Hayot jadvali
Hayot jadvali joriy yilda ayrim yoshlardagi o‘lim ko‘rsatkichlariga asoslangan holda aholining hayoti mobaynida kamayib borishini ko‘rsatuvchi va bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ko‘rsatkichlar tizimidan tashkil topgan jadval. Mazkur jadvalni hayot jadvali (inglizcha “life tables”), deb nomlanishi bejiz emas, chunki u faqat o‘lim ko‘rsatkichlari modeli bo‘lmay, balki avlodlarning tabiiy harakati modeli hamdir. Hayot jadvali aholisi 100 000 dan kam bo‘lmagan hududlarda, shahar va qishloqlarda erkaklar va ayollar uchun alohida-alohida tuziladi. Odatda, bunday jadvallar davlat tomonidan aholini ro‘yxatdan o‘tkazish davriga bog‘lab tuziladi va bosqichma-bosqich hisoblashlar va ma’lumotlar olish natijasida umrning o‘rtacha davomiyligi ko‘rsatkichi olinadi va u aholi salomatligining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Boshlang‘ich axborot bilan bog‘liq holda (yosh guruhlari bo‘yicha o‘lim koeffitsientlari) to‘liq va qisqa hayot jadvallari farqlanadi. To‘liq hayot jadvali – bir yillik koeffitsientlar asosida hisoblab chiqariladigan jadvaldir. Mazkur holda hayot jadvali qadami 1 ga teng bo‘ladi. Odatda, ular 0 dan 100 gacha bo‘lgan yosh davrini qamrab oladi. Qisqa hayot jadvalida bir qadam 5 yilga teng bo‘ladi. Biroq bunda aksariyat hollarda hayotning birinchi yili alohida ajratiladi (hayot jadvalida 0 belgisi yoziladi) va butun birinchi besh yillik bir yillik guruhda ko‘rib chiqiladi. Bu albatta, asoslidir, chunki mazkur yosh oralig‘ida o‘lim darajalari yil sayin o‘zgarib boradi va ushbu o‘zgarishlar ancha sezilarlidir, shu bois go‘daklar o‘limi va hayotning to‘rtinchi yilidagi holati kelgusi hisoblashlardagi katta xatolarga olib keladi.