Aholining keksayishi
Aholining keksayishi – aholi umumiy sonida katta yoshdagilar ulushining ortishidir. Aholining keksayishi uzoq davom etadigan demografik o‘zgarishlarning: aholining takror hosil qilinishidagi tug‘ilish va o‘lim, qisman migratsiya jarayonlaridagi siljishlar, ular nisbatlarining natijasi hisoblanadi.
Demografiyada bu quyidan qarish nomini olgan. Umuman, aholi qarishining ikki turi mavjud:
- quyidan qarish – aholining tug‘ilish kamayishi oqibatidagi qarishdir;
- yuqoridan qarish – o‘rtacha umr davomiyligining ortishi, tug‘ilish darajasi past bo‘lgan sharoitda katta yoshdagilar o‘rtasida o‘lim darajasining pasayishi natijasidir.
Yuqorida qayd qilingan atamalarda “quyi” va “yuqori” atamalari aholining yosh-jins piramidasi shakli nuqtai nazaridan qabul qilingan. Ya’ni tug‘ilishning kamayishi piramida asosi uzunligini qisqartirishga, katta yoshdagilar o‘rtasida o‘limning kamayishi piramida nayzasimon uchining kengayishiga olib keladi. Odatda, mehnatga layoqatli yoshdan katta bo‘lgan aholi pensiya yoshidagi aholi hisoblanadi. Bu yosh chegarasidan boshlab insonda jismoniy quvvatning zaiflashuvi, ish qobiliyatining susayishi ro‘y beradi, uning ijtimoiy-iqtisodiy, jamiyat va oiladagi mavqeida ham o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Shuning uchun ham iqtisodchilar aholining bu guruhini qariyalar guruhiga kiritadi. Inson organizmida ro‘y beradigan o‘zgarishlar: jismoniy quvvatning zaiflashuvi, ish qobiliyatining susayishi, tashqi ta’sir-larga moslashish va javob reaksiyalarining sekinlashuvi va boshqalar 55-60 yosh chegarasidan yuzaga chiqadi. Demak, keksalik davrining boshlanishiga shartli ravishda O‘zbekistonda belgilangan mehnatga layoqatli yoshning eng yuqori chegarasini asos sifatida olishni va mehnatga layoqatli yoshdan katta bo‘lgan aholi – 55 va undan yuqori yoshdagi ayollar, 60 va undan yuqori yoshdagi erkaklarni qariyalar guruhiga kiritish mumkin, deb hisoblaymiz. So‘nggi yillarda inson umrining keksalik davrini tasniflash bo‘yicha xilma-xil yondashuvlar paydo bo‘ldi. Masalan, gerontologlar tasnifiga ko‘ra, 60-74 yoshdagilar – qariyalar, 75-84 yoshdagilar – keksalar, 85 va undan yuqori yoshdagilar – juda keksalardir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tasnificha, 60-74 yoshdagilar – qariyalar, 75-89 yoshdagilar – keksalar, 90 va undan yuqori yoshdagilar – uzoq umr ko‘ruvchilar, deb hisoblanadi.