Aholini ro‘yxatga olish usullari

Aholini ro‘yxatga olishda ikkita usul: so‘rov o‘tkazish va o‘zini-o‘zi ro‘yxatga olish qo‘llaniladi. Bu usullar so‘rov o‘tkazishda ro‘yxatga olish varaqalarini hisobchi, o‘zini-o‘zi ro‘yxatga olishda esa ro‘yxatdan o‘tuvchilarning o‘zlari to‘ldirishi bilan farqlanadi. So‘rov o‘tkazishda biror-bir shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hisobchi ularning o‘zlaridan bevosita og‘zaki so‘rash orqali oladi, o‘zini-o‘zi ro‘yxatga olishda odatda oila boshlig‘i yoki oilaning yoshi katta a’zosi avval tarqatilgan so‘rov varaqasini to‘ldirib, bu varaqlar ma’lum muddatdan so‘ng yig‘ib olinadi. Bunda hisobchi ularning to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirib chiqadi. Bu ikki usuldan qay biri tanlanishi, birinchidan, aholining tayyorgarlik darajasiga, ikkinchidan iloji boricha kam sarf bilan iloji boricha aniq va mufassal ma’lumot olish maqsadiga bog‘liq bo‘ladi. O‘zini-o‘zi ro‘yxatga olish ham mablag‘ni, ham vaqtni tejash imkonini beradi, biroq bunda ma’lumotlarning aniq bo‘lmasligi xavfi katta. So‘rov varaqlarini to‘ldirishga maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lmagan ko‘p sonli hisobchilarni jalb etish tadbirda ishtirok etayotgan aholi so‘rov varaqlaridagi savollarni to‘g‘ri va aniq talqin etishiga erishish uchun savollar sonini ko‘paytirish zaruratini keltirib chiqaradi. O‘zini-o‘zi ro‘yxatga olish usulida ro‘yxatga olish varaqasi bir oila (uy xo‘jaligi) uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. So‘rov o‘tkazish usulida ro‘yxatga olish varaqalari ro‘yxatga oluvchi hisobchining qo‘lida bo‘ladi. U har bir ro‘yxatga olinuvchi uchun alohida shakl-larni to‘ldirishi mumkin. So‘rov o‘tkazish usulining afzalligi hisobchi bevosita ro‘yxatdan o‘tuvchi bilan shaxsan uchrashishining zarurati bilan izohlanadi. Ammo hamisha ham hisobchi barcha mavjud aholi bilan uchrashish imkoni bo‘lmaydi. Ro‘yxatga olish paytida mavjud bo‘lmagan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oilaning boshqa a’zolaridan, agar yolg‘iz yashaydiganlar bo‘lsa, hatto qo‘shnilaridan ham so‘rash orqali olishga ijozat beriladi. O‘zini-o‘zi ro‘yxatga olishda ham hisobchi nafaqat ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirishga yordam berish, balki ularni bevosita to‘ldirilishida ishtirok etishiga ham ijozat beriladi. Ayrim ro‘yxatga olinuvchilar bilan og‘zaki suhbatlashish varaqning to‘g‘ri to‘ldirilishini ta’minlashda ham juda muhim.