biriga ta’siri, nogironligi bo‘lgan shaxsning ijtimoiy himoyasi, reabilitatsiya va moslashuvi, jamiyatga uyg‘unlashuvi jarayonlarini o‘rganishda konseptual ahamiyatga ega. Nogironlik modellarining ilk tafsiloti K.Denson tomonidan berilgan. Nogironlik modellari hamda u yoki bu modelning ijtimoiy siyosatga nisbatan ta’siri darajasini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar keyinchalik Kanada va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida rivojlana boshladi.

Nogironlik – bu odamning mulki emas, balki jamiyatda yuzaga keladigan to‘siqlardir. Bu to‘siqlarning sabablari haqida turli xil qarashlar mavjud, ulardan ikkitasi keng tarqalgan. Odatda nogironlikning ikkita asosiy kontseptual modeli mavjud bo‘lib, bular tibbiy va ijtimoiy modellar hisoblanadi. Tibbiy model nogiron insonlarning imkoniyatlarini kamaytirishdagi qiyinchilik sabablarini ko‘rib chiqadi. Ijtimoiy model, qiyinchiliklar umumiy faoliyatda, shu jumladan turli cheklovlarga ega bo‘lgan odamlarda ishtirok etishni nazarda tutmaydigan jamiyat tomonidan yaratilganligini ko‘rsatadi.