Aholining takror barpo bo‘lishi
Aholining takror barpo bo‘lishi – inson tug‘ilishi va vafot etishi orqali avlodlar almashishi jarayonida aholi soni va tarkibining muntazam yangilanib turishidir. Shuning uchun har bir kishi umr ko‘rishining chegarasi bo‘lishiga qaramay aholi o‘z soni va tarkibini saqlab yoki o‘zgartirib mavjud bo‘lishda davom etadi. “Aholining takror barpo bo‘lishi” tushunchasi keng ma’noda o‘z ichiga aholi tarkibining yoshi, jinsi, ijtimoiy guruhlari, millati, oilaviy holati, ta’lim darajasi, kasbiy tarkibi bo‘yicha rivojlanishi va yangilanishini qamrab oladi. Tor ma’noda esa, aholining takror barpo bo‘lishi – bu avlodlarning tug‘ilish va o‘lim natijasida yangilanib borishidir. “Aholini takror barpo bo‘lishi” kategoriyasi ilmiy muomalaga XX asrning boshlarida kirib keldi, holbuki buni o‘rganishga XIX- XX asrlarda jahonda ro‘y berayotgan demografik o‘zgarishlarni idrok etishga ijtimoiy ehtiyojning ortishi natijasida kirishilgan. Aholi takror hosili qilinishini tug‘ilish va o‘lim mushtarakligi sifatida tadqiq etishga dastlabki urinishlar XVIII asrdayoq matematik L. Eyler tomonidan qilingan. Ammo uzoq vaqt davomida aholining tabiiy harakati ayrim tomonlarini tahlil etishga qiziqish umuman aholi takror hosili qilinishini o‘rganishdan ustun turgan. Faqat XX asr boshida barqaror aholi modeli yaratilishi bilan aholi takror hosil qilinishini uning ichki miqdoriy bog‘liklari bilan birgalikda yaxlit tadqiq etish boshlangan.